Breaking News

AQSh dehqonlari yerlarning sho'rlashishidan xavotirda


Merilend universiteti tadqiqotchisi Keyt Talli dalalar ekologiyasini o'rganadi.
Merilend universiteti tadqiqotchisi Keyt Talli dalalar ekologiyasini o'rganadi.

Iqlim isishi natijasida dengiz sathi ko'tarilib borar ekan, okeaning sho'r suvi ekin yerlariga ham kirib kelmoqda. Bundan esa dunyo bo'ylab dehqonlar pand yemoqda. Sharqiy sohildagi Merilend dalalari ham shundan aziyat chekmoqda. Olimlar muammoni bartaraf etish choralari ustida ishlamoqda.

Merilend shtatining sharq sohillari azaldan dehqonchilik o'chog'i bo'lgan.

Bob Fitzjeraldning oilasi bu yerlarga 17-asrdan beri egalik qiladi.

Hozir o'zgarishlar katta, deydi u.

"Ko'rishingiz mumkin, bu yerga soya ekkanman. Lekin qurib qolgan. Suv ostida qolib bu ekinlar o'lgan", - deydi dehqon.

Suv toshqini va tuproqning sho'rlashishi ekinlarga qiron keltirmoqda. Iqlim o'zgarishi bilan yo'qotishlar yanada ko'paygan.

"O'tgan 15-20 yil ichida bu qadar o'zgarish bo'lganiga ishonish qiyin. Bolaligimda bu yerda odamlar pomidor yetishtirgan. Hozir ular yo'q", - deydi Fitzjerald.

Sho'r suv tobora ichkariga kirib kelarkan, ayrim oilalar dehqonchilik qiladigan yerlarini tashlab ketgan.

"Sho'rlashish tufayli ular o'z yerlarini tark etdi. Mana bu joy allaqachon tashlab ketilgan, hozir yovvoyi hududga aylangan", - deydi Fitzjerald.

Merilend universiteti tadqiqotchisi Keyt Talli dalalar ekologiyasini o'rganadi. U dehqonlarga yordam berish yo'llarini qidirmoqda.

"Sho'r suv muammosi paydo bo'lgach, dehqonlar bilan kelib gaplashish fikri tug'ildi. So'ng tajriba maydonlarini yarata boshladik", - deydi u.

Bu maydonlarda sho'r tuproqda nimalar ekish mumkinligi tekshiriladi.

3,4 milliard dollarlik parranda sanoati uchun kerakli jo'xori sinalayotgan ekinlardan biri.

"Jo'xorini yaxshi ko'raman, chunki u yomg'irsiz ham, yomg'ir ko'p bo'lsa ham o'saveradi. U yaxshi tanlov bo'lishi mumkin", - deydi Talli.

Dehqonchilikdan voz kechish ham mumkin. Boshqa yo'li - dalani tabiat ixtiyoriga topshirish, deydi Talli.

"Yerni suvli joyga aylantirish mumkin. Ayrim fermerlar shunday qilyapti, chunki bu yerda o'rdak ovi yaxshi bo'ladi. Ular bu yerda ov qilishi yoki ov qilish huquqini boshqalarga sotishi mumkin", - deydi tadqiqotchi.

Talli va uning hamkasblari asrlardan beri dehqonchilik qilayotgan oilalar uchun moliyaviy jihatdan eng foydali bo'lgan yechimni qidirmoqda.

"Bu yerda katta tarix bor. Dengiz suvi toshar ekan, tarix suv ostida qolmoqda. Bu narsa dehqonlar uchun nimadir qilish yo'lida menga ilhom beradi", - deydi Talli.

Vaqt esa kam.

"Kelasi 20 yilda bu yerning katta miqdori boy beriladi, dehqonchilik uchun yaroqsiz joyga aylanadi", - deydi Fitzjerald.

Dengiz sathi ko'tarilib borar ekan, dunyoning ko'plab nuqtalarida dehqonlarning taqdiri bir-biriga o'xshash.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG