Yatsenyuk: Ukraina o'z kelajagini o'zi belgilashga qodir

  • Amerika Ovozi

Arseniy Yatsenyuk, muvaqqat bosh vazir

Arseniy Yatsenyuk, muvaqqat bosh vazir

Ertaga Ukrainada prezident saylovlari. Muvaqqat bosh vazir Arseniy Yatsenyuk yurtdoshlarini ovoz berishga, tartib saqlashga va qonun ustuvorligini hurmat qilib, vijdonan ish tutishga undamoqda.

“Xorijdan quvvatlanayotgan banditlar kelajagimizni hal etishimizda to’sqinlik qila olmaydi. Ovoz bering, kimni rahbarlikka munosib ko'rishingizni ayon eting. Saylov xalq irodasini aks ettirsin”,- deydi u, bugun xalqqa murojaat qilar ekan.

Kiyev Rossiyaga qarata, “ertangi saylov natijasini tan olib, bizni tinch yashashga qo’y” qabilida chaqiriqlar yo’llagan.

Rossiya rahbari Vladimir Putin saylov natijasini qabul qilishga tayyor ekanini aytgan va yangi hukumat Ukraina sharqidagi norozi kuchlarga nisbatan qurol ishlatmaydi degan umidda.

Tahlilchilar deydiki, Putin G’arb sanksiyalari ta’sirini anglay boshlagan va aggressiyani pasaytirayotgan bo’lsa, ajabmas.

So’nggi kunlar ichida bu hududda yuz bergan to’qnashuvlarda 13 askar halok bo’lgan.

Kiyev tarafini olib kelayotgan AQSh Ukrainada barcha guruhlarni qurolni tashlashga chaqirib, separatistlarni qoralamoqda. Saylov buzilsa, ayb bo’lginchilarda bo’ladi, deya ogohlantirmoqda Vashington.

Yatsenyuk deydiki, ertaga hech qanday harbiy operatsiya amalga oshirilmaydi. Bugun mamlakat bo’ylab sukut saqlandi, ya’ni biror siyosiy targ’ibotga yo’l qo’yilmadi.

Prezidentlik uchun 21 kishi kurashmoqda. Shokoladchi-milliarder Petro Poroshenko oldinda ketmoqda. Ikkinchi o’rinda sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG