Breaking News

Alisher Soipovni kim o’ldirgan? Jinoiy ish qayta ochildi


O’sh viloyati prokuraturasi jurnalist Alisher Soipovning o’ldirilishi bo’yicha jinoyat ishini qayta ochdi. Tekshiruvlar 2013-yili to’xtatilgan edi. Bu haqda marhumning ukasi Shohruh Soipov bildirdi.

So’z erkinligini himoya qilish bo‘yicha xalqaro uyushmaning (IFEX) muvofiqlashtiruvchisi Aynura Yeshenaliyevaning mahalliy matbuotga ma’lum qilishicha, Soipovning o‘ldirilishi bo‘yicha ish 29-avgustda qayta ochilgan.

“Biz har yili rasmiylarga o‘ldirilgan jurnalistlarning ochilmagan jinoyat ishlari bo‘yicha so‘rov jo‘natib turamiz. Alisher Saipovning ishi bo‘yicha so‘rovnomani Bosh prokuraturaga 12-iyulda jo‘natganmiz, ular esa bizga 30-avgustda javob berdi”, - deb bildirgan Yeshenaliyeva "Kloop" onlayn nashriga.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda marhum jurnalistning ukasi qotillikka nima va kimlar sabab bo‘lgani oshkor bo‘lishidan umid qilayotganini aytdi.

“12 yil avval akamni o‘ldirgan qotilni topish mumkin bo‘lmasa kerak. Lekin nima uchun o‘ldirishgan, qotillikka kim sabab bo‘lgan? Bizning oilaga, jamoatchilikka bu haqda ochiq-oydin ma’lumot berilishidan umid qilamiz”, - deydi u.

Shuningdek, u akasi o‘ldirilgan vaqtda yonida bo‘lgan yagona guvoh, siyosatshunos Iqbol Mirsaitov so‘roqqa olinishini talab qilmoqda.

“Mana 12 yildirki Mirsaitov bizdan o‘zini olib qochadi. Hatto bizga - Alisherning yaqinlariga ham o‘sha kecha nima bo‘lganini, bilganlarini aytishni istamayapti. Iqbol Mirsaitov 2010-yili bir martagina sudga keldi. Unda ham faqat 15 daqiqaga. Advokatlarning barcha savollariga esa “eslolmayman” deb javob bergan. Hech yo‘q tergov asnosida Mirsaitov bilan uchrashishga ham tayyormiz. Oilamiz uni nimadadir ayblashdan olis. Jabrlanuvchi qatori uning ham fikrini tinglashni xohlaymiz. Akamning oxirgi damlardagi ahvoli haqida bilishni istaymiz”, - deydi Shoxrux Soipov.

Alisher Soipov o‘ldirilgan kechada yonida bo‘lgani aytilayotgan Mirsaitov “Amerika Ovozi” muxbiriga hozircha bu haqda biror izoh bermasligini bildirdi.

Alisher Soipov 2007-yili 24-oktabrda O‘sh shahrining markaziy ko‘chalaridan birida otib ketilgan. 2010-yili jurnalistning o‘limida gumondor qatori fuqaro Abdufarid Rasulov qo‘lga olingan. Uning avtomobilidan Soipov otilgan markadagi to‘pponcha topilgan. 20 yilga sudlangan Rasulov ikki yil o‘tib, Oliy sud tomonidan ozod qilingan. Gumonlanuvchining qarindoshlari sudga jinoyat sodir etilgan kuni u qarindoshlari bilan birga to‘yda bo‘lganini isbotlovchi videokasseta topshirishgan. Ish 2012-yili qayta ochilib, 2013-yili dekabrda to‘xtatilgan.

Alisher Soipov “Amerika Ovozi”, “Ozodlik”, “VVS”, “Fergana.ru” kabi xalqaro medialar bilan hamkorlik qilgan. U asosan siyosiy, diniy, inson huquqlari mavzularida turli maqolalar yozgan. Shuningdek, “Siyosat” haftalik gazetasiga asos solgan edi.

U 2005-yili Qirg‘izistondagi revolyutsiyani hamda ayni o‘sha yili yuz bergan Andijon voqealarini yaqindan yoritish orqali jamoatchilik nazariga tushgan.

Alisher Soipov otib ketilganda endigina 26 yoshda bo’lgan. Uning ortida bir qizi qolgan.

Marhum jurnalist 2018-yili Andrey Saxarov nomidagi "Mardlik uchun" ordeni bilan taqdirlangan.

Shuningdek, Soipovning ismi Vashingtondagi “Newseum” axborot muzeyiga yozilgan. U yerdagi memorial dunyo bo‘ylab xizmat vaqtida qurbon bo‘lgan jurnalistlarni xotirlash uchun ochilgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG