Breaking News

Turkiyada o'zbek imomni kim o'ldirdi?


Imom Abdulloh Buxoriy
Imom Abdulloh Buxoriy

O'tgan hafta Turkiyaning Istanbul shahrida otib ketilgan imom Abdulloh Buxoriyning yaqinlari qotillikda O'zbekiston hukumatini ayblamoqda. Muxolif qarashlari bilan tanilgan va uzoq yillardan beri Turkiyada yashab kelgan dindor markaziy osiyolik muhojir yoshlarga islomiy ta'lim berib kelgan.

Imom Istanbulda dafn etilgan. Juma kuni o'tgan marosimda marhumning yuzlab tarafdorlari qatnashgan. Turk matbuoti xabariga ko'ra, janoza o'qilgan masjidga o'sha kuni “Islom dushmani Karimov to'kkan qonlariga botajak” yozuvi osib qo'yilgan.

Radikal qarashlari bilan tanilgan Buxoriyga uyushtirilgan suiqasd sabablari noma`lum, ammo izdoshlari bu qotillikni siyosiy sabablarga bog'lamoqda.

Turkiyadagi o'zbek faollari jamoatchilikka ancha tanilgan imomning o'ldirib ketilishi mintaqada yangi zo'ravonliklarga turtki berishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

“Abdulloh Buxoriyning minglab shogirdlari bor ekan, nafaqat shogirdlari, balki uni eshitgan, internet orqali ma'ruzalarini tinglagan tarafdorlari ko'nglida ham nafrat uyg'onadi. Turklar ham bu haqda nafrat bilan yozishyapti, izohlab. Bu nafrat yanada kuchayib ketishi, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin" , - deydi ayni paytda Turkiyada yashayotgan o`zbek faollaridan, adabiyotshunos olim Botir Norboy.

"Mana “Qur'on” da sura bor, qasosning muqarrar ekanligi haqida. Bundan kelib chiqib yuragida nafrat saqlayotgan dindor yigitlar qasosga intilishi mumkin. Bu yana qon to`kilishiga xizmat qiladi, mintaqada hozirgacha to'kilgan qonlarning o'zi ham kam emas, Allohning o'zi saqlasin bulardan”,- deydi muhojir.

Turkiya politsiyasi qotillikka aloqadorlikda gumon qilib bir kishini hibsga olgan. Matbuotdagi ma'lumotlarga ko'ra, bu shaxs chechen millatiga mansub, Ukraina fuqarosi ekanligini ko'rsatuvchi soxta pasportga egaligi aniqlangan.

“Yenishafaq” gazetasi o'z manbalariga tayangan holda yozishicha, hibsga olingan odamning yonidan o'ldirilishi rejalangan o'zbek faollari ro'yxati chiqqan.

Unda Abdulloh Buxoriydan tashqari ayni paytda Turkiyada yashayotgan O'zbekiston Xalq harakati yetakchisi Muhammad Solih, uning o'g'li Temur Solih, Qirg'izistondagi taniqli o'zbek imomi Rashod qori nomlari keltirilgan.

“Turk matbuoti bu ro'yxatni bekorga keltirmayapti, to'rt kishi emas, yana ko'proq odamlar ham bo'lishi mumkin bunday ro'yxatda, - deydi Botir Norboy. - Lekin bunaqa ro'yxatlar tuzish, qotilliklar qilish o'zbek davlatchiligi uchun isnod. Juda yomon ish bo'ldi. Xudo ko'rsatmasin, agar bular shunday amaliyotni o'tkazishni rejalayotgan bo'lsa, bu bitta-ikkita odamga emas, butun millatga nisbatan xiyonat bo'ladi. Buning uchun Turkiya hukumati ham javobgar bo'lishi kerak, chunki Solih ancha yillardan buyon Turkiyada yashayapti. Men uni shoir, publitsist sifatida hurmat qilaman, millatimizning fidoyi farzandi. Shunday bir insonga tajovuz qilinadigan bo'lsa, minglab, balki millionlab odamlar aks-sado beradi, afsuski, shunday bo'lishi mumkin”.

Asl ismi Mirzag'olib Hamidov bo'lgan imom Abdulloh Buxoriy diniy ta'qiblar bois O'zbekistondan Turkiyaga qochib ketgan. So'nggi sakkiz yil davomida Istanbulda yashagan imom vatandagi siyosatni tanqid qilib kelgan, shuningdek, radikal qarashlarini ham yashirmagan.

Abdulloh Buxoriyni Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan murojaatlarida O'zbekistonda shariat o'rnatishga va musulmonlarni jihod qilishga undagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG