Breaking News

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi ilk bor vatandoshlar bilan jonli muloqot qildi


Vatandoshlar bilan muloqot, AQSh-Kanada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

AQSh-Kanada: Vatandoshlar bilan jonli muloqot

22-avgust kuni O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi AQSh va Kanadadagi vatandoshlar bilan ilk bor jonli, ochiq muloqot o'tkazdi.

Elchi Javlon Vahobov, konsul Faxriddin Mo'minov, shuningdek, Toshkentdan Tashqi va Ichki ishlar vazirliklarining rasmiylari ikki yarim soat davomida dolzarb mavzulardagi savollarga javob berdi.

Savol-javob jarayonini "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova olib bordi.

O'zbekistonlik immigrantlar, talaba va mutaxassislar asosan pasport tizimi, bu boradagi islohotlar, vatanga kirib-chiqish hamda konsullik xizmati xususida murojaat qildi.

Yangi pasport tizimi kerak emas, degan chaqiriq va takliflar yangradi. Ko'plab vatandoshlar nazarida O'zbekiston chet elga chiqish uchun yangicha pasport joriy etib, xato qilmoqda va ortiqcha mablag' sarflamoqda.

"Qolimizdagi biometrik pasportning nimasi yomon?" - deya so'radi Vashingtonda Jahon bankida ishlovchi Nodir Zokirov.

Amaldagi pasport xalqaro standartlarga javob beradi. Birgina chet elga chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) so'rash tizimini bekor qilish uchun nega yangi pasport ishlab chiqish kerak? Amaldagi pasport qolsin, mayli, ichki shaxsiy guvohnoma bo'lsin, deya taklif qildi u. Qonunni buzganlikda ayblanayotgan fuqarolarni tutishning boshqa yo'llarini qo'llansin, masalan, ma'lumot axborot tizimi ishlab chiqilsin, deya undadi Zokirov va unga hamfikr boshqa vatandoshlar.

Rasmiylarning javobi shuki, bu masala obdon o'rganilgan, uzoq muhokama va maslahatlardan kelib chiqqan holda sistemani yangilashga qaror qilingan.

O'zgarishlar 2019-yildan kutilmoqda. Yangi pasport tizimiga o'tish bosqichma-bosqich olib boriladi, deydi Ichki ishlar vazirligi vakillari. Muddati bitmagan pasport va chiqish uchun ruxsatnomasi bor odamlar hozir hech narsa qilishi shart emas.

Tadbirda ishtirok etgan vatandosh, biznes boshqaruvi bo'yicha mutaxassis Nabi Tog'ayevning aytishicha, bunday suhbatlar barcha uchun birdek foydali, chunki ko'pchilikni qiynayotgan masalalarga oydiklik kiritadi.

Barcha savollarga to'liq javob olinmasa-da, deydi Tog'ayev, diplomatlar va mutasaddilar bilan muloqot odamlarga informatsiya beradi.

"Facebook" orqali jonli efirga uzatilgan va vatandoshlar internet orqali video orqali bog'langan bu tadbir Amerikadagi O'zbekiston yoshlari uyushmasi va elchixona hamkorligida uyushtirilgan.

Konsul Mo'minovning qayd etishicha, vatandoshlarning savollariga javob berish - doimiy vazifalardan biri. Konsullik har kuni ishlaydi, deya eslatadi u.

Ishtirokchilar elchixona bunday muloqotlarni davom ettiradi degan umidda.

Vatanga qaytish va yordam ko'rsatish bilan bog'liq mavzular alohida davra suhbatida muhokama qilinishi kutilmoqda chunki bugungi muloqotda e'tibor pasport, fuqarolik, viza va konsullik ishlari bilan bog'liq masalalarda bo'ldi.

Muloqotni to'liq holda mana bu yerda tomosha qiling:

Vatandoshlar bilan muloqot, AQSh-Kanada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG