Breaking News

Suv urush va nizolarga sababchi asosiy omillardan


Suv uchun kurash
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Suv uchun kurash

Iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, havoning ifloslanishi sababli suvning ahamiyati borgan sari dolzarb tus olayapti. Davlatlar suv talashib urushgacha borishi mumkin, degan xavotir kuchli.

Sivilizatsiyalarning paydo bo’lishi va insoniyatning tirik qolishida daryolarning roli katta. Ob-hayot haqida qanchadan-qancha afsonalar, o’gitlar bor. Lekin oxirgi yillarda suv nizo va urushlarga muhit hozirlayapti.

Senat Qurolli kuchlar qo’mitasining so’nggi hisobotiga ko’ra, global xavfsizlikka tahdid soluvchi omillardan biri - aynan ichimlik suvi tanqis ekanidir. Razvedka rahbari Jeyms Klapper senatda shu haqda gapirdi.

Professor Gabriel Ekstayn ahvol haqiqatan murakkab, deydi.

“Aholi soni keskin oshib borayapti va iqtisodiyotlar o’sayapti. Davlatlar o’zining iqtisodini yanada rivojlantirishni xohlaydi va buning uchun ichimlik suvi juda zarur. Iqtisodning har bir sektori suvga bog’liq; xoh energetika, xoh oziq-ovqat, xoh ishlab chiqarish bo’lsin. Hammasi suv talab qiladi”, - deydi professor.

Ekstayn chegara osha o’tadigan suvlar taqsimoti masalasida hukumatlar va tashkilotlarga maslahat beradi. Yechim, deydi u, har bir davlatning ixtiyorida. AQSh va Meksikani misol qilaylik:

“Qo’shma Shtatlar va Meksika uzoq yillardan beri murosa qilib keladi. Suv masalasi bilan alohida komissiya shug’ullanadi va taqsimotga ko’z-quloq bo’lib turadi. Mavjud qonunchilikka tuzatish kiritish mexanizmi ham ishlab turibdi”, - deydi professor.

Bunaqa hamkorlik g’oyat muhim, deydi u. Chunki davlatlar osha o’tadigan suvlarga doir xalqaro qonunlar o’ta umumiy.

“Bu qonunlarni Osiyodagi Mekon daryosi, Amerikadagi Rio-Grande, Yaqin Sharqdagi Iordan daryolariga birday qo’llab bo’lmaydi. Holbuki, har birida sharoit o’ziga xos. Biz esa bir qolipda qaramoqchi bo’lamiz. Umumiy qonunlar doirasida davlatlar o’zaro alohida kelishuvlar ishlab chiqishi kerak”, - deydi Ekstayn.

Bunaqa bitimlar bor. Xitoy va Hindiston Brahmaputra daryosidan kelishib foydalanadi. Sudan, Misr va Efiopiya Nil daryosiga doir bitim imzolagan. Iordan daryosi bo’yidagi mamlakatlar suvni tejabroq ishlatishga kelishgan. Xullas, mamlakatlar huquqiy, texnik va diplomatik yo’llarni qidirib topayapti.

Ekstaynning aytishicha, tarixan suv ixtilof emas, hamkorlik omili bo’lib kelgan.

“Yillar davomida erishilgan bitimlarni, hamkorlik haqidagi shartnomalarni ko’ring. Suv ustida boshlangan nizo va mojarolar sonidan ancha ko’p bunaqa bitimlar”, - deydi tadqiqotchi.

Xalqaro suv kunida rahbarlar talash daryo va dengizlar keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan ixtiloflarning oldini olish haqida o’ylanayapti. Lekin ob-hayot aslida asrlar davomida sayyorani, borliqni bor qilib turganini esda tutishimiz ham kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG