Breaking News

Yaponiyada yakkahokimlikka chek qo'yildi


Yaponiya Bosh vaziri Taro Aso partiyasi saylovlarda mag'lubiyatga uchragach, Liberal Demokratik partiya rahbarligidan ketishini ma'lum qilgan. Muxolifat so'nggi 55 yil ichida ilk bor g'alaba qilib, parlamentning 480 deputatli quyi palatasida 308 o'rinni qo'lga kiritgan.

Taro Aso partiyasi mag'lubiyatida yolg'iz o'zini ayblaydi. Amerika ovozi muxbiri Kurt Achinning Tokiodan xabar berishicha, muxolifatdagi Yaponiya Demokratik partiyasi rahbari Yukio Xatoyama yangi bosh vazir bo'ladi.

Xatoyamaning aytishicha, bu uzoq kutilgan g'alaba bo'ldi.

"Yangicha siyosatga vaqt keldi," deydi u.

Mutaxassislarga ko'ra, saylovchilar o'z ovozlari bilan muxolifatga xayrihohligini emas, balki hokimiyatdagi partiya faoliyatiga nisbatan noroziligini ko'proq namoyish etgan. Aksariyat saylovchilarga ko'ra, 55 yildan beri hokimiyat tepasidan tushmay kelgan konservatorlar xalq va uning muammolaridan uzoqlashib ketdi, iqtisodiy inqirozga yechim topa olmadi.

Bo'lajak rahbar Xatoyama bolali oilalarga moddiy yordam berishga, yirik korporatsiyalar ta'sirini kamaytirishga, tashqi siyosatda esa Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga va'da bergan. Jumladan Janubiy Koreya bilan.

Bunga javoban rasmiy Seul ham Xatoyama bilan yaqindan ishlashini aytmoqda.

Qo'shma Shtatlar Yaponiyada hukumat o'zgarayotganiga qaramay ikki tomonlama munosabatlar mustahkam qolishiga umid qilmoqda.

Kolumbiya universitetida Yaponiya bo'yicha mutaxassis, professor Jerald Kurtis nazarida Tokiodagi yangi hukumat AQShga nisbatan oldingidagidek o'ta yaqin bo'lmasligi mumkin.

Yukio Xatoyama 30 kun ichida parlamentning maxsus majlisida bosh vazir etib saylanishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG