Breaking News

Sentyabrgacha Iroqda 50 ming amerikalik askar qoladi


AQShning Iroqdagi kuchlari qo'mondoni general Rey Odiyernoning aytishicha, Bag'dodda siyosiy beqarorlik va xurujlar ko'payganiga qaramay, AQSh qo'shinlari avval kelishilgan jadvalga muvofiq mamlakatni tark etadi.

General Odiyernoning bildirishicha, Iroqda ko'p yutuqlarga erishildi, ammo muammolar ham talaygina. Parlament saylovlari ketidan siyosiy partiyalar haligacha hukumat tuzmagan. Iroq kuchlari to'liq tayyorgarlikdan o'tmagan va AQSh harbiylari yordamiga muhtoj.

Ayni damda Iroqda 95 ming amerikalik askar bor. Kelasi bir necha oy ichida ularning yarmi vataniga qaytadi.

"Reja o'zgarmagan. Har holda favqulodda holat yoki yirik mojaroga yuz tutmaguncha, undan qaytish niyatimiz yo'q. 1 sentyabrgacha Iroqda 50 ming qo'shin qoladi", - deydi general.

Odiyernoning aytishicha, ular Iroq armiyasiga yordam beradi, aksil-terror operatsiyalarda ishtirok etadi, so'ng 2011 yil oxirigacha mamlakatdan chiqariladi.

AQSh generali Iroqda zo'ravonlik nisbatan pasaygan, al-Qoidaga jiddiy zarar yetkazilgan, deydi.

"Shunga qaramay ular begunoh odamlarga qarshi xurujlar uyushtirishga qodir, biroq iroqliklar al-Qoida mafkurasini qabul qilmaydi", - deydi u.

7 mart kuni parlament saylovlari o'tkazilganidan beri poytaxt va uning tevaragida xurujlar ko'paygan. Rey Odiyerno armiya va politsiyani kuchaytirish kerak, deydi.

"Iroq xavfsizlik kuchlari hozir al-Qoida ketiga tushgan, tayyorgarligi ancha yaxshi", - deydi general.

Odiyerno nazarida qo'shni Eron Iroq barqarorligiga tahdid solmoqda.

"Eron jangarilarni tayyogralikdan o'tkazib, ta'sirini oshirishga intilyapti. Saylov natijalariga ta'sir qilishga ham uringan", - deydi u.

Biroq Odiyerno nazarida iroqliklar milliyatchi xalq sifatida Eronga tobe bo'lmaydi.

XS
SM
MD
LG