Breaking News

AQSh Kongressida musulmonlar soni oshadi


Noyabrdagi saylovlardan so'ng AQSh Vakillar palatasiga ilk bor ikki musulmon ayol kirishi kutilmoqda. Indianalik yana bir qonunchi Andre Karson bilan birga Kongressdagi musulmonlar soni uch nafarga yetadi.

Hammasi Michiganda boshlandi. So'ng Minnesotada davom etdi.

Ilhan Umar va Rashida Tolib kurash Vashingtonda ham davom etishini aytadi.

"Bu g'alaba faqat Kongressdan joy olishni anglatmaydi. U kuchli ramziy ma'noga ega", - deydi Rashida Tolib.

Saylovchilar o'z so'zini avgustdayoq aytdan edi. Islom diniga qarshi kayfiyat kuchaygan bir paytda musulmon ayol partiya saylovlarida g'olib chiqib, Kongressga nomzodlikni qo'lga kiritdi.

"Saylov kampaniyam menejerlaridan biri nodavlat tashkilotdagi ishini tark etdi. Rahbari bundan afsusda ekanini aytganda, xavotir olma, men Michigan qonunchilik organiga saylangan birinchi musulmon ayol uchun ishlayman, deb aytgan. Ular hukumatimizdami, deb so'rabdi", - deydi Rashida Tolib.

"Bu ayollarning AQSh Kongressiga saylanishi katta voqea", - deydi tadqiqotchi Alvin Tilleri.

Oraliq saylovlarda g'olib chiqib, Kongressga kirishi kutilayotgan minnesotalik musulmon ayol Ilhan Umar (markazda)
Oraliq saylovlarda g'olib chiqib, Kongressga kirishi kutilayotgan minnesotalik musulmon ayol Ilhan Umar (markazda)

Demokratiya va rang-baranglik markazi rahbari Alvin Tilleri fikricha, liberal saylov okruglarida har ikki ayolning yutib chiqishi ajablanarli bo'lmasa ham, ular muhojirlarning yangi to'lqinini namoyon etadi. Musulmonlar soni aholining faqat bir foizini tashkil etadi, ammo islom yer yuzida eng tez o'sayotgan din. 2040-yilga borib Islom Amerikada ikkinchi eng yirik din bo'lishi kutilyapti. Umar va Tolib shu avlodning yangi qiyofasi.

"Bu haqiqiy Amerika hikoyasi. Bu irlandiyalik, italiyalik va polshalik muhojirlar hikoyasi. Bu safar boshqa din va millat bilan yuz bermoqda. Amerikalik degani aslida shuni ifodalaydi", - deydi Tilleri.

Rashida Tolib falastinlik muhojirlar farzandi. Michiganning Detroyt shahrida tug'ilgan. Ilhan Umar esa Somalida tug'ilgan, bolaligida qochqin bo'lib dastlab Keniyaga o'tgan, so'ng AQShga kelgan.

Har ikkisi urush azoblaridan qochib kelgan muhojirlar avlodi. Har ikkisi diniy tazyiqlarga uchragan. Bugun ular Demokratlar partiyasining progressiv qatlamiga mansub va noyabrdagi oraliq saylovlarda Vakillar palatasida nazoratni qo'lga kiritishga umid qilmoqda.

Tolibning raqibi yo'q, uning g'alaba qozonishi aniq. Umarning respublikachi raqibi bor, ammo liberal saylov okrugida uning g'olib chiqishi taxmin qilinmoqda. Lekin, deydi Tilleri, asosiy muammo g'alaba qozonish emas, balki amerikalik musulmonlar jamiyatining orzu-umidlarini oqlash.

"Ularning kimligini, tarixiy kelib chiqishini hisobga olsak, yelkalaridagi mas'uliyat katta bo'ladi. Odatdagi Kongress a'zolariga qaraganda ularga e'tibor boshqacha bo'ladi", - deydi tadqiqotchi.

Kongress oldida chegara xavfsizligi, immigratsiya va saylov shaffofligi kabi jiddiy muammolarni hal qilish vazifasi turibdi. Yanvarda ishga tushadigan yangi Kongress tarkibida Tolib va Umar bu masalalarda o'z ovoziga ega bo'lishni umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG