Breaking News

O'zbekiston: Mehnat migrantlarining vatanga ijtimoiy-iqtisodiy ta'siri katta


Avstraliyada tadqiqot olib borayotgan o'zbekistonlik olim Jahongir Qahhorov Jorj Vashington universitetida o'tgan "O'zbekiston tashabbusi" konferensiyasida, 6-aprel, 2015-yil.
Avstraliyada tadqiqot olib borayotgan o'zbekistonlik olim Jahongir Qahhorov Jorj Vashington universitetida o'tgan "O'zbekiston tashabbusi" konferensiyasida, 6-aprel, 2015-yil.

Jorj Vashington universitetida “O’zbekiston tashabbusi” nomi ostida o'tgan anjumanda o’zbekistonlik mehnat muhojirlari va qishloq xo’jaligidagi o’zgarishlar haqida ham gap ketdi.

Rossiyada kamida ikki million o'zbekistonlik ishlashi haqida rasmiy ma'lumotlar bor, lekin aslida undan-da ko'p ekani aniq, deydi federatsiyadagi faollar. Ko'plab migrantlar noqonuniy ravishda yuribdi. O'tgan yili O'zbekistonga bu mehnatkashlardan olti milliard dollarga yaqin mablag' kirib kelgan. Bu ham rasmiy ma'lumot. Aslida u ham yuqori bo'lishi mumkin. Moliyaviy ta'sir xususida shubha yo'q biroq masalaning boshqa jihatlari ham bor.

Jorj Vashington universitetida “O’zbekiston tashabbusi” nomi ostida o'tgan konferensiyada bu mavzuga alohida e’tibor qaratildi. Yosh olimlar o’z ilmiy izlanishlari xulosasini taqdim etdi.

O'zbekiston: mehnat migrantlarining vatanga ta'siri katta - Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

Avstraliyaning Griffits universitetida tadqiqot olib borayotgano’zbekistonlik olim Jahongir Qahhorov Rossiyaga yo’l olayotgan mehnat migrantlarining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’sirini o’rganmoqda.

Uning aytishicha, xorijdan jo’natilayotgan mablag’ o’zbekistonlik oilalar topadigan daromadning muhim qismiga aylangan. Shuningdek, Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan migrantlarning o’rtacha ishlash muddati borgan sari oshib bormoqda.

“2006-2007-yillarda mehnat muhojirlarining Rossiyada o’rtacha qolish muddati 4-6 oyni tashkil etgan bo’lsa, 2013-yilga kelib ularning o’rtacha ishlash muddati 8 oyga yetdi”, - deydi Qahhorov.

So’rovlarda muhojirlarning 49 foizi rus tilini yomon bilishini aytgan. Sakkiz foizi esa bu tilda mutlaqo gapira olmaydi. Ammo tilni bilmaslik ishchilarning Rossiyaga kelishiga to’siq bo’la olmayapti, deydi tadqiqotchi.

“Migrantlarning aksariyati qishloqlardagi katta oilalarga mansub va ular, asosan, o’rta maktab ta’limini olgan, xolos. O’zbekistondan Rossiyaga malakali mutaxassislar ketyapti, deb bo’lmaydi. Oddiy ishlarni bajaruvchi malakasiz ishchilar ular”, - deydi u.

Jahongir Qahhorov xorijdan kelayotgan mablag’ning vatanda qanday maqsadlar yo’lida sarflanayotganini ham o’rgangan.

“O’zbekistonda Rossiyaga ishchi jo’natayotgan oilalar topgan daromadlarini, asosan, sog’liq va boshqa oziq-ovqat bilan bog’liq bo’lmagan xarajatlarga sarflamoqda. Daromad o’syapti, ammo shunisi qiziqki, oziq-ovqat uchun xarajat kamaygan. Ta’lim xarajatlari ham oilalar uchun muhim emasligi aniqlandi. Daromad o’ssa ham, ta’lim uchun sarflanadigan xarajatda o’zgarish bo’lmadi”, - deydi tadqiqotchi.

O'zbekiston hukumati siyosati qanday?

“Hech qanday siyosat bo’lmagani yaxshi... Hozirgi qarash ularni ajratish, ayblash, hatto tahqirlashga asoslangan. Tadqiqotimizning ko’rsatishicha, o’zbekistonlik mehnat muhojirlari hukumatning byudjet tanqisligi muammolarini hal qilishga katta hissa qo’shadi. Aholining yirik qismi uchun ular ijtimoiy xavfsizlik kafolati vazifasini bajarmoqda”, - deydi tadqiqotchi.

Anjuman yakunida yangragan xulosa shu bo’ldiki, Rossiyada ishlayotgan o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakat iqtisodiyoti va qishloq xo’jaligiga ta’siri ulkan. Chunki bir necha millionni tashkil etuvchi bu migrantlar mamlakat ichidagi ishga yaroqli aholining salmoqli qismini tashkil etadi.

Rossiya iqtisodiyotining sustlashishi oqibatida bu mamlakat mehnat bozorida yuz berayotgan o’zgarishlar O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va hatto siyosiy hayotida silkinishlarga sabab bo’lishi mumkin degan xavotirlar bor.

The First Uzbekistan Initiative Workshop, Central Asia Program, GWU, April 6, 2015 - Session 2
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:58:40 0:00
Yuklab oling

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG