Breaking News

AQSh: O'zbekiston diniy erkinliklar bo'yicha maxsus kuzatuv ostida


AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pompeo diniy erkinliklarga bag'ishlangan anjumanda so'zlamoqda, Vashington, 26-iyul, 2018-yil.
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pompeo diniy erkinliklarga bag'ishlangan anjumanda so'zlamoqda, Vashington, 26-iyul, 2018-yil.

AQSh O’zbekistonni diniy erkinliklar bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarib, diniy erkinliklar buzilishiga moyillik bildirayotgan, maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar ro’yxatiga kiritdi.

Alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatda diniy erkinliklar bo’g’ilishi ortida bevosita davlatning o’zi turgani inobatga olinsa, diniy huquqlar jiddiy buzilishiga moyillik e’tiqod erkinligi ta’minlanishida davlat yetarli choralar ko’rmayotganini anglatadi. Diniy erkinlikka oid vaziyat yuzasidan bayonot qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh dunyoda e’tiqod erkinligi toptalishiga tomoshabin bo’lib turmasligini ta’kidlagan.

Alohida xavotirga molik davlatlar ro'yxatiga Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Xitoy, Birma, Sudan, Eritreya va Shimoliy Koreya kiritilgan. Bu maqomdagi hukumatlar, qonunga binoan, sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin. 1998-yilda Kongressda qabul qilingan qonunga ko'ra, Davlat kotibi diniy huquqlarni buzayotgan hukumatlarni qanday jazolash yuzasidan o'z takliflarini berishi va bu davlatlar ro'yxatini chiqarishi kerak.

O’zbekistonning diniy erkinlik bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarilishi rasmiy Toshkent tomonidan olqish bilan kutib olindi.

“O’zbekiston hayotning barcha jabhalariga ta’sir ko’rsatayotgan islohotlar va o’zgarishlarning tarixiy bosqichini o’tamoqda. Amerika va boshqa sheriklar bir necha bor Harakatlar strategiyasida belgilangan, mamlakatni rivojlantirishning beshinchi ustuvor yo’nalishi “xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash” bo’yicha amaliy harakatlar natijalarini ko’rish imkoniga ega bo’ldilar”, - deyiladi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining shu munosabat bilan tarqatgan xabarida.

Rasmiy Toshkentga ko’ra, AQShning diniy masalalar bo’yicha maxsus vakili Sem Braunbek boshliq delegatsiya sentabr oyida O’zbekistonga qilgan safari davomida mamlakatda diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash bo’yicha ko’rilayotgan choralar bilan tanishgan va bu ishlarga yuksak baho bergan.

O’zbekiston AQSh tomonidan muntazam tuzib kelinayotgan diniy erkinlik bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatiga marhum prezident Islom Karimov davrida kiritilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan diniy vaziyatga jiddiy e’tibor qaratdi; dindorlar, ulamolar bilan muloqot o’tkazdi, adolatsiz sudlov tufayli qamalgan, o’z aybiga chin dildan pushaymonlik bildirgan diniy mahbuslarni afv etishga farmon berdi. Diniy qarashlari uchun “qora ro’yxat”ga kiritilgan minglab musulmonlarni bunday ro’yxatdan chiqarish, ularning o’zlarini, qarindosh urug’larini jamoatchilikka qo’shish tashabbusini olg’a surdi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan hozirga qadar diniy ekstremizmga aloqador ko’rilgan 20 mingga yaqin musulmonlar “qora ro’yxat”dan o’chirilgani, qamoqlardan ozod etilgani aytiladi.

Ta’kidlash joiz, O’zbekistonda minglab musulmonlarning diniy ekstremizmda ayblanishi huquq himoyachilari tomonidan muntazam tanqid ostiga olib kelingan.

Shu ma’noda 20 mingga yaqin musulmonning qora ro’yxatdan o’chirilishi, qamoqlardan ozod etilishi avvalhi hukumatning bu boradagi siyosati nohaq ekanini ko'rsatadi.

Karimov davrida diniy ekstremizmdan hokimiyat uchun xavf yasash hukumat siyosatiga aylangan, yuzlab dindor musulmonlar shu siyosat qurboniga aylangan, dalil isbotlarsiz qamoqqa tashlangan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG