Breaking News

Qandahor uchun hal qiluvchi jangga tayyorgarlik boshlangan


Afg’oniston janubidagi portlashda bugun kamida 13 odam o’lgan, 40 nafari jarohat olgan. Xurujlar Hilmand viloyatida dehqonlarga bepul urug’ tarqatilayotgan joyda sodir etilgan.

AQSh admirali Mayk Myullenning aytishicha, xalqaro koalitsiya va mahalliy armiya Qandahorda hal qiluvchi kurashga tayyorgarlik ko’rmoqda.

Tolibon qarorgohi sanalmish Qandahor uchun olishuvga taraddud ishlari ancha oldin boshlab yuborilgan. Amaliyot yoz boshiga mo’ljallanmoqda. Pentagon rasmiylarining aytishicha, AQSh harbiylari shaharga kirish-chiqish yo’llarini qo’riqlamoqda.

Operatsiyaga AQSh armiyasi maxsus bo’limlari jalb qilingan. “Ular mahalliy aholi bilan ishlamoqda”, - deydi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jeff Morrel. “Tolibonga qarshi kurashda qabila yetakchilari, aholining hissasi beqiyos”,-deydi rasmiy.

Prezident Barak Obama va’da qilgan 30 ming qo’shimcha askar sekin-asta Afg’onistonga yetib kelmoqda. Aksariyati notinch janubda, Qandahor va Hilmand atrofida joylashishi kutilmoqda.

Yil boshidan beri janubdagi shahar – Marjada toliblarga qarshi hujumlar o’tib, operatsiyada bir necha ming AQSh va afg’on askari qatnashmoqda.

Qandahordagi jang ko’lami bundan ancha katta bo’ladi, deydi rasmiylar.

Taxminlarga ko’ra, bu amaliyot ikki oy davom etib, avgustda, Ramazon oyiga qadar tugaydi.

XS
SM
MD
LG