Breaking News

Vatandagi manzara: O'zbekiston Rog'un yuzasidan Jahon Banki xulosalarini tan olmaydi


O'zbekiston nazarida Rog'un GESi mintaqaviy tahdid manbai
O'zbekiston nazarida Rog'un GESi mintaqaviy tahdid manbai

O’zbekiston matbuoti yana Rog’un GES qurilishi yuzasidan kampaniya boshladi.

“Pravda Vostoka” gazetasining 13 iyul, “Xalq so’zi” gazetasining 14 iyul sonida bosilgan “Yana bir bor Rog’un loyihasini amalga oshirishning oqibatlari to’g’irisida” deb nomlangan maqolaning muallifi ko’rsatilmaydi.

Hukumatning bosh nashrlarida muallifsiz materialning asosiy o’ringa chiqarilishini rasmiy pozitsiya sifatida ham baholash mumkin. Maqola bu mavzuda shu paytgacha chiqqan eng keskini desak bo’ladi.

Unda energetik inqirozda Tojikistonning korrupsiyaga botgan byurokratiyasi ham ayblanadi.

Maqolaga ko’ra, Tojikistondagi elektr quvvatining 50 foizi asosan “TALKO” alyuminiy kompaniyasi uchun ishlatilmoqda.

“…hatto shifoxonlar, maktablar, bolalar bog’chalari elektr tokidan uzub qo’yilgan paytlarda ham aynan shu kompaniya elektr energiyasini uzuliksiz ravishda oladi”,- deyiladi unda.

“Bu “TALKO” alyuminiy kompaniyasi daromadining qariyb to’rtdan uch qismi Tojikistonning korrupsiyaga botgan byurokratiyasining offshor hisob raqamlariga yo’naltirilayotgani bilan izohlanadi. 2010 yilning kuzida o’tkazilgan xalqaro audit natijalari shuni ko’rsatadiki, so’nggi yillarda zavod mahsulotini sotish jarayonida yashirin sxemalar qo’llanishi oqibatida davlat budjeti qariyib 1 millard dollar miqdoridagi daromaddan mahrum bo’lgan”.

Maqoladan xulosa qilish mumkinki, O’zbekiston Rog’un qurilishi bo’yicha Jahon Banki tomonidan o’tkazilayotgan ekspertiza xulosalarini tan olish niyatida emas. Ekspertiza buyurtmachisi Tojikiston ekan, O’zbekiston keskin qarshi.

“… Tojikiston hukumati to’satdan ushbu loyihaning asosligi yuzasidan eskpertiza o’tkazishning buyurtmachisiga aylanib qolganini qanday izohlash mumkin? Buning uchun Jahon Banki Tojikiston hukumatiga, ya’ni buyurtmachiga grant tariqasida 15 million AQSh dollarini deyarli beg’araz ajratdi. Bunday holda qanday xolis, adolatli va mustaqil ekspertiza haqida gap bo’lishi mumkin?” – deyiladi maqolada.

Biroz oldin Jahon Banki vitse-prezidenti, tashkilot bosh iqtisodchisi Jastin Ifu Lin to’rt kunlik safar bilan O’zbekistonda bo’lgan edi. Rasmiylar bilan uchrashuvda bu masala muhokama qilingamni yo’qmi noma’lum, biroq hozirgi vaziyatga ko’ra, xalqaro ekspertiza xulosalari qanday bo’lishidan qatiy nazar, Rog’un masalasida tomonlar pozitsiyasi o’zgarmaydi.

Tojikiston Rog’un GESini mamlakatni energetik inqirozdan olib chiquvchi yagona yo’l sifatida ko’radi. Uning qurulishi mintaqa ekologiyasiga ta’sir qilmasligi, xavf xatar haqidagi xavotirlar o’rinsizligi, suv ta’minoti bilan bog’liq muammo hal etilishini ta’kidlab keladi.

O’zbekiston nazarida esa seysmik faol hududda bunyod etiladigan Rog’un mintaqa uchun tahdid manbai bo’ladi, ekologik vaziyat buziladi va suv ta’minotini izdan chiqaradi.

Har ikki tomon Rog’un masalasida xalqaro maydonda o’z targ’ibotini olib bormoqda.

“Aziya-plyus” nashriga ko’ra 12 iyun kuni Yevpora Parlamentida Tojikiston elchixonasi tashabbusida Rog’un masalasiga doir ilmiy-amaliy konferensiya o’tgan. Anjumanda Yevropa qonunchilariga Rog’un haqidagi xavotirlar o’rinsiz degan axborot berilgan.

O’zbekiston matbuotida esa xalqaro ekspertlarning, xususan Rossiya olimlarining bildirayotgan fikri shuki, Rog’un mintaqa uchun xavfli inshoot bo’ladi.

XS
SM
MD
LG