Breaking News

Jahon Banki: Rog’un GESi yuzasidan ekspertiza davom etayapti


Jahon Banki Tojikiston energetika sektorida nobudgarchilikni bartaraf etish loyihasiga qo’shimcha 18 million dollar ajratishini e’lon qildi.

2005-yilda boshlangan proyektdan maqsad mazkur sanoatni oyoqqa turg’azish, kirim-chiqim va moliyaviy hisobotlar to’g’ri yuritilishini ta’minlash hamda kelajakda uni eksportga yo’naltirishdir.

Jahon Banki va Shveytsariya ajratgan grant hisobiga hozirgacha poytaxt Dushanbeda 170 ming elektr schyotchiklari o’rnatilgan. Natijada so’nggi ikki yilda iste’molchilardan haq undirish osonlashib, "Barqi Tojik" korxonasi hozir oldingidan yaxshiroq moliyaviy ahvolda.

Loyiha Tojikiston energetika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan strategik tadqiqotlar o’tkazish, ayniqsa, qish oylarida aholini elektr bilan ta’minlash muammolarini hal etishni ham nazarda tutadi. "Nurek" gidroelektrostansiyasini (GES) ta’mirlash bo’yicha izlanishlar shular jumlasidan.

Jahon Banki bayonotida O’zbekiston va Tojikiston o’rtasidagi janjalli masala – Rog’un GESi qurilishi ham tilga olinib, mazkur loyiha yuzasidan xalqaro ekspertiza davom etayotgani bildirilgan. Xulosalar 2013-yilning mayiga borib e’lon qilinishi kutilmoqda.

Daryodan quyida joylashgan O’zbekiston qo’shni davlat seysmik jihatdan faol hududda yirik to’g’on barpo etayotganini butun mintaqa uchun xavf deb hisoblaydi va suv tanqisligidan shikoyat qilib keladi.

Ammo Rog’unni o’z iqtisodiy-energetik kelajagi uchun strategik deb biluvchi Tojikistonning javobi shuki, “suvdan samarali foydalansak, hammaga yetadi”.

Hukumatlar bu borada achchiq so’zlar almashgan, matbuotda muntazam ravishda tanqidiy maqolalar bosiladi.

Markaziy Osiyoni birdamlik va o’zaro hamkorlikka chorlab kelayotgan Qo’shma Shtatlar Rog’un yuzasidan kelishmovchiliklar xolis va adolatli tarzda hal qilinishi tarafdori.

Vashington ekspertiza davom etayotganidan mamnun, deydi AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Robert Bleyk (Robert Blake).

“Jahon Banki loyihani har tomonlama o’rganib, texnik, ijtimoiy va ekologik jihatlariga xolis baho beradi. Ekspertlar Tojikistonning energetik ehtiyojlarini qondirish uchun zarur chora-tadbirlar qatorida qo’shnilarning ham shikoyat-xavotirlarini hisobga oladi. Markaziy Osiyoda energiya va suv taqsimotiga oid masalalarni muloqot orqali hal qilish kerak”, - deydi Davlat kotibi muovini Robert Bleyk.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG