Breaking News

Yevropada yangi rahbarlar, yangicha siyosat


Yevropada bugun yangi rahbarlar hukmron. Germaniya kansleri Angela Merkel ketidan, Nikolya Sarkozi Fransiya prezidenti, Gordon Braun esa Buyuk Britaniya bosh vaziri etib saylandi.

AQSh-Yevropa munosabatlari esa o’tgan yillar mobaynida bir necha bor sovuqlashdi. Ayniqsa 2003 yilda AQSh Iroqqa bostirib kirganidam keyin.

Hozirda savdo va biznesga urg’u berib, aloqalarni yaxshilash haqida so’z bormoqda. AQSh-Yevropa orasida savdo yiliga 1 trillion dollarni tashkil etadi, o’zaro sarmoyalar deyarli 2 trillion dollarga yetgan.

Yevropa rahbarlarining o’zgarishi, tahlilchilar fikricha, trans-atlantik munosabatlarga ham ta’sir etmoqda.

"Toni Bleyer prezident Bushga ergashgani uchun, Jak Shirak esa Bushdan o’ta uzoqlashgani uchun tanqid qilinar edi", - deydi tahlilchi Jon Hulsman. "Hozirda yangicha tartib, ya’ni Amerikaning do’sti bo’lib turib ham, u bilan kelishmaslik mumkin, degan g’oya vujudga kelgan".

Ammo yevropaliklar ko’zida, Amerika hamon boshqalar manfaatini bir tiyinga olmaydigan mamlakat. Yevropada ko’pchilik AQSh tashqi siyosati ko’zlagan maqsadlardan xavfsiraydi.

Londonlik siyosatshunos Dana Allinning aytishicha, Yevropa va AQSh Yaqin Sharqdagi vaziyatga turlicha qaraydi. Yevropaliklar nazarida barqarorlik kaliti Isroil-Falastin muammosini yechishda. AQSh esa arab dunyosini isloh qilishda deb biladi.

Yevropa aholisi AQSh Iroqda urushni davom ettirarkan, musulmonlar ko’nglini ovlay olmaydi degan fikrda. Shuningdek, deydi ular, Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopish, mahbuslarni esa AQShdan tashqariga olib chiqib so’roq qilish odatini to’xtatish darkor.

“Tashqi siyosat va xavfsizlik borasida ham qarashlar turlicha. Yevropa murosani, dushman bilan muloqot va muzokarani xush ko’radi va har qanday urushga qarshi. AQSh nazarida esa ba’zida bir tomonlama va oldindan chora ko’rish ma’qul”, - deydi siyosatdon Maykl Brenner.

Xalqaro sahnada AQSh va Yevropa bir yoqadan bosh chiqarib ishlasa, muammolarni yechish osonlashadi, deydi u. Ittifoqchilar har qanday mavzuda ochiq gaplashib olishni odat qilishi lozim.

Mutaxassislar ta’biricha, Eron masalasi – AQSh-Yevropa munosabatlari uchun sinov. AQSh Eron atom inshootlariga hujum qilishni so’nggi chora deb biladi.

“Agar AQSh hech kim bilan maslahatlashmasdan, Tehronga hujum qilsa”, -deydi Xulsman, “Yevropa bilan ittifoqchilik poyoniga yetadi”.

Ammo ba’zi mutaxassislarning aytishicha, Fransiya va Britaniya kabi davlatlar AQSh pozitsiyasini quvvatlayotgan ko’rinadi. Masalan, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi Eronga qarshi harbiy hujum katta talofat olib kelishini aytsa-da, shu bilan birga Tehronni atom qurolini yaratishiga ham yo’l qo’ymaslik kerak, demoqda.

XS
SM
MD
LG