Breaking News

AQSh Kongressi yangi rag'bat dasturini qabul qilmoqchi


Prezident Barak Obama AQSh tarixida eng yirik iqtisodiy rag'bat dasturiga imzo qo'yganidan deyarli bir yil o'tib, AQSh Iqtisodiy maslahatchilar kengashi rahbari Kristina Romer iqtisodiyotni tiklash uchun qo'shimcha choralar zarur deydi.

Kongress dastur doirasida 787 milliard dollar ajratgan edi. Uning orasida ishsizlarga moddiy yordam va shtatlarga iqtisodiy ko'mak ham bo'lgan. Romer dasturdagi ba'zi moddalar uchun yordamni uzaytirish kerak, deydi. Bundan tashqari Oq uy rasmiysi yangi ishchilarni yollagan kompaniyalar va yonilg'ini tejaydigan usullarni ko'p ishga solgan fuqarolarga soliq imtiyozlari berishni taklif qilmoqda.

AQShda ishsizlik sur'ati 10 foizni tashkil qilar ekan, har oyda 85 mingga yaqin kishi ishidan ayriladi. Biroq, deydi Kristina Romer, 2009 yil boshida ahvol bundan ancha yomon edi.

"Obama ma'muriyati ish boshlaganida oyiga 700 mingga yaqin kishi ishsiz qolayotgan edi. Jarayonni sekinlashtirishga muvaffaq bo'ldik", - deydi mutaxassis.

Muxolifatdagi respublikachilar tanazzulni sekinlashtirmasdan, Barak Obama saylovlarda va'da qilganidek, iqtisodiyotni yaxshilash vaqti keldi, deydi.

Respublikachilar partiyasi markaziy qo'mitasi raisi Maykl Stilning ta'kidlashicha, Obama ma'muriyati mamlakatni bir yil boshqarganiga qaramay, hali ham ishsizlik jiddiy muammo, sog'liqni saqlash tizimi isloh qilinmagan, AQSh qarzi 13 trillion dollarga yetgan, siyosatda mavhumlik ko'p.

O'tgan oy demokratlar ko'pchilikni tashkil etuvchi Vakillar Palatasi ishsizlikka barham berishga qaratilgan yana bir rag'bat dasturidan iborat qonun loyihasini tasdiqladi. Shu kunlarda Senat ham uni muhokama qilishi kutilmoqda.

Ayrim mutaxassislar hozirgi tanazzulni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yomoni deb, ishsizlik bir necha oy ichida ortga chekinishini bashorat qilmoqda. Biroq boshqalar nazarida muammo kuchayib, Qo'shma Shtatlar yana krizis domiga tortilishi mumkin.

Amerika iqtisodiyotini tuzatishga harakat qilayotgan bir paytda Xitoy 2009 yilning eng ilg'or eksportchisi sifatida e'tirof etildi.

Xitoy Bojxona qo'mitasi raqamlariga ko'ra, o'tgan yili mamlakat 1,2 trillion dollarga teng mahsulotni chetga sotgan.

Osiyo taraqqiyot banki mutaxassisi Juan Zyanning aytishicha, Xitoy bu borada Germaniyadan o'zib ketdi.

"Buning ajablanarli joyi yo'q, chunki Xitoy ancha katta davlat".

Iqtisodiyotining hajmi bo'yicha jahonda AQSh va Yaponiyadan keyin turuvchi Xitoy avtomobil va po'lat ishlab chiqarishda ham jahonda birinchi o'rinda.

So'nggi paytda Xitoyda ishlangan ba'zi mahsulotlar iste'molchi davlatlar noroziligiga uchragan.

Ayni damda AQShda Xitoydan import qilingan bolalar taqinchoqlari tarkibida kadmiy kimyo moddasining bo'lish ehtimoli tekshirilmoqda.

Kadmiy, bungacha Xitoy o'yinchoqlarida topilgan qo'rg'oshin kabi zaharli modda bo'lib, bolalar miya salomatligiga tahdiddir.

Mahsulotlar sifatini nazorat etuvchi komissiya raisi Inez Tenenbaumning aytishicha, Xitoy kompaniyalari mahsulotlari sifat talablariga javob bermasa, ularga jarima solinadi.

XS
SM
MD
LG