Breaking News

O'zbek tili kelajagi erkinlik, axborot, ma'rifat va hamkorlik talab qiladi


O'zgan, Qirg'iziston
O'zgan, Qirg'iziston

O’zbek tili nafaqat O’zbekiston, balki qo’shni davlatlardagi millionlab aholi uchun ham ona tili hisoblanadi. “Amerika Ovozi” da bu borada e’lon qilingan maqolalar mintaqa davlatlarida zich yashaydigan o’zbeklar uchun ona tili maqomi, istiqboliga doir muammolarning ancha ko’pligini aniqladi.

O'zbek tili kelajagi erkinlik, axborot, ma'rifat va hamkorlik talab qiladi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:25 0:00

70 millionga yaqinlashgan Markaziy Osiyo aholisining yarmi uchun ona tili hisoblangan o’zbek tili imkoniyatlari axborot tili sifatida ham, madaniy ma’rifiy vosita sifatida ham ochilmagan. Aksincha bu imkoniyatlar boy berilgan, o’zbek tilining iste’mol doirasi torayib bormoqda.

Bu fikrlar xorijda yashayotgan o’zbek ziyolilariga tegishli. Ular ona tilining yengil-yelpi qo’shiqlar bilan emas, haqiqiy adabiyot, san’at, xolis va erkin axborot vositalari orqali asrab-avaylanishini istashadi.

“Dastlab bizning viloyatda o’zbek tili, san’ati, madaniyati darajasini pastga tushib ketishiga O’zbekiston-Qozog’iston bilan hamkorlikning, xususan matbuot va televideniye orasidagi aloqalarning to’xtatib qolgani sabab bo’ldi. Hozirga kelib esa radio va televideniye bor, ammo odamlar radio eshitmaydi, televideniyeni ko’rishadi, ammo u bizning talabimizga javob bermaydi. Sababi O’zbekistonda so’nggi yillarda adabiyot, san’at, matbuot juda orqaga ketdi. Hozirgi televideniye o’zbek madaniyatini oshirishga xizmat qilishi juda qiyin”, - deya kuzatadi Janubiy Qozog’istonda chiqayotgan “Turkiston tonggi” gazetasi Bosh muharriri Rahimtoy Begaliyev.

Mintaqa o’zbeklari orasida uzilish kuchli. Erishilayotgan yutuqlar, namuna bo’lsa arziydigan materiallar yozayotgan ijodkorlar haqida ma’lumotlar kam.

Qirg’izistonlik yozuvchi Rahim Karimov Rossiya yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga taklif olgan. Adib o’zbek, rus va qirg’iz tilida ijod qiladi. Bir nechta romanlari bilan tanilgan. Lekin birorta asari O’zbekistonda chop etilmagan.

Rahim Karimov 1990-yillarda O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi tadbirlarida qatnashgan. Bu orada O’zbekiston lotin alifbosiga o’tdi, qo’shni davlatlardagi o’zbeklar esa kirill alifbosida qoldi. Yozma madaniy aloqalar uzila boshladi.

“Har bir davlat mustaqillikka erishgandan buyon faqat o’zining fuqarolarini tan oladi. Qo’shni fuqarolarni qay darajada tan olishi kerak, buni bilmadim. Mana siz so’radingiz, nega meni Rossiya yozuvchilar uyushmasi taklif qilayapti deb. Lekin nega meni O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi taklif qilmayapti, keling deb? Men o’zi o’zbeklarga kerakmanmi yoki ruslarga yoki qirg’izlarga kerakmanmi? Men o’zi qaysi adabiyot uchun xizmat qilayapman degan o’ylar tug’iladi odamda. Ehtimol bizning darajamiz O’zbekistondagi adabiy muhit talabiga javob bermas, lekin boshqa tomondan nomi chiqqan rus shoirlari mening asarlarimni tan olishayapti-ku”, - deydi yozuvchi Rahim Karimov.

Mintaqadagi o’zbeklar ona tiliga doir mulohazalarda o’zbek tilining axborot tili sifatidagi o’rniga ahamiyat qaratishadi. Internet ommalashib, axborotga tashnalik kuchayib borayotgan bir paytda o’zbek tili imkoniyatidan keng foydalanish avvalo O’zbekistonga bog’liq.

Rahimtoy Begaliyev deydiki, O’zbekiston matbuoti qanday shaklda axborot tarqatmasin, mintaqadagilar vaziyatdan yaxshi xabardor, o’zbeklar O’zbekiston haqida xolis axborot olishni istaydi.

“Ikki milliondan oshiq mardikorlarni Qozog’isonda ishlab yurganini o’ziyoq vaziyat haqida tasavvur beradi. Ammo matbuotda bir-ikki fermerni yutug’ini yoki falon binolar qurilganini ko’rsatib, biz undoq, biz bundoq degani bilan xalqning asl turmushini tushunib turibmiz. Mana butun respublika bo’yicha gaz yo’q, chiroq yo’q. Farg’ona vodiysida odamlar gaz o’rniga opilkalarni yoqib, kun o’tkazishayapti. Bularni o’z ko’zim bilan ko’rib keldim. O’zbekistonda ham ishlaganman, institutlarda dars berganman, haqiqiy ahvol qandayligi haqida gapirishga haqliman”, - deydi Begaliyev.

Rahim Karimov fikricha esa o’zbek tili bugun ham mintaqadagi asosiy axborot tillaridan, ammo bu tashabbus O’zbekiston tomonidan emas.

“Mana “Amerika Ovozi”, deylik, o’zbek tilidagi xizmatga ega. Xuddi shunday “Ozodlik”, “BBC”da ham. Demak, shunday ehtiyoj borligi anglangan. Albatta bu borada tashabbus aslida O’zbekiston tomonidan bo’lishi kerak edi. O’zA, “Xalq so’zi” kabi respublika miqyosidagi nashrlar bor, ammo dunyo miqyosidagi yo’q. “Jahon” agentligi xorijdan asosan O’zbekiston bilan bog’liq tadbirlar haqida xabar beradi, dunyoda bo’layotgan voqealar, masalan Ukraina voqealariga nuqtai nazar bildiradigan muxbirlari yo’q. O’zbekiston jurnalistlari dunyoviy tahlilga aralashishi kerak”, - deydi Rahim Karimov.

O’zbek tili mintaqada rus tilidan keyingi ikkinchi axborot tili. Biroq O’zbekistonda matbuot va internet ustidan keskin nazorat o’rnatilgan. Erkinlik yo’q joyda progress ham bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG