Breaking News

Qirg’iziston ahli O’zbekistondagi saylov haqida qanday fikrda?


21-dekabr kuni O’zbekiston Oliy Majlisi va mahalliy kengashlarga saylovlar bo’lib o’tadi. Qo’shni Qirg’iziston ahli bundan qanchalik xabardor? Mahalliy o’zbeklar O’zbekistondagi siyosiy jarayonlarga qanday baho beradi?

Qirg’iziston ahli O’zbekistondagi saylov haqida qanday fikrda?/Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:58 0:00

O’shlik quruvchi-muhandis Bahodirjon O’zbekiston telekanallarini muntazam ko’rib boradi.

“Saylovga tayyorgarlik faol ketayotganini ko’rayapmiz. Navbatdagi bu siyosiy tadbir oldinga bir qadam. Saylov o’tkazish amallari tobora takomillashib, xalq farovonligi yo’lida yaxshi xizmat qiladigan deputatlar chiqaversin”, - deydi u.

Siyosiy bo’ronlar, to’s-to’polon, talash-tortishlardan horigan mahalliy aholi vakillari O’zbekistonda hukm surayotgan osoyishtalik, fuqaroviy ahillik, tartib-intizomni olqishlaydi. Ko’pchilik ushbu qadriyatlar davlat yuritayotgan siyosat mahsuli, deb hisoblaydi.

O’sh viloyat Qorasuv tumanilik muallim Akmal Bobojonov qo’shni respublikada kechayotgan jarayonlarni ijobiy baholaydi.

“Biror qaror, qonun yoki dastur qabul qilinayotganda obdon o’ylab, yetti o’lchab bir kesishadi ular”, - deydi suhbatdosh.

Unga o’zbek parlamenti majlislarida jiddiy masalalar bosiqlik bilan, muloqot madaniyatiga rioya qilingan holda muhokama etilishi ham manzur.

“O’zbekistonda demokratiya bor. Qarang, qancha siyosiy partiyalar o’z saylov dasturini e’lon qildi”, - deydi Bobojonov.

Demokratik qadriyatlar poymol etilishi borasida Toshkentga nisbatan tashqaridan bot-bot yangrab turadigan ta’nalar borasida muallim Bobojonov bunday deydi:

“Aytingchi, AQShda inson huquqlarini poymol etish hollari yo’qmi? Yaqinda qora tanli insonni politsiyachi bo’g’ib o’ldirganini qanday baholash mumkin? Qaysi davlatda inson huquqlari poymol etilmayapti o’zi?”

Suhbatdosh tasavvurida O’zbekistonda qonun barchaga barobar. “Millatchilik hollari ko’rinmaydi. Qonun oldida hamma teng, inson ajratish yo’q ekan, demak o’sha o’lkada inson huquqlari kamroq poymol etiladi”, deydi u.

Tadbirkor Iminjon Mo’minovning aytishicha, janubiy qirg’izistonliklarni chegaradan o’tish, bordi-keldi muammolari, an’anaviy o’zaro savdo-sotiqning deyarli to’xtab qolgani tashvishlantiradi.

“Saylovlardan keyin yaxshi o’zgarishlar bo’lsa ajab emas, deb niyat qilayapmiz”, - deydi tadbirkor.

U qo’shni respublikada davlat mulkini xususiylashtirish jarayoni puxta o’ylanganini ta’kidlaydi.

Aytish joizki, qirg’izistonlik ziyolilar ichida O’zbekistondagi vaziyat va jarayonlarga tanqidiy nazar bilan qarayotganlar oz emas. Ayni paytda mahalliy aholi orasida demokratik jarayonlar asta-asta, qadam-baqadam va qonun ustuvorligi ruhida o’tishi ehtimol maqsadga muvofiq yo’ldir, degan fikr tarafdorlari ham yetarli.

XS
SM
MD
LG