Breaking News

Vashingtonda Alisher Navoiy ijodiga bag'ishlangan simpozium o'tdi


O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi AQSh Kongressi kutubxonasi bilan hamkorlikda Vashingtonda Alisher Navoiy va uning merosi bo’yicha simpozium uyushtirdi. Anjuman tashkilotchilarining ba'zilariga qaraganda tadbir O’zbekiston-AQSh munosabatlari sovuq bir paytda muhim ahamiyatga ega.

Simpozium ikki davlat o’rtasidagi siyosiy aloqalarni yaxshilay olmasada, Alisher Navoiy shaxsi va merosi g’arbliklar uchun Markaziy Osiyo mintaqasining inson sivilizatsiyasi va demokratik taraqqiyotga qo’shgan bevosita hissasini tushunishga yordam beradi. AQSh Kongressi kutubxonasining Eron, Afg’oniston va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Ibrohim Farxodiyning aytishicha, Navoiy o’sha paytlardayoq demokratik qadriyatlarni olg’a surgan.

"Navoiy inson huquqlari haqida so’zlagan. Inson qadriyati haqida. U insonlarni kim bo’lishidan qati’y nazar bir-birini hurmat qilishga chaqirgan."

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Frederik Starrning aytishicha, Alisher Navoiy Sharqni yaxshiroq tushunishga xizmat qiladigan muhim vositadir.

"Navoiy o’zbek madaniyatini to’laligicha ifoda etmasada, uning eng muhim qismi hisoblanadi. Markaziy Osiyo madaniyatiga qiziqishi bor g’arbliklar uchun darvozadir. Bu darvozaning bir tomoni zamonaviy davrga yuz tutsa, boshqa qismi boy tarixiy o’tmishga nazar tashlaydi. U davrining eng yaxshi xislatlarini o’zida mujassamlashtirgan."

Alisher Navoiy shaxsi, ijodi, boy merosi va uning bugungi kundagi ahamiyatini tahlil qilish uchun simpoziumga O’zbekistondan va AQShning o’zidan navoiyshunoslar to’plandilar.

Ulardan biri, Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining kafedra dotsenti Dildora Obidjonovaning aytishicha, anjumanning Vashingtonda o’tkazilishi bejiz emas.

"Alisher Navoiy va uning g’oyalari hali ham o’z aktualligini yo’qotmagan va madaniyatlaro hamfikrlik va hamjihatlikni targ’ib qilishda muhim ro’l oynaydi. Navoiy diniy tolerantlik, madaniy bag’rikenglik haqida ko’p gapirgan."

O’tgan yili Navoiyning “Lisonut-Tayr”, ya’ni “Qushlar tili” asarini ingliz tiliga o’girishda katta hissa qo’shgan yosh olim Shavkat Azimov ushbu asar mohiyati haqida ma’ruza qildi.

O’zbek madaniyatining chet-eldagi faol targ’ibotchilaridan hisoblangan fransiyalik Frederik Bressan Navoiy asarlarining inglizcha tarjimalariga ehtiyoj katta, deydi.

“Chig’atoy juda ham murakkab til. Hattoki zamonaviy o’zbeklar uchun ham. Shu sabab Navoiy asarlarining tarjimasi qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. G’arbliklar sifatli she’riyatdan bahramand bo’lar edilar.”

Shavkat Azimovning aytishicha, AQShning yetakchi kinokompaniyalaridan hisoblangan “Uolt Disney” “Qushlar tili” asaridagi bir hikoyaga qiziqish bildirgan.

Simpoziumga Vashingtonda Alisher Navoiy haykalini o’rnatishga zamin yaratuvchi tadbir sifatida ham qarash mumkin. Ayni damda AQSh hukumati bilan kelishgan holda haykal uchun joy qidirilmoqda. Vashingtonda Maxatma Gandi, Uinston Cherchil, Mustafo Otaturk, Taras Shevchenko kabi chet-el siyosiy arboblari va mutafakkirlariga bag’ishlangan yodgorliklar bor. AQSh poytaxtida Alisher Navoiyga ham haykal o’rnatilishi uning ijodi va shaxsiga bo’lgan ehtiromdan darak bo’ladi.

XS
SM
MD
LG