Breaking News

Rustam Inoyatov senatorlikdan ketdimi?


Rustam Inoyatov
Rustam Inoyatov

Uzoq davr mobaynida O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatini boshqargan Rustam Inoyatov senatorlar ro’yxatidan o’chirilgani haqidagi xabarlardan to’rt kun o’tib, uning ism-sharifi Oliy Majlis Senatining rasmiy sahifasida yana paydo bo’ldi.

Senat sahifasidagi ma’lumotda senator Rustam Inoyatov Rasulovich O’zbekiston Prezidentining siyosiy-huquqiy masalalar bo’yicha Davlat maslahatchisi emas, balki Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Davlat maslahatchisi sifatida taqdim etilgan.

Shu yilning yanvar oyida MXX raisligidan ozod qilingan Inoyatov Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko’ra senat a’zoligiga va Prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo’yicha Davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi.

Rustam Inoyatov lavozimidagi o’zgarish nimadan darak berishini izohlash qiyin, Prezident devonida hozirgacha Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Davlat maslahatchisi lavozimi borligi noma’lum edi.

MXX sobiq rahbarining senatorlar ro’yxatidan tushib qolganini tasodifga, texnik muammolarga ham yo’yish qiyin, chunki Oliy Majlis Senatining eski veb sahifasida senator Rustam Inoyatov O’zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi sifatida ko’rsatilgan.

Senatning yangilangan saytida Rustam Inoyatov Prezident tomonidan tayinlangan senatorlar ro’yxatidan tushib qolgan edi. Senat o’z rasmiy sahifasidagi senatorlar ro’yxatini matbuotdagi chiqishlardan to’rt kun o’tib to’ldirayotgani ham xatolik tasodif emasligini ko’rsatayotgandek.

MXXga uzoq yillar rahbarlik qilib kelgan Rustam Inoyatov shu yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan lavozimidan ozod qilingan edi.

Marhum prezident Islom Karimov davridan kelayotgan siyosiy qudratlardan biri sifatida ko’rilgan Inoyatovning iste’fosi Mirziyoyev tomonidan MXX faoliyatining keskin va davomli tanqid qilinishi bilan kuzatilgan edi.

“Har bittasini o’zim qarab ishga qo’yaman. Bizga milliy xavfsizlik xizmati kerak, lekin adolatli, halol, pok odamlar kerak. Hokimning orqasidan, davlatning boshqa idoralari orqasidan poylaydigan odamlar kerak emas, bo'ldi, u zamon tugadi. Qo’lidan kelmasa vallomatini ham ishdan olaman. Shuni hammanglar bilinglar. Davlat davlatchiligini qiladi. Hamma o’zini ishi bilan shug`ullansin. Ularga bunaqa huquqni bergan bo’lsa oldingi rahbarlar, endi u rahbar yo’q. Xalq menga ishondimi, shu ishonchni oqlayman, kim bo’lishidan qat’i nazar bular. Pagonni kim bergan bularga, xalq bergan”, - degan edi Mirziyoyev MXX faoliyatini keskin tanqid ostiga olgan chiqishlaridan birida.

MXX faoliyati keskin tanqidga uchrashiga qaramasdan, idoraning uzoq yillik rahbari ishdan olinar ekan, unga darhol senatorlik maqomi berildi. Bundan tashqari, Inoyatov prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo’yicha Davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Inoyatovning Senat rasmiy sahifasida taqdim etilgan yangi amali – Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish bo’yicha Davlat maslahatchisi lavozimi, o’z vakolatiga ko’ra, Prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo’yicha maslatachisi rolini anglatadimi yoki bu mutlaqo boshqa lavozimmi, hozircha aniq emas.

Inoyatov MXX raisligini tark etganiga qaramasdan bugungi kunda ham Karimov davridagi boshqaruvni tamsil etib kelayotgan asosiy qudratlardan biri sanaladi.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchi Alisher Ilhomov fikricha, hukumatining asosi Karimov davridagi amaldorlardan iborat bo’lgan Mirziyoyev yangi kadrlarga o’ta muhtoj, siyosiy elita orasida sobiq tuzum tarafdorlari ko’pligini yaxshi tushunadi.

“Inoyatov Karimov davridagi boshqaruvga xayrixoh bo’lgan siyosiy elita uchun qudrat ramzi sifatida qolmoqda. Barqarorlik kafolati sifatida ko’rilgan sobiq rejim kuch ishlatar tizimlari asosida qurilgan edi. Bu rejimni suyab turgan aksariyat amaldorlar hokimiyatdan chetlatildi, ammo ularda hokimiyatga qaytish umidi yo’qolmagan. Mamlakatdagi biror bir favqulodda vaziyat bu odamlarni hokimiyatga qaytarish uchun qulay imkoniyat sifatida taqdim etilishi mumkin”, - deydi Ilhomov.

Rustam Inoyatov Milliy xavfsizlik xizmati idorasini 1995-yildan 2018-yilga qadar boshqardi. U lavozimdan olinishi ortidan MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirildi. MXXning yuqori mansabdagi bir qator amaldorlariga nisbatan xizmat vakolatini suiiste’mol qilish, yirik miqyosdagi moliyaviy qallobliklar aybi bilan jinoiy ishlar qo’zg’atildi. Ular orasida MXX sobiq raisi bo’lgan Rustam Inoyatovning o’rinbosarlari ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG