Breaking News

Eron Qirg'iziston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirmoqchi


Eron Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Qirg’iziston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga urinmoqda.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo Qirg’iziston esa bu tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Eron sarmoyasini mamlakatga olib kirishga shay.

Qirg’iziston prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar bo’yicha xalqaro instituti bosh mutaxassisi Iqbol Mirsaitovning aytishicha, Qirg’iziston va Eron Islom Respublikasi o’rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar 15 yil avval rivojlana boshlagan.

“Eronlik savdogarlar har yili Qirg’izistonning O’sh va Bishkek kabi yirik shaharlarida savdo mollari ko’rgazmasi tashkil qilmoqdalar. Eron Qirg’iziston bilan o’zaro manfaatlar asosida hamkorlik aloqalari o’rnatishga intilmoqda. Hozirgacha Eron va Qirg’iziston o’rtasida turli sohalarda hamkorlik qilish to’g’risida qisqa va uzoq muddatli juda ko’p shartnoma va bitimlar imzolandi”, - deydi Iqbol Mirsaitov.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, ayni paytda Qirg’izistonda yuzdan ortiq Eron shirkatlari va qo’shma korxonalari faoliyat yuritmoqda. 2006 yilda Qirg’iziston va Eron o’rtasidagi savdo qiymati qariyb 12 million dollarni tashkil qilgan.

Qirg’izistonning moliya, sanoat hamda savdo vazirliklari vakillari chet el sarmoyalarini jalb qilish dasturi doirasida Eron rasmiylari va tadbirkorlari bilan muzokara olib bordilar. Shuningdek, Eron mulozimlari ham Qirg’izistonda bo’lib, qirg’iz rasmiylari bilan uchrashganlar.

Uchrashuvlar davomida eronliklar Qirg’izistonda avtomobil sanoati, energetika, kommunikatsion texnologiyalar va qurilish sohasiga sarmoya yotqizish rejalarini bayon qilganlar.

2006 yil yozida Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Qirg’izistonga tashrif buyurishi mumkinligi to’g’risida mahalliy ommaviy axborot vositalarida xabarlar paydo bo’lgan. Ammo Eron prezidentining tashrifidan maqsad nima ekani xuddi uning Qirg’izistonga kelmagani sababi kabi jamoatchilik uchun mavhum qoldi.

Iqbol Mirsaitovga ko’ra, Qirg’iziston va Eron aloqalari ayni bosqichda iqtisodiy manfaatlar asosida qurilgan.

“Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega, Qirg’iziston esa tashkilotning a’zosi. Iqtisodiy va madaniy sohalarda Qirg’iziston va Eron hamkorligi istiqbolga ega deb o’ylayman”, - deydi mutaxassis.

Terrorizmga qarshi kurash bo’yicha AQSh bilan hamkorlik qilayotgan Qirg’iziston hukumati Eronning yadro dasturi yuzasidan muayyan bayonot e’lon qilmagan. Ammo Qirg’iziston Tashqi Ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov AQSh va Eron o’rtasida harbiy nizo chiqqan taqdirda, Bishkek yaqinidagi aksilterror koalitsiyasiga qarashli “Gansi” harbiy havo bazasi Eronga qarshi harbiy amaliyotlar uchun qo’llanilmasligini ma’lum qilgan.

Qirg’iziston prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar bo’yicha xalqaro institut bosh mutaxassisi Iqbol Mirsaitovning aytishicha, “Gansi” bazasi faqat Afg’onistondagi amaliyotlarda foydalanish sharti bilan joylashtirilgan. Shuning uchun ham amerikaliklar Qirg’izistondagi bazadan Eronga qarshi amaliyotlarda foydalana olmaydi.

“Umuman olganda, AQSh va Eron o’rtasidagi kelishmovchilik Qirg’izistonning muammosi emas”, - deydi Iqbol Mirsaitov.

XS
SM
MD
LG