Breaking News

Tojikistonda nega internet tezligi past?


Markaziy Osiyo davlatlari orasida sakkiz millionlik aholiga ega Tojikistonda internet tarmog‘i tezligi nihoyatda sust ekanligi aksar mijozlarning noroziligiga sabab bo‘lib kelmoqda.

Tojikiston global internet tarmog‘iga O‘zbekiston singari Qozog‘iston orqali ulanadi; aholiga xizmat ko‘rsatish ham, tabiiyki, uchinchi qo‘l orqali bo‘ladi. Garchi mamlakatda ayrim provayderlar internet tezligini reklamada sekundiga bir necha o‘n megabit deb ko‘rsatsalar-da, aslida uning o'rtacha tezligi atigi 100 kilobitga yetmaydigan holatlar ko‘p uchraydi. Yoshlar mafkurasiga zararli ta’sir ro‘kachi bilan nafaqat bir qator chet el, balki mahalliy nodavlat saytlarga ham to‘siqlar qo‘yilgan.

Tojikistondayam internet juda sekin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:01 0:00
Yuklab oling

Tojikistonda internet davlat aloqa vaziriligi tomonidan monopoliyalashtirilgan, hech bir mobil aloqa shirkatlari mijozlariga mustaqil ravishda internet xizmatini ko‘rsata olmaydi. Aholining global internet tarmog‘iga qarashlari turlicha, biroviga yoqsa, boshqasi uni mahalliy mentalitetga zid hisoblaydi. Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, respublikada jahon ijtimoiy tarmoqlarining bir necha oygacha taqiqda qolishi odatiy holatga aylangan. Buni hukumat vakillari ko‘p hollarda ekstremizmga qarshi kurash bilan izohlaydi. Ammo poytaxt Dushanbeda ish olib borayotgan ayrim mahalliy OAVlar saytining ham qamal qilib qo‘yilishi tushunarsiz. Bu haqda o‘sha saytni yurituvchilarning o‘zlari ham gapirgisi kelmaydi. Hozirda respublikada internetdan foydalanuvchilar nufuzi 3 milliondan oshgani aytilsa-da, ularning qariyib sakson foizi bu xizmatning o‘ta sustligini ta’kidlaydi.

Ish faoliyatini internet xizmatisiz tasavvur etolmaydigan yosh jurnalist Farzona Tojiboyevaning aytishicha, korxonasida foydalanuvchilarning ko‘pligi sabab internet tezligi sustligini tushunsa bo‘ladi, ammo alohida foydalanuvchilarning o‘zida tezlik pastligini izohlash mushkul.

"Men o‘z saytiga ega bir gazetaning mintaqaviy muxbiri sifatida internet tezligidan biror marta bo‘lsin qanoatmand bo‘lmaganman va bo‘lolmayman ham. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bugungi axborot asrida biz jurnalistlar uchun sekundiga yuz kilobitlik tezlik kulgili emasmi? Yo ba’zi bir muhim dunyo saytlariga qo‘yilgan to‘siqlar doim dilimizni xira qilib keladi. Bugun yoshlarimiz Feysbuk, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotlarini tasavvur qilisha olmaydi, barcha yangiliklar ham o‘sha yerda, o‘sha zahotiyoq tarqalib ketadi. Ularning oldida ulkan resurslarga ega hukumat nashrlari ham, xususiy radiotelevideniye ham orqada qolib ketmoqda. Oldinlari internet uchun kompyuter kerak edi, hozir barchaning qo‘lida mobil telefonlarda internet bor, odamlarga xabar har sekundda yetib turibdi. Lekin bizning redaksiya u xabarni olib, chop etgunicha kunlar o‘tadi, yetkazayotgan xabarlarimiz dolzarbligi yo‘qolmoqda, tezlikni boy bermoqdamiz. Katta korxonadagi vayfay orqali yuzlab foydalanuvchilar bor, buni tushunaman, ammo nega endi uyda o‘tirib ham oddiy tezlikni bermasliklarini tushunmayman", - deydi Farzona.

Ko‘p yillar OAVlarda xizmat qilib, hozirda fermerga aylangan so‘g‘dlik o‘zbek yozuvchisi Ahli Rasul Muhammad dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, jahon tarmog‘ida faolligini qo‘ymagan.

"Internetsiz men yasholmayman, mendek ijodkor uchun nafaqat badiiy jihatdan, balki siyosiy jihatdan ham bu suv bilan havodek zarur. Axborotga bo‘lgan tashnaligimni internet orqali qondiraman, shu bugungi, shu soatdagi voqea-hodisa haqidagi axborotni faqat internetdan qidiraman. Lekin bir narsa borki, internetni rostu-yolg‘onligi ham bor, bu tomonini ham aytish kerak. Masalan, shunaqa saytlar borki, ularning gapiga ishonmayman. Shunaqalari borki, haqqu-halol, masalan, Ismat Xushevning «Dunyo o‘zbeklari» sayti rostgo‘y sayt. Har qanday narsani ma’lum ma’noda salbiy ta'sirlari ham bo‘ladi. Bu internetning yoshlar ongiga ta’sirida ham bor, albatta. Umumiy foizga olib hisoblaganda, internet jamiyat taraqqiyotiga juda katta xizmat qiladigan vosita. Hozir, masalan, internetni birdaniga o‘chirib tashlashsa hayot to‘xtagandek bo‘ladi", - deydi o‘zbek yozuvchisi.

Uning fikricha, internetning yoshlar ongi va mafkuraga ta’siri ularning tarbiyasiga bog‘liq, ularga yangi texnologiyalardan foydalanish odobini maktabdan o‘rgatib borish lozim, saytlarga to‘siqlar qo‘yish yoki uni chegaralash, aksincha, teskari natija berishi mumkin. Internet tezligini sun’iy chegaralash, unga ortiqcha narx qo‘yish ruhiyatga, taraqqiyotga to‘sqinlikdir, deydi Rasul Muhammad.

Internet tarmog‘idan muntazam foydalanib kelayotgan dushanbelik tadbirkor Jamshed Xoshoqovning aytishicha, mo'tadil tezlik bo‘lishi uchun u provayderlarga oyiga 300 somongacha (35 dollar atrofida) pul to‘lashga majbur, bo‘lmasa, men istagan aloqa bo‘lmaydi, deydi u. Nevrolog shifokor Xayriddin Vallomov internetning yoshlar mafkurasi va salomatligiga salbiy ta’siri haqida gapirarkan, uning asabga ta’siriga alohida to‘xtaladi.

"Muttassil internetga bog‘lanish asabga salbiy ta’sir qiladi, aqli rivojlanmagan bolalar ko‘rganlariga taqlid qilishadi, buzuq narsalarni ko‘rsalar ham unga qo‘l urishadi, uning ijobiy taraflari ham, salbiy taraflari ham bor. Meni o‘zim internet orqali sun’iy tayyorlangan xamir makaron haqidagi tasvirlarni ko‘rib, umuman makaron yemaydigan bo‘ldim", - deydi kulganicha shifokor Vallamov.

Tojikistonlik publitsist Hakim Zokir internetning foyda va zararli ta’siri haqida gapirarkan, undagi ishonchsiz ma’lumotlardan hasrat qiladi:

"Internetning salbiy tomonlari ham borki, bo‘lar-bo‘lmas har xil gaplar, shaxsning nomiga bo‘htonlar makoni ham ekan. Lekin hozir internetsiz yashash mumkin emas, u taraqqiy etaveradi, ochilmagan qirralari ochilib boraveradi, uni olqishlashimiz kerak. Lekin yoshlarimiz internetga yopishib qolmay, badiiy kitoblar, yangi-yangi chiqayotgan va internetga kira olmayotgan kitoblar, gazeta-jurnallar, yangiliklardan ham boxabar bo‘lish kerak. Ba’zilar internet qarshisida bosma nashrlar o‘z ahamiyatini yo‘qotib boradi deyishadi, bu, menimcha, xato fikr. Yaqin orada bunday bo‘lmaydi, chunki internet tarafdorlari bilan birga uning salbiy ta’siri haqida gapirayotganlar ham bor, shunday ekan, hamma yerni internet bosmaydi, hali butun dunyo mamlakatlarida internet hukmron deyishga ancha bor", - deydi Hakim Zokir.

Tojikistonda faoliyat ko‘rsatayotgan mobil aloqa shirkati vakillari ko‘p hollarda internet tezligi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati haqida matbuotga ochiq gapirgisi kelmaydi.

"Hammasi pulga bog‘liq, ko‘proq to‘lay olsangiz, aloqa ham yaxshi bo‘ladi, -deyishadi ular va bunda ularning haqligini inkor etib bo‘lmaydi. Qoyilmaqom internet uchun oyiga 50 dollargacha bo‘lgan mablag‘ ajratuvchilar esa respublikada kamdan kam topiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG