Breaking News

O'zbekiston va Tojikiston qachon til topishadi? Omma fikri


Rahbarlar muammolarni hal etishga qodirmi?
Rahbarlar muammolarni hal etishga qodirmi?

Tojikiston va O’zbekiston munosabatlari Markaziy Osiyoda eng ziddiyatli mavzulardan hisoblanadi. Ayniqsa, chegara va suv masalalarida tomonlar kelisha olmayapti.

Chegara xavfsizligi va tartibga doir yaqinda o’tgan uchrashuvlar ham natijasiz yakunlandi.

Rahbarlar orasidagi sovuqlik, siyosiy kelishmovchiliklar sabab bir-biriga chatishib ketgan, ikki tilli bir xalq orasidagi rishtalarni qiyinlashtirgan.

Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar shu darajadagi keskinlikka qarab bormoqdaki, ba’zi tahlilchilarning yozishicha, o’rtaga uchinchi kuch aralashmasa bo’lmaydi.

Qo'shnichilikni yaxshilash kerak
Qo'shnichilikni yaxshilash kerak
Тоjikiston shimolidagi «Haqiqati Sug’d» gazetasi Bosh muhariri o’rinbosari Soliboy Dadaboyev deydiki, respublikalar o’rtasidagi sovuqlik hali beri o’rtadan ko’tarilmaydi, vaqt o’tib ham ziddiyat yo’qolmaydi.

“O’zbekistonda kim prezident bo’lishidan qat’iy nazar, u Karimov bo’ladimi yoki Tojikistonda Imomalimi yo boshqasimi, bu masala hal bo’lmaydi. Chunki, bu muammo 80 yillik tarixga, bolta bilan chegara taqsimlangan tarixga borib taqaladi. Shuning uchun, bu muammoning yechimi yo’q va bo’lmaydi ham. Buning hammasi har bir mamlakatning kuch-qudratiga bog’liq. Kim kuchli bo’lsa o’sha musiqa buyuradi va masalani hal etadi. Tamom! Bu bizga mangu ziddiyat bo’lib qolaveradi”.

Тоjikistonda qarindoshlari bo’lgan o’zbekistonlik ziyoli ayolning aytishicha, chegaradan o’tish muammolari ham o’rtadagi sovuqlikni kuchaytirmoqda.

Ikki xalq bir-biriga ko'nglini ham, eshigini ham ochishi kerak
Ikki xalq bir-biriga ko'nglini ham, eshigini ham ochishi kerak
Chegara punktlarida odam shu qadar ko’pki, orada ur-sur bo’ladi, keksayu-yosh azobda, buni so’z bilan ta’riflab bo’lmaydi, deydi u.

“Yovvoyi hayvonlarni qafasga qamab, zanjirlab qo’yilgani kabi bizni xalq. Odamlar aytayapti, axir biz it emas, insonmiz-ku deb”.

Bu o’zbekistonlik fikricha ham hukumat tepasiga yangisi keladimi yo Karimov qoladimi, shu yashash, shu turish o'zgarmaydi.

“ Lekin bir tomondan shunisiga ham xalq rozi, chunki hamma tinchlik tarafdori. Diktatorlik, siyosat degan narsalarni xalqning hammasi ham tushunavermaydi. U yer-bu yerda fikr almashishlar bo’ladi, lekin hech narsa deb bo’lmaydi, izohga hojat yo’q ”.

Keksa shoir Kuloliy nima qilib bo’lsa ham O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilash zarur deydi. Uning nazarida, qo’shnilar bilan til topishmas ekan, vaziyat og'irlashaveradi. Biz hajga bormaylik, mayli, lekin inson qalbini, qo’shnining ko’nglini ovlaylik, deydi u.

“Yo’q, biz zo’rmiz desak, bu mumkin emas. Biz qo’lni qo’lga berish yo’lini tutishimiz lozim”.

XS
SM
MD
LG