Breaking News

Prezident Obama ishbilarmonlarni hamkorlikka chaqirmoqda


Prezident Barak Obama Vashingtonda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan davra suhbati o'tkazib, tanazzulga barham berishda hukumat bilan hamkorlikka da'vat etdi.

"Qarzni kamroq olib, ishlab chiqarishni ko'paytirish kerak. Fuqarolarimizni ish bilan ta'minlab, eksportni kuchaytirish lozim. Kelajakda muhim sanalgan sanoatlarga sarmoya qilib, soha mutaxassislarini tayyorlash kerak", - deydi prezident Obama.

Ishbilarmonlar bilan uchrashuv chog'ida davlat rahbari o'z iqtisodiy siyosatini tushuntirib, davlatda xususiy biznesga aralashish yoki uni nazorat qilish rejasi yo'q dedi.

"Kasod yoqasida turgan kompaniyalar o'z rahbarlariga millionlab dollar mukofot pullari to'lab, jamoatchilik g'azabini keltirdi. Shuning uchun ularning maoshini cheklashga majbur bo'ldik. Bu firmalar hukumatdan olgan yordam pulini qaytargandan so'ng ularning ishiga ortiq aralashmaymiz", - deydi Obama.

AQSh rahbari xususiy biznesdan mamlakat infratuzilmasini kuchaytirishda, tadqiqot, ta'lim va islohotlar bobida hukumatga yordam berishni so'radi.

Barak Obama arzon ishchi kuchiga uchib, mahsulotlarini xorijda emas, AQShda chiqarib, amerikaliklarni ishga yollagan kompaniyalarga imtiyozlar va'da qildi.

Kecha Senat prezidentning ishsizlikni kamaytirishga qaratilgan 15 milliard dollarlik dasturini ma'qulladi.

Barak Obama sog'liqni saqlash tizimi islohotiga ham to'xtalib, ishbilarmonlardan uni qo'llab-quvvatlashni so'radi. Bugun prezident Oq uyda ushbu masalani har ikki partiyaning Kongressdagi yetakchilari bilan muhokama qilgan.

Prezident bilan uchrashuvda ishtirok etgan ishbilarmonlar yirik kompaniyalar rahbarlari. Bu firmalarning yillik umumiy daromadi 6 trillion dollarga teng bo'lib, 12 milliondan ziyod ishchisi bor.

XS
SM
MD
LG