Breaking News

AQSh: Arab dunyosi Iroqni Erondan himoya qilishi lozim


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Iroqqa qo’shni davlatlarni Bag’dod bilan diplomatik, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirishga undamoqda. Maqsad, deydi Rays xonim, mintaqada Eron nufuzini pasaytirish.

Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistoni va Baxraynning Bag’dodda elchixona ochish rejalarini olqishlagan edi, biroq bu va’da amalga oshgani yo’q. AQShning o’zi Bag’dodda 700 million dollarga yangi elchixona qurgan.

AQSh Iroqni arab dunyosining to’liq bir qismi sifatida ko’rmoqchi deydi Kondoliza Rays. Shuning o’zi, Vashington nazarida, Eronning tobora o’sib borayotgan nufuziga qarshi qalqon bo’lib xizmat qiladi.

Oq uy Eronni Iroqning ichki ishlariga aralashayotganlikda, Iroqdagi shia jangari guruhlariga ko’maklashayotganlikda ayblaydi.

Kondoliza Raysning aytishicha, Iroqda Al-Qoida va sunniy jangari guruhlari avvalgidek kuchli emas. Eng notinch Anbar, Ramadi va Falluja shaharlarida xavfsizlik yaxshilangan, deydi u.

AQSh Eron bilan diplomatik aloqalarga ega emas, biroq Tehron bilan Iroqdagi ahvol yuzasidan maslahatlashib turadi.

XS
SM
MD
LG