Breaking News

Virtual saylov komissiyasi sayti tinimsiz hujum ostida


Virtual saylov komissiyasi
Virtual saylov komissiyasi

O'zbekistonda 29-martda prezident saylovlari. Chet eldagi o'zbeklar orasida muxolif fikrlar bahsi ketmoqda. Muqobil tarzda ovoz berish kampaniyasini boshlagan Virtual saylov komissiyasining veb sayti tez-tez xakerlar hujumiga ucharaypti.

Virtual saylov komissiyasining sayti xakerlar hujumiga uchrayapti-Malik Mansur reportaji
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00

Xorijdagi faollar tashkil etgan Virtual saylov komissiyasi ro'yxatga olgan 12 nomzod uchun ovoz berish 1-martdan boshlandi. Ammo ko'p o'tmay bu sahifa internet tarmog'idan butunlay yo'qoldi.

Tashkilotchilardan biri Muhammadsolih Abutov:

“28-fevral kuni tunda Yevropa vaqti bilan 12:01 da saytda ovoz berish ulandi. Lekin bir soat o'tib sayt mutlaqo internetdan yo'qoldi, hozirgacha yo'q. Haligacha bilmayapmiz qayerga yo'qolganini. Biz xosting sotib olgan kompaniyadan so'rab ko'rdik, ular hammasi yaxshi, bizdan muammo yo'q, deb javob berishdi. Domen sotib olingan kompaniyaga murojaatimizga esa javob kutayapmiz, kechadan buyon ularga xat yozayapmiz”.

Internet orqali ovoz berish 30-martagacha davom etishi ko'zda tutilgan.

Tashkilotchilar yaqin orada eski sahifani tiklash yoki yangisini ishga tushirish harakatida.

Hozir muqobil ovoz berish uchun Facebook tarmo'gidan ham foydalanilmoqda. U orqali mingga yaqin odam muqobil ovoz berishga ulgurgan. Natijalar 29-mart kuni O'zbekiston prezidentligi uchun rasmiy saylovlar o'tishi ortidan e'lon qilinishi kutilmoqda.

“Ovoz berish 29-mart tungi 12.00 ga qadar davom etadi. Bugun 2-mart, demak 27 kun vaqtimiz bor. Hammasi joyiga tushadi, shu yaqin kunlarda sayt tiklanadi yoki yangisini ishga tushiramiz. Lekin biz hujumga uchradikmi-yo'qmi bu haqida ham aniq aytolmayman. Hozir odamlar saytda emas, Facebookdagi e'lonimiz orqali ovoz berayapti. Bu ertaga sayt ishga tushgandan keyin ham davom etadi, hozirgacha bu havola orqali mingga yaqin odam ovoz bergan", - deydi Abutov.

Virtual saylov komissiyasi Islom Karimovni nomzodlar ro'yxatiga kiritmagan. Ammo rasmiy Markaziy saylov komissiyasi ro'yxayga olgan uch nomzod Akmal Saidov, Narimon Umarov va Hotamjon Ketmonovlarga virtual tarzda ovoz berish mumkin.

Bu tashabbus orqali o'zbekistonliklarga taqdim etilayotgan mustaqil nomzodlar asosan xorijda yashayotgan muxolifat vakillari va yosh faollar.

Muxolifat va mustaqil nomzodlar mamlakatdagi saylovlardan doim chetda qolib kelayotgani uchun bu tashabbus ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi.

Virtual saylov komissiyasi ham, saylov g'olibligi ham biron yuridik kuchga ega emas, biroq uzoq yillardan buyon muqobilsiz saylovlar bilan yashab kelayotgan o'zbek jamoatchiligi uchun muhim ahamiyatga ega.

Irlandiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan Abdujalil Boymatov:

"Chunki o'zbeklar tarixida birinchi marta, mayli, virtual bo'lsin, erkin demokratik tarzda saylov o'tkazilmoqda. Muxolifat vakillariga o'z dasturini, O'zbekiston kelajagini qanday ko'rishini taqdim etish uchun imkoniyat berilmoqda. Ro'yxatga olingan 12 nomzoddan 9 tasi bevosita Karimov rejimi tomonidan ta'qibga uchragan odamlar. Geografik jihatdan ham ko'p o'zbeklarga imkoniyat berilayapti. Bu tashabbus o'zbeklarni erkin demokratik jamiyat tomon intilayotganini, O'zbekistonda hozir buning imkoniyati yo'q ekan, dunyo bo'ylab tarqab ketganiga qaramasdan ular O'zbekistondagi erkin jamiyat uchun kurashayotganini ko'rsatmoqda”.

Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, prezidentlikka nomzodlar - Akmal Saidov, Narimon Umarov, Hotamjon Ketmonov va amaldagi rahbar Islom Karimov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG