Breaking News

Sulhga qaramasdan Rossiya Gruziyaga yurishini davom ettirmoqda


Gruziya hukumatining bildirishicha, Rossiya qo’shini, kechagi sulhga qaramay, poytaxt Tbilisi tomon yurishda davom etmoqda.

Rus harbiylari va bronetransportyorlar kolonnasi strategik shahar – Gorini kesib o’tgan.

Prezident Mixail Saakashvili so’zlariga ko’ra, Rossiya armiyasi poytaxtni qamal qilishni rejalamoqda. Gruziya qo’shini Tbilisini tish-tirnog’i bilan himoya qilishga tayyor deydi Saakashvili.

Saakashvili g'arbdan xafsalasi pir bo'lganini aytmoqda. Rossiyaning bizga nisbatan hujumiga Vashington keskinroq munosabat bildirishi kerak edi deydi u.

Ba'zilar mojaroni Gruziyaning o'zi keltirib chiqargan deya ayblar ekan, Prezident Saakashvili bu xildagi "haqoratomuz va asossiz" gaplardan "to'ygani"ni aytmoqda. Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziyaning tarkibiy qismi deydi u.

Kreml Gruziyadagi urushni to'xtatishga buyruq bergan. NATO – Shimoliy Atlantika harbiy bloki esa tomonlarni murosaga chaqirar ekan, Gruziyani a'zolikka qabul qilish muzokaralari davom etadi demoqda.

NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer fikricha, Rossiya va Gruziya o'rtasida konstruktiv muloqot o'rnatilishi zarur. Gruziya suverenitetini hurmat qilish lozim deydi u.

"Har ikki davlat urush boshlanishidan avvalgi vaziyatga qaytishi shart",- deydi NATO rasmiysi.

"Odamlar yordamga muhtoj, vaziya og'ir. Qonli to'qnashuvlar ro'y bergan hududga gumanitar yordam yetkazilishi kerak. Har ikki davlat bunga yo'l berishi shart", - deydi u.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev harbiy harakatlar tugadi deydi. Biroq Gruziya rasmiylari bu yolg'on demoqda. Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya ikki davlat o'rtasida vositachilik qilmoqda.

NATO shu yilning aprelida Gruziyani a'zolikka qabul qilishni muhokama qilgan. Gruziya rasmiylari nazarida mamlakat a'zolikka kirganida Rossiya unga qo'l ko'tara olmas edi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, bu urush Gruziyaning NATOga kirish haqidagi orzusini chippakka chiqargan bo'lishi mumkin. Chunki Gruziyani safiga qabul qilsa, alyans mintaqadagi mojaroga botishi muqarrar. Biroq NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer rasmiy Tbilisining a'zolik masalasi hamon kun tartibida deydi.

Kecha Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Fransiya rahbari Nikolya Sarkozi o’rtasidagi muzokara ketidan olti bandli sulh rejasi ealon qilingan edi.

Sulhga erishildi, ammo Medvedev fikricha tinchlik qaror topishi uchun, bu bitimning o’zi yetmaydi, xalqaro nizom ishlab chiqilishi shart. Ungacha Rossiya qo’shini shay holatda turadi deydi u.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi hozir asosiy maqsad urushni bas qilish, vaziyat g’oyat mushkul deydi. Uning nazarida mintaqadagi barcha muammolarni shu damda hal qiluvchi hujjat tuzish mavridi emas.

Medvedev fikricha Rossiya armiyasi Gruziyada qo’yilgan vazifani bajargan, mintaqadagi aholi xavfsizligi ta’minlangan. Kreml g’arbning Gruziyaga xayrixohligidan norozi.

"Xalqaro qonunlar ikkiyoqlamachilikni man qiladi",- deydi Medvedev. "Minglab odamlarni o’ldirgan insonni terrorchi deb atab turib, xuddi shunday jinoyat qilgan boshqa shaxsni suveren davlat prezidenti deb atash to'g'ri emas",- deydi Rossiya prezidenti.

Medvedev va Sarkozi taklif qilgan tinchlik rejasiga ko’ra, xalqaro hamjamiyat Janubiy Osetiya va Abxaziya maqomi bo’yicha muzokara boshlashi zarur.

O’tgan hafta oxirida Gruziya qo’shini Janubiy Osetiyaga hujum qilgach, Rossiya armiyasi Gruziyaga yurish boshlagan.

Rossiya va Gruziya bir-biri ustidan Xalqaro Jinoyatlar bo’yicha Gaaga tribunaliga shikoyat qilmoqda.

Janubiy Osetiyadagi so’nggi qurolli mojaro mintaqada 1992 yildan buyon qayd etilgan eng mudhish voqea deya ta’riflanmoqda. Janubiy Osetiya fuqarolari Rossiya tarkibidagi Shimoliy Osetiyaga qo’shilish istagini bildirib keladi.

Gruziya ko'proq yordam so'rar ekan, AQSh diplomatik harakatlarni kuchaytirayapmiz deya javob bermoqda.

Kondoliza Rays tinchlik qaror topishi uchun tomonlar bergan va'dasiga amal qilishi lozim deydi u.

Katta Sakkizlik davlatlari tashqi ishlar vazirlari orasida muzokara boshlangan.

"Gruziyaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti hurmat qilinishi zarur", - deydi Rays. "Saakashvili Gruziyaning demokratik yo'l bilan saylangan rahbari va urushdan katta talofat ko'rgan Gruziyani tiklashda ko'makka tayyormiz",- deydi Kondoliza Rays.

XS
SM
MD
LG