Breaking News

Tahlilchilar: Karimovning o'ziga ishonchi baland


2012 yil-O’zbekiston tashqi siyosatida turli burilishlar bilan kuzatilsa-da, ichki siyosat nihoyatda sust.

Prezident Islom Karimov asosiy tahdid sifatida Afg’oniston masalasini ta’kidlashda davom etdi, biroq ekstremizmga yetaklayotgan tazyiqlar, qiynoqlar, inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat o’zgarmadi.

O'zbekiston 2012-yilda, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:53 0:00
Yuklab oling

Joriy yil O’zbekiston ichki siyosatida turg’unlikdan farqli, tashqi siyosat uchun voqealarga boy bo’ldi. Ko’pchilik yilning asosiy voqeasi sifatida Toshkent-Moskva aloqalaridagi burilishni ko’radi.

“Muhim voqea - O’zbekistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan chiqishi bo’ldi. Bu qaror ham O’zbekiston tashqi siyosati uchun, ham mintaqadagi xavfsizlik uchun ahamiyatli”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Rossiyalik ekspert Aleksey Malashenko nazarida 2012-yil Toshkent siyosatida biror muhim iz qoldirmagan.

“Toshkent va Moskva o’rtasida uzoq yillardan buyon davom etayotgan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan bog’liq doimiy mojaroni inobatga olmaganda biror burilish kuzatilmadi. Aynan, shunday favqulodda voqealarning yo’qligi mavjud rejimning barqaror qolayotganidan darak beradi. Karimovning o’ziga ishonchi kuchli”, - degan fikrda Malashenko.

Joriy yil mintaqadagi munosabatlar uchun ham keskin davr bo’ldi. Karimov Ostonaga tashrifi chog’ida suv masalasida tortishuv urushga sabab bo’lishi mumkin, dedi.

Tojikiston va Qirg’izistonga qaratilgan bu bayonot turlicha talqin qilindi. Ayrim ekspertlar haqiqatan ziddiyat urushgacha borishi ehtimoldan xoli emas, deydi. Qirg’iziston deputatlari Karimovning bayonotini muhokama qilib ham ko’rishdi.

Bugun real vaziyat shuki, Bishkek Toshkent e’tirozlariga qaramasdan “Qambarota” GESi qurilishi yuzasidan Moskva bilan shartnoma imzoladi. Rossiya Qirg’iziston va Tojikistondagi harbiy bazalari muddatini uzaytirdi, bu davlatlarga jiddiy ko’mak va’da qildi.

“Shunday muhitda Rossiya O’zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqishiga javoban Qirg’zistondagi gidro-inshootlarga samoya ajrata boshladi. Mintaqada o’z harbiy ishtirokini kuchaytirdi, harbiy bazalarini ko’paytirish bo’yicha shartnomalar imzolayapti”, - deydi Tolipov.

O’zbekiston mintaqada ittifoqchilar yig’ishga urindi. Karimov Qozog’iston va Turkmaniston bilan aloqalarini yaxshilay boshladi. Toshkent Kremlning tashabbuslariga pand berar ekan, Moskva-Toshkent munosabatlari ancha taranglashdi.

2012-yil O’zbekiston Oliy Majlisi Karimov taqdim qilgan tashqi siyosat konsepsiyasini ma’qulladi. Prezident bu qonunni o’ta muhim baholaydi. Tahlilchilar hujjat Moskvani tinchlantirish uchun qabul qilinganiga, biroq AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi harbiy hamkorlik, jumladan, turli markazlar tashkil etish rejasiga to’siq bo’lmasligiga ahamiyat qaratishadi.

O’tayotgan yil AQSh va O’zbekiston aloqalari uchun silliq kechgani ta’kidlanadi. O’rtada harbiy-siyosiy muzokarlar muntazam kechib, munosabatlarda ishonch qaror topa boshlagan. Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqishga hozirlik ko’rayotgan Amerika uchun O’zbekiston ahamiyati oshgan.

Malashenkoning aytishicha, AQSh rasmiy Toshkentning avtoritar boshqaruv uslubi o’zgarmasligiga ko’nikkan. O’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda pragmatik siyosat yuritishga o’tgan.

Ichki vaziyat, fuqarolik jamiyati, inson huquqlari bilan bog’liq holat 2012-yil davomida ham o’zgarishsiz qolgan. Mamlakat repressiv davlatlar ro’yxatidan chiqqanicha yo’q.

Faollar tashabbusi doimo nazoratda, tazyiq va ta’qiblar bilan yakun topgan. 2012-yil ham bir necha huquq himoyachisiga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

O’zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli Gulshan Qorayevaga qarshi jinoiy ish amnistiya munosabati bilan to’xtatilgan. Qorayeva huquq-tartibot xodimlarini haqoratlashda aybdor topilgan edi.

“2012-yil shaxsan men uchun juda og’ir keldi, nafaqat o’zim, balki qarindoshlarim ham tazyiqlar ostida qolishdi. Nafaqat men, balki boshqa hamkasblarim ham shu ahvolda, ko’pchilik 15 sutkadan qamoq jazosi oldi. Bu qiyinchiliklarga qaramasdan odamlar hayotida biror o’zgarish qilarmiz deb harakat qilayapmiz. Hokimiyat odamlarni qiynayotgan muammolarga ko’proq e’tibor berishini istayapmiz”, - deydi faol.

2012-yil so’z erkinligi bo’yicha, mustaqil jurnalistlarga ta’qiblardan ham xoli bo’lmadi. Bu bosim natijasida mamlakatdan yana bir mustaqil jurnalist Yelena Bondar chiqib ketdi. O’zbekiston mustaqil matbuot taqiqlangan, internet imkoniyati to’silgan mamlakat sifatida qolmoqda.

O’lkani dunyoga keskin repressiv davlat sifatida tanitgan qiynoqlar o’tgan yilda barham topmadi. Toshkent viloyatidan Shavkatjon Nurmatov o’tgan noyabr oyida hibsxonada vafot etgani yaqinda oshkor bo’ldi. Huquq faollarining aytishicha, Nurmatov tergov davomida qo’llangan qiynoqlardan vafot etgan.

Moskvadagi hibsxonada O’zbekiston tomonidan noqonuniy diniy guruhga a’zolikda ayblanib qidiruvga berilgan Abdusamat Fazliddinov o’z joniga qasd qildi. “Memorial” tashkilotining bildirishicha, O’zbekiston maxsus xizmati tahdidiga uchragan Fazliddinov o’zini osgan.

Mamlakatga G’arb diplomatiyasi emas, jamoatchiligi diqqati oshgani kuzatiladi. Shvetsiya jamoat televideniyesida Gulnora Karimova kattagina moliyaviy qalloblikda gumon qilingan ko’rsatuv namoyish etildi. Natijada Shveytsariya banklarida saqlangan, O’zbekistonga tegishli millionlab dollar mablag’ muzlatildi.

Shvetsiya jamoat televideniyesida Gulnora Karimova kattagina moliyaviy qalloblikda gumon qilingan ko’rsatuv namoyish etildi
Shvetsiya jamoat televideniyesida Gulnora Karimova kattagina moliyaviy qalloblikda gumon qilingan ko’rsatuv namoyish etildi
“Katta bir firibgarlik, Karimov oilasi tomonidan qilingan o’g’irlik fosh bo’ladi deyish mumkin. Bu muzlatilgan mablag’ kimniki bo’lishidan qat’iy nazar, O’zbekiston xalqidan o’g’irlangani aniq. Prezident oilasidan bo’ladimi, boshqami, xalqning haqqiga ko’z olaytirmasligi kerak”, - deydi Shvetsiyada yashovchi o’zbek jurnalisti Qudrat Bobojon.

Shvetsiyada jamoatchilik muhokama qilgan yana bir voqea - muxolifatdagi taniqli imom Obidxon qori Nazarov hayotiga suiqasd sodir etildi. Shved prokuraturasi buning ortida O’zbekiston maxsus xizmati turganini ta’kidladi. Og’ir jarohatlangan Nazarovning salomatligi tiklanayotgani haqida xabarlar bor.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG