Breaking News

Qochqin deb tan olinish murakkab jarayon


Chegarada ushlangan bolalar. 18-iyun, 2014-yil.
Chegarada ushlangan bolalar. 18-iyun, 2014-yil.

Markaziy Amerikadan oqib kelayotgan muhojir bolalar Qo’shma Shtatlarni gangitib qo’ydi. Chegaradan yolg’iz o’tayotgan qiz-o’g’illar qochqin ekanini aytib Amerikada qolmoqchi. Qochqin deb tan olinish esa murakkab jarayon.

AQSh chegarasini minglab bolalar kesib o’tayapti, hukumat esa esankirab qolgan.

BMTning hisobicha, o’tgan yili Salvador, Gvatemala va Gondurasdan 21 mingdan oshiq bola kelgan. Meksikadan yana salkam 19 ming qiz-o’g’il kelgani ma’lum. Joriy yilda raqamlar bundan-da oshishi kutilyapti.

Xalqaro qutqariv qo’mitasidan Anna Grinning aytishicha, ota-onalar bolalarini Qo’shma Shtatlarga jo’natishga majbur, chunki vatani qashshoq, jinoyatchilik qo’rqinchli tus olgan.

“Zo’ravonlikdan qochgan, vataniga qaytsa jabr ko’rishi aniq bo’lgan bolalar Amerikada himoyaga haqli. Lekin hamma ham bunday toifaga kiritilmaydi”, - deydi Grin.

Qashshoqlikdan to’yib yaxshiroq hayot izlab kelganlar, ko’pincha, “iqtisodiy migrantlar” deb ataladi. Qochqinlardan farqli o’laroq, ular vatanini o’z xohishi bilan tark etmoqda.

Qo’shma Shtatlar ostonasiga bosh urib kelgan odam qochqin deb topilmasa, deportatsiya qilinadi.

Ammo qochqinlar o’zi kimlar?

Yana Meyson BMT Qochqinlar agentligida ishlaydi.

“Odam irqi, dini, millati yoki ijtimoiy kelib chiqishi bois ta’qib qilinayotgan bo’lsa, shuningdek, siyosiy qarashlari sabab jazolanishi mumkin bo’lsa, demak u qochqin”, - deydi u.

Meysonning aytishicha, favqulodda holatlarda BMT katta guruhlarni qochqin deya tan oladi. Masalan, Suriyadagi urush yoki Afrikadagi nizolardan qochayotgan odamlarni.

Xo’sh, yo’qsillikdan qochayotgan bola urushdan qochayotgan boladan qanday farq qiladi? Hukumat qanday ajrim qilsin?

Xalqaro qutqaruv qo’mitasidan yana Anna Grin:

“Garchi bu ishlar har xil ko’rinsa-da, himoya sistemasi bir. Kattalarsiz, yolg’iz kelgan bola, vatanini nima sababdan tark etganidan qat’i nazar, himoya bilan ta’minlanadi”.

Amerika chegarasida turgan bolalarga kelsak, deydi Meyson, hujjatsiz bu o’g’il-qizlar o’zini tushuntirib berish imkoniga ega bo’lishi muhim. Boshpana so’rashga haqli ular.

“Xalqaro qonunlarga ko’ra, odam qochqin ekaniga zarracha asos bo’lsa, uni tinglaysiz, darrov ortiga qaytarib yubormaysiz”, - deydi Meyson.

Ekspertlarning aytishicha, chegaradan o’tayotgan noqonuniy muhojirlar masalasini batamom hal qilish uchun, ularni Markaziy Amerikadan qochirayotgan muhitni o’zgartirish kerak.

Qochqin maqomini olish murakkab jarayon - US/Refugee Status
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG