Breaking News

Qochqinlar muammosini hal etish Iroq hukumati zimmasida


Amerikaning bir guruh qonunchilari Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiga maktub yo’llab, neft savdosidan tushayotgan daromadning bir qismini qochqinlar hayotini yaxshilash uchun sarflashni so’ramoqda.

BMTning Qochinlar agentligi hisobiga ko’ra 2003 yilda urush boshlanganidan beri 4,5 milliondan ziyod iroqlik uyini tark etgan. Ularning 2,5 millioni ichki qochqinlar. Qolganlari asosan Suriya va Iordaniya kabi qo’shni davlatlarda yashamoqda.

Iroq byudjetida bu yili ichki qochqinlar uchun ajratilgan pul 6 million dollardan 13 million dollarga oshdi. Rasmiy Bag’dod qo’shni davlatlarga qochqinlar ehtiyoji uchun qo’shimcha 25 million dollar ham ajratgan. AQSh qonunchilarning aytishicha, neft narxining ko’tarilishi Iroqqa yil oxiriga borib 60 milliard dollar daromad keltiradi.

Demokrat kongressmen Vilyam Delaxantning aytishicha, Iroqni tiklash borasida moliyaviy yuk asosan Qo’shma Shtatlar gardaniga tushmoqda. Iroq hukumati moliyaviy mas’uliyatni o’z bo’yniga ola boshlashi kerak.

“Biz Maliki hukumatini ichki va tashqi qochqinlarga bir milliard dollar ajratishga chaqiryapmiz”, - deydi Delaxant. Unga ko’ra, bu neftdan kutilayotgan daromadning atigi 4 foiziga teng.

Qonunchi Jeyn Xarmen fikricha qochqinlarni vatanga qaytarishdan oldin Iroq iqtisodiyotini yaxshilash zarur.

“Qayta qurish amalga oshsa, mamlakat zamonaviylashsa ish joylari paydo bo’ladi. Xavfsizlik yaxshilansa qochqinlar vataniga qaytadi”.

AQShda boshpana topayotgan iroqlik qochqinlar soni shu yil oktyabrda 12 mingga yetishi mumkin. Buning uchun 208 million dollar ajratgan. AQSh rasmiylari nazarida Iroq hukumati yordamni arab davlatlari va AQShdan kutmasdan o’z moliyaviy hissasini oshirishi kerak.

XS
SM
MD
LG