Breaking News

Xorijiy sarmoyadorlarni O'zbekistonga nima jalb etishi mumkin?


O'zbekistonda iqtisod ustidan nazorat siyosatning tayanchlaridan ekan, mamlakatga yirik investorlar kirishi kutilmayapti.

Xorijiy sarmoyadorlarni O'zbekistonga nima jalb etishi mumkin? - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:43 0:00

Davlat tasarrufidagi yirik korxonalar sotuvga qo'yilgan, prezident investorlarga imtiyozlar beruvchi maxsus qarorlar qabul qilgan, ammo bu qulayliklar ham sarmoyadorlarni jalb etishi qiyin deb baholanadi.

Prezident Islom Karimov Vazirlar Mahkamasidagi chiqishida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirok darajasi, xususiylashtirish oqsayotgani, investitsiya kutilganidek jalb etilmayotganini tanqid qilganidan keyin tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy mulkni muhofazalashga qaratilgan bir necha qarorlar qabul qilindi.

Aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qarorda aksiyadarolik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish chora-tadbirlari belgilangan bo'lsa, may oyida tadbirkorlikni rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni barataraf etishga qaratilgan yana bir qaror e'lon qilindi.

Qarorlardan biri aksiyadorlik jamiyatida davlat ulushi bo'lishidan qat'iy nazar, korxonaga nisbatan davlat atamasini ishlatishni taqiqlaydi. Boshqaruvga xorijlik mutaxasisslarni jalb etish, ularga beriladigan maoshni soliqdan ozod etish ham belgilangan.

Davlat tasarrufida bo'lgan qator yirik korxonalarning aksiyalari sotuvga chiqarildi, davlat ulushi qisqartirilmoqda.

“O'zbekiston temir yo'llari”, “Foton”, “Qizilqumsement”, “Navoiyazot” kabi korxonalar, bir necha banklardagi davlat hissalari sotuvga qo'yilgan. Ammo bu imtiyozlar ham xorijlik sarmoyadorlarni O'zbekistonga jalb etayotgani sezilmaydi.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov hukumatning biznesni rivojlantirishga yo'naltirilgan qarorlarini safsatabozlik sifatida baholaydi. Unga ko'ra, mamlakatga pul yotqizish niyatidagi investorlar siyosiy tuzumda hech qanday o'zgarish bo'lmayotganini ko'rib turishibdi.

“Hukumat 1994-yildan buyon davom etib kelayotgan siyosatida o'zgarish qilish niyatida emas. Bu nimada ko'rinadi, prezidentning farmonlarida. Masalan, majburiy to'lovlar, ularda mulkchilikning har qanday ko'rinishidan qat'iy nazar deb belgilanadi. Tovar va xomashyo olib kelish muammosi, investorlarni qo'rqitib turgan konvertatsiya masalasi... bu O'zbekistonda umuman yo'q. Qora bozor bor, davlat kursi bor, bular cho'chitadi. Ular [sarmoyadorlar] aqlli, nima qilishni biladi. O'zbek hukumatini hozirgi investorlarga mo'ljallangan gaplari bu safsata. Ahvol og'irlashib borayotganidan o'zlari investorlarga chiqishga majbur bo'layapti, hatto maoshlarni berolmay qolishaypti. Investorlar esa bunday safsatalarga ishonishmaydi”, - deydi Shosalimov.

O'zbekistonda xorijiy investorlar hissasi 50 foizdan oshiq bo'lgan yirik korxonalar deyarli yo'q. Muhim ishlab chiqarish obyektlarida davlat hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bunday korxonalar mulkchilik shaklidan qat'iy nazar davlat boshqaruvida faoliyat yuritadi.

AQShning "General Motors" kompaniyasi bilan hamkorlikda tuzilgan Asaka avtomobil zavodi mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning yorqin misoli sifatida taqdim etib kelinadi. AQSh kompaniyasining zavoddagi ulushi 25 foizni tashkil etadi.

O'tgan oy AQSh savdo vazirining global savdo bo'yicha yordamchisi Arun Kumar O'zbekistonga safar qilib, Asakadagi zavodni borib ko'rdi, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

O'zbekiston sanoatining shaksiz yutug'i sifatida ko'riladigan bu qo'shma korxona faoliyatida ham muammolar kuzatila boshlagan, eksport hajmi 50 foizdan ko'proqqa qisqargan. Avtomobillarni ichki bozorda milliy valyutaga sotish yo'lga qo'yilgan. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Asaka zavodi bir oyga to'xtatilgan, ishchilar majburiy ta'tilga chiqarilgan.

O'zbekistonga safari chog'ida “Ekonomicheskoye obozreniye” jurnaliga intervyu bergan Arun Kumar AQSh O'zbekiston iqtisodini modernizatsiya qilishda hamkorlikka tayyorligini aytgan.

"General Motors" va Asaka kabi yirik ishlab chiqarish loyihalariga AQSh kapitalini jalb etish, Arun Kumarga ko'ra, sarmayodorlarning o'zlariga bog'liq. AQSh hukumati kompaniyalarga kapital yo'naltirish bo'yicha biror tavsiya bera olmaydi.

Jahongir Shosalimovning aytishicha, hukumat tomonidan xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi qarorda ham mamlakatda ishlayotgan sarmoyadorlar uchun birinchi darajali muammo bo'lib kelayotgan konvertatsiya masalasi tilga olinmagan.

“Islom aka (Islom Karimov) iqtisodni o'zini siyosatiga bo'ysundirib oldi. Mana butun dunyoda erkin bo'lgan konvertatsiya O'zbekistonda erkin emas. Yoki soliq siyosatini oling, hukumat iqtisodga shu darajada o'z ta'sirini o'tkazganki, iqtisod siyosatlashib ketdi. Amalda esa hukumat faqat teskarisini gapiradi. Invesorlar mamlakatga kirishi uchun halol va shaffof boshqaruv bo'lishi kerak, xalq manfaati, sarmoyadorlar manfaati uyg'unlashishi kerak. Shunday uyg'unlik bo'lgan, xorij sarmoyasi kafolatlangan taqdirdagina mamlakatga pul keladi”, - deydi Shosalimov.

Ma'lumotlrga ko'ra, Islom Karimov davlatni iqtisoddagi ishtirokini tanqid ostiga olishi ortidan 70 yaqin yirik ishlab chiqarish obyeklaridagi davlat hissalari sotuvga qo'yilgan.

O'zbekiston hukumati xorijiy investitsiyalar evaziga yirik korxonalarda ishlash chiqarish tizimi modernizatsiya qilinishiga umid bog'lamoqda. Ammo korruptsiya qamrovi o'ta yuqori sanalgan O'zbekistonda bu jarayonning shaffof bo'lishi qiyin.

Xususiylashtirish hukumat atrofida jipslashgan tor doira manfaatlari uchun xizmat qiladi, degan xavotirlar mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG