Breaking News
Din

Diniy erkinlik fuqarolik haqlarini buzyaptimi?


Diniy erkinlik huquqi himoyachisi, Indianapolis, Indiana, 27-aprel 2015-yil.

Vashingtonda diniy erkinlik bo'yicha o'tgan uch kunlik sammitda e'tiqod erkinligi, inson huquqlari va iqtisodiy farovonlik o'rtasidagi bog'liqlik o'rganildi.

"Amerika diniy erkinlikni nafaqat axloqiy jihatdan to'g'ri bo'lgani uchun, balki u jamiyatlarni mustahkamlab, iqtisodiy taraqqiyot va tinchlikka boshlashi sababli ham qo'llab-quvvatlaydi", - dedi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Anjumanda ozchilik diniy guruhlarni tazyiqlardan asrash hamda diniy erkinlikka to'siq bo'layotgan huquqiy muammolarni bir yoqli qilish masalasiga ham e'tibor qaratildi.

AQShdagi ahvolning o'zini tanqid qilayotganlar ham yo'q emas. Ayrim faollarga ko'ra, Tramp ma'muriyati saylovchilariga xush yoqish uchun diniy erkinlikni fuqarolik huquqlaridan ustun qo'ymoqda.

"Diniy erkinlik qayta talqin qilinmoqda. Bu huquq, agar diniy qarashlaringizga to'g'ri kelmasa, boshqalarning huquqini tortib olish deb ta'riflanmoqda", - deydi Dindan erkinlik jamg'armasi deb nomlanuvchi mamlakatning eng yirik dahriylar tashkiloti rahbari Anni Lori Geylor.

Prezident Trampni dindor odam deb bo'lmaydi. U e'tiqodi haqida kamdan-kam gapiradi, lekin "imkon qadar ko'proq" cherkovga borib turishini aytadi.

2016-yilgi saylovda Trampning g'alaba qozonishida injilchi nasorolarning hissasi katta. Tramp prezident bo'lsa, diniy erkinlikni yanada mustahkamlashga va'da bergan edi.

Diniy erkinlik va fuqarolik huquqlari o'rtasidagi muvozanat

Diniy erkinlik va fuqarolik huquqlari o'rtasida chegara bormi? Bu haqdagi bahslar tarixi uzun. Masala hatto Oliy sudgacha yetib borgan.

Tramp prezidentlikka saylangach, Oliy sudga va quyi pog'ona sudlariga diniy qatlam huquqlarini himoya qilishga moyil konservativ nomzodlarni tavsiya qildi. Diniy erkinlik bo'yicha prezident qarori ham chiqdi.

2017-yil mayda chiqgan qaror barcha hukumat idoralariga fuqarolar va diniy faoliyat bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar erkinligini himoya qilishni buyurdi.

Farmonga ko'ra, soliq idorasi diniy va axloqiy masalalar uchun kurashgan idoralarni va shaxslarni jarimaga tortishi mumkin emas. Shuningdek, Moliya, Mehnat va Sog'liqni saqlash vazirliklariga diniy asosga ko'ra xodimlarini homiladorlikdan saqlovchi vositalar bilan ta'minlashni rad etgan tashkilotlarni bunday talabdan ozod etish vazifasi topshirildi.

Trampning din siyosati

Prezident Tramp dindorlar huquqini himoya qilishni o'zining asosiy maqsadlaridan biri deb e'lon qilgan. Amalda bu ish bilan, asosan, uning Adliya vaziri Jef Seshns shug'ullanmoqda.

Metodistlar cherkovining taqvodor a'zosi hisoblanadigan Seshns o'tgan yili oktabr oyida ko'rsatma chiqarib, barcha federal agentliklarni amerikaliklarning diniy e'tiqodini ta'minlashga chaqirgan edi.

Ushbu ko'rsatmada diniy erkinlikka oid 20 ta tamoyil sanalgan. Unda xodimlarning diniy e'tiqodi hurmat qilinishi va har kim o'z e'tiqodi talabiga ko'ra ma'lum bir ishni bajarish yoki bajarishdan bosh tortish huquqiga ega ekani qayd etilgan.

Gomoseksual juftlikka nikoh tortini pishirishdan bosh tortgan koloradolik shaxs ishi Oliy sudgacha yetib bordi. Davlat departamenti tomonidan himoya qilingan bu shaxs sud tomonidan o'z e'tiqodiga ko'ra ayrim mijozlarga xizmat ko'rsatishdan bosh tortish huquqiga ega deb topildi.

Bunday choralar diniy erkinlik tarafdorlari tomonidan olqishlangan bo'lsa, fuqarolik huquqlari faollarining keskin tanqidlariga ham duchor bo'ldi.

Nyu-Yorkdagi Amerika-Islom aloqalari kengashi hamda Kolumbiya Huquq maktabining Jamoatchilik huquqlari/Shaxsiy e'tiqod loyihasi e'lon qilgan bayonotga ko'ra, prezidentning farmoni ko'pchilik diniy e'tiqod egalari huquqlarini ozchilik diniy guruhlar hisobidan ta'minlamoqda.

Faollar fikricha, noan'anaviy jinsiy oriyentatsiyadagi shaxslar, ayollar, ozchilik diniy e'tiqod vakillari va dinsizlar huquqlari diniy erkinlik nomi ostida toptalmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG