Breaking News

Suriya muxolifati yangi rahbarni tanladi


Abdulbosit Seyda
Abdulbosit Seyda
Suriyaning surgundagi asosiy muxolif guruhi ko'p oylik ichki tortishuvlarga chek qo'yayotgan ko'rinadi. Bugun tashkilot rahbariyati Istanbulda majlis qilib, Abdulbosit Seydani Suriya milliy kengashiga yangi rais etib tayinlagan. Yoshi 50 dan oshgan, kurd millatiga mansub arbob Shvetsiyada yashaydi, universitetda dars bergan.

Safdoshlarining aytishicha, u mo'tadil qarashlarga ega faol. Nomzodi guruh tarkibidagi islomiy kuchlarga ham, dunyoviy tuzum tarafdorlariga ham ma'qul kelgan.

Shu kungacha kengashni Burhon G'aliun boshqarib kelayotgan edi, biroq uning faoliyati tanqidlarga uchragach, lavozimini bo'shatishga rozi bo'ldi.

Kengash Suriya prezidenti Bashar al-Assad tuzumiga qarshi kurashib, o'zini unga muqobil kuch sifatida ko'rsatishga harakat qiladi. A'zolar sobiq rais G'aliun tashkilotda islomiy arboblarga haddan tashqari ko'p vakolat berganidan, mamlakat ichkarisidagi yoshlar bilan hamkorlik yaxshi yo'lga qo'yilmaganidan shikoyat qilib, tortishgan edi.

Yangi rahbar Abdulbosit Seydaning aytishicha, kengash isloh etiladi va imkon qadar ko'p muxolif guruhlar bilan hamkorlik qilinadi.

"Suriya xalqining haqiqiy vakili ekanimizni namoyish etamiz", - deydi u.

Huquq faollariga ko'ra, kecha mamlakat bo'ylab sodir bo'lgan zo'ravonliklarda kamida 52 odam o'lgan. 20 nafari janubdagi Dar'o shahrida nobud bo'lgani aytiladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, rasmiy Damashq Eron va Livandagi Hizbulloh jangari guruhi yordamida tinch aholini qirmoqda.

Isroil Suriya rahbariyatini insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, mojaroni hal etish uchun xalqaro kuchlar aralashuvi kerak, deydi.

Rossiya intervensiyaga chorlovchi da'vatlarni rad etib keladi, ammo Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning kecha aytishicha, rasmiy Moskva Assadning ketishiga qarshi emas, agar Suriya xalqi shunday istak bildirsa.
XS
SM
MD
LG