Breaking News

Nyu-Yorkda o'zbeklar sayli


Nyu-York shahrining Bruklin tumanidagi so'lim bir istirohat bog'ida o'zbeklar saylga yig'ildi. Osh damlandi. Kabob tortildi. Vatandoshlar milliy musiqa va raqslardan bahramand bo'ldi. O'yinlar, bolalar uchun mashg'ulotlar... Ajoyib kun bo'ldi, deydi uzoq yaqindan yig'ilgan yurtdoshlar.

29-sentabr kuni Bruklinda bo'lib o'tgan o’zbeklar sayli “Vatandosh” O’zbek-Amerika jamiyati tomonidan uyushtirildi. Unda nafaqat Nyu-York, balki qo’shni shtatlardan ham odamlar qatnashdi.

O’zbekiston madhiyasi bilan boshlangan saylning ochilish marosimida jamoa yetakchilaridan biri Norxo’ja Eshon so’zga chiqdi.

“AQShda yashab ishlayotgan, tahsil olish yoki vaqtincha ishlash uchun kelgan o’zbekistonliklar soni tobora ko’payayotgani sababli yaqinda “Vatandosh” O’zbek-Amerika jamiyatini tuzishga qaror qilgan edik. Biz vatandoshlarimizga ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy, madaniy va boshqa turdagi yordam ko’rsatish maqsadida faoliyat yuritamiz. To’y va hursandchilik bo’ladimi, janoza bo’ladimi, bir-birimizni qo’llab-quvvatlashimiz, bir-birimizga yordam berishimiz kerak”,- dedi otaxon.

Shu yilning yozida tuzilgan “Vatandosh” jamiyati, shuningdek, Amerikada katta bo’layotgan o’g’il va qiz bolalarga o’z madaniyati va tilini unutmaslik, urf-odatlarini o’rganishda yordam beradi.

Tadbirda o’zbek milliy va zamonaviy qo’shiqlari yangradi, raqqosalar o’yinga tushdi. Yosh bolalar uchun turli milliy o’yinlar tashkil etildi. O’smirlar va kattalarda esa volleybol, futbol va tennis o’ynash imkoni bo’ldi. Mehmonlarga o’zbek milliy taomlari tortildi.

“Necha kishi kelganini hozir aytish qiyin, lekin 750 ta shashlik buyurgan edik. 30 kilolik osh damladik. Yetmadi. Ikkinchi qozon osdik”, - dedi tashkilchilardan biri Abdumalik Ahmedov.

“O’zbeklarni bir-biriga qovushtirib, shunday chiroyli tadbirlar tashkil etganlarga rahmat. Baraka topishsin”, - dedi yoshi kattalar stolida o’tirgan bir mehmon.

“Juda yaxshi tashkil etishibdi. Hamma narsani o’ylab qilishgan. Bolalar uchun nima qiziq, boshqalar nima qiladi, hammasini obdon o’ylab qilishgani shundoq ko’rinib turibdi”, - dedi yana bir mehmon.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG