Breaking News

Chorshanba kuni 2012 yilgi yozgi Olimpiya o'yinlarining mezboni aniqlanadi


2012 yilda yozgi Olympiya o'yinlarini o'zida qabul qilish huquqini qo'lga kiritish uchun kurash olib borayotgan besh shaharning rahbarlari va sportchilari Singapurga yakuniy ovoz berish uchun to'plandilar. Nomzod-shaharlar orasidan Moskva, London, Parij, Nyu York va Madrid o'rin olganlar. 116 a'zodan iborat Xalqaro Olimpiya Qo'mitasining bugun bo'lib o'tgan majlisida har bir nomzod shahar vakili ertaga bo'ladigan yakuniy ovoz berishdan oldin yana bir bor o'z da'volarini e'lon qildilar. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyr bu sharafli imkoniyatga London munosib, dedi.

"Sportga muxabbatimiz baland. Biz sportning odamlarni birlashtirish, tarbiyalash, hayotlarini yaxshilash qobiliyatiga egaligiga ishonchimiz yuqori," dedi Britaniya rahbari.

London shu paytgacha Olimpiya o'yinlarini o'zida ikki marta o'tkazgan. Fransiya prezidenti Jak Shirak ham so'nggi marta 81 yil ilgari Olumpiya o'yinlarini qabul qilgan Parij shahrining g'olib chiqishini juda istashini ma'lum qildi. Parij 1992 va 2008 yilgi yozgi Olimpiya o'yinlarini qabul qilish uchun kampaniyalarni boy bergan edi. Da'vogar yana bir shahar - Nyu York. Hech qachon o'zida Olimpiya o'yinlarini o'tkazmagan shaharning hokimi Maykl Blumberg, Nyu York 2001 yilning 11 sentyabridan keyin o'zining irodasini namoyon qilganini va bu kabi yirik sport musobaqasini qabul qilishga munosib ekanini ta'kidladi.

"Amerika va Nyu York misoli bir yiqilib tushgan, biroq darhol oyoqqa turib, ilgarigisidan ham tezroq chopib ketgan sportchiga o'xshashligini barchangiz ko'rdingiz," dedi Blumberg.

Ilk bor Olimpiya o'yinlarini o'tkazish imkoniyatiga ega Madridni qo'llab-quvvatlash uchun Singapurga Ispaniya Bosh vazir Rodrigez Zapatero va qirolicha Sofiya tashrif buyurdilar. 1980 yili Olimpiya o'yinlarini qabul qilgan Moskva shahri ham yana mezbon Olimpiya shahri bo'lishdan umidini uzgani yo'q. G'olib ertaga kunning ikkinchi yarmida aniqlanadi.

XS
SM
MD
LG