Breaking News

AQSh qochoqlarni xavfsizlikka tahdid deb biladi


Trampning qochoqlar va immigratsiya bo'yicha cheklovlar o'rnatish qaroriga qarshi namoyish. Sietl. 2017-yil, 15-may.
Trampning qochoqlar va immigratsiya bo'yicha cheklovlar o'rnatish qaroriga qarshi namoyish. Sietl. 2017-yil, 15-may.

Tramp ma’muriyati kelgusi yilda qochoqlarni qabul qilishni rekord darajada kamaytirish chora-tadbirlari ustida ishlamoqda. Biroq qochoqlar himoyachilari va qonunchilar Kongress prezidentning fikrini o’zgartira olishi uchun hali vaqt borligini aytadi.

Davlat kotibi Mayk Pompeo so'zlariga ko'ra, 1-oktabrdan boshlanadigan yangi moliyaviy yilda qochoqlarni qabul qilish hajmi 30 mingdan oshirilmasligi taklif etilmoqda. Agar taklif amalga joriy qilinsa, 1980-yillar boshida qabul qilingan qochoqlar bo’yicha dastur tarixida eng quyi ko’rsatkich qayd etiladi.

Biroq mazkur qaror prezident tomonidan rasman e’lon qilinishidan avval, qonunga muvofiq, Kongress bilan maslahatlashish lozim. Joriy moliyaviy yilning 30-sentabr sanasida yakunlanishiga bir hafta vaqt qoldi hamki, bu amalga oshgani yo’q.

Senator Ed Marki Pompeoning ana shu bayonotidan keyin hukumatni tanqid qildi.

“Tramp ma’muriyati qonunlarda majburiy deb belgilangan Kongress maslahatisiz qochoqlarni qabul qilish hajmini qisqartirish taklifi bilan chiqmoqda. Har qanday vaziyatda ham, biz ma’muriyatning Amerikani tashqi dunyoga yopish uchun intilishi va odamlarning kamsitilishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak”, - deydi senator.

Davlat Departamenti bu Kongressga taqdim etilgan taklif ekani, qochoqlar hajmi esa idoralararo raqamlar ekanini bildirgan.

Biroq Davlat Departamentining qochoqlar masalalari bilan shug’ullanadigan byurosi “Amerika Ovozi”ning Kongress bilan mazkur taklifga doir maslahat qachon amalga oshirilishi yuzasidan 18-sentabrda qilgan murojaati javobsiz qoldirilgan.

Tramp o’n yillar mobaynida o’z vatanlarida yashash yoki qaytib ketish imkoniyatidan mahrum bo’lgan qochoqlarni qabul qilish bo’yicha yetakchi dasturni keskin qisqartirib yubordi.

Uning boshqaruvi davrida kelayotgan qochoqlar soni keskin tushib ketdi. AQSh va chet ellarda qochoqlarga xizmat ko’rsatish agentliklari xodimlari ish o’rinlarini yo’qotdi. AQSh saylovoldi kampaniyasining Amerikaga musulmonlar immigratsiyasini cheklashga doir va’dalarini amalga tadbiq qilish natijasida xristian qochoqlar oqimi musulmonlarnikidan ortib ketgan.

Tramp prezidentligining ilk yilida ma’muriyat qochoqlar hajmini 45 mingga tushirgan edi. Joriy moliyaviy yil adog’iga yetib borar ekan, bu ko’rsatkich yanada pastlashi mumkin. Davlat kotibi Pompeo ma'muriyatning vaziyatga izohini takror eslatgan: "Qochoqlar AQSh xavfsizligiga jiddiy tahdid".

“Nazarimda qochoqlarning kim ekani va ularning istagi borasida noto’g’ri tushuncha shakllangan. Hech kim qochoq bo’lishni istamaydi. Biz majburiyat yuzasidan bu yerga kelib qoldik”, - deydi Amerikadan boshpana topgan Vilson Kubvayo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG