Breaking News

O'zbekiston Qrim masalasida yana Rossiyaning yonini oldi


Qrim va Rossiyani bir-biriga bog'lovchi ko'prik
Qrim va Rossiyani bir-biriga bog'lovchi ko'prik

BMTda Qrimning bosib olinishiga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyada Markaziy Osiyodan faqat O’zbekiston Rossiya pozitsiyasini yoqlagan, Moskvaning mintaqadagi harbiy ittifoqchilari ham Qrim rezolyutsiyasiga nisbatan betaraf qolishgan.

Qrim yarimorolining harbiylashtirilishi va Rossiya agressiyasiga qarshi qaratilgan rezolyutsiyaga mintaqadan Qozog’iston, Qirg’iziston betaraflik namoyish qilgan, Tojikiston va Turkmaniston ovoz berish jarayonida qatnashmagan.

Ukraina harbiy kemalari Rossiya tomonidan hibsga olinishi ortidan BMTda ovozga qo’yilgan bu rezolyutsiya Toshkent tashqi siyosatidagi mustaqillik tobora zaiflashib borayotganiga ishora sifatida ko’rilmoqda.

Ovoz berish natijasi Markaziy Osiyoda O’zbekiston Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisiga aylanganini ko’rsatadi. Hatto Moskva yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kolletkiv xavfsizlik shartnomasi a’zolari Qozog’iston, Qirg’iziston ham Qrim yarimoroli Rossiya tomonidan harbiylashtirilayotgani masalasiga betaraflik ko’rsatishgan. Tojikiston va Turkmaniston ovoz berish jarayonida qatnashmagan.

Azov dengizida Ukraina harbiy kemalari va ekipaj a’zolari Rossiya tomonidan hibs qilinishi keskin ziddiyat qo’zg’adi, xalqaro hamjamiyatning aksariyati Rossiya harbiylari tomonidan kuch ishlatilishini qoralab chiqdi.

BMTda ovozga qo’yilgan rezolyutsiya Rossiya yarim orolni tobora harbiy poligonga aylantirayotganiga diqqat qaratadi; harbiy agressiyani cheklashga chaqiradi.

Rezolyutsiyani 66 ta davlat qo’llab-quvvatlagan, 19 ta davlat qarshi ovoz bergan, 72 davlat esa betaraf qolgan.

O’zbekiston Qrim masalasida Rossiyani yoqlayotgan dunyodagi 19 davlat qatoriga kirgan. Sobiq prezident Islom Karimov davrida mamlakat Qrim bosqinini tan olmagan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo’lgani inobatga olinsa, rasmiy Toshkentda Moskva tomon keskin og’ish boshlangani ko'rinadi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, Toshkent xalqaro masalalarda Moskva izmiga tushgani bir muddat avval Qrimda inson huquqlari toptalayotgani, yarim orolning tub aholisi qirim-tatarlarning milliy huquqlari buzilayotgani yuzasidan BMT doirasida qabul qilingan rezolyutsiyaga nisbatan O’zbekiston qarshi bo’lganida ham kuzatilgan edi.

Qrim-tatar faollari yarimorol Rossiya tarkibiga qo’shib olinishi ortidan bosqinga qarshi turgan aholiga nisbatan keskin tazyiqlar boshlangani, bu qrim-tatarlarni o’z tarixiy vatanini tark etishga majbur qilayotgan ikkinchi etnik surgunga o’xshashini ta’kidlab kelishadi.

Qrim tub aholisining asosiy qismini Stalin davrida O’zbekistonga surgun qilingan qrim-tatarlar tashkil qiladi. Ularning aksariyati O’zbekistonga hamon ikkinchi vatan sifatida qaraydi, ko’plar mamlakatdagi o’zgarishlarni kuzatib keladi.

Qrim-tatar Milliy Majlisi raisi o’rinbosari Ilmi Umerov shunday faollardan biri. U “Amerika ovozi” bilan o’tgan suhbatda O’zbekistonda hokimiyat o’zgarishini, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbarida inson huquqlariga oid chiqishini olqishlagan; mintaqa O’zbekistonning yangi rahbari yetakchiligida Rossiya bosimidan qutilishi mumkinligiga umidlar bildirgan edi.

“Ammo afsuski, Rossiyaning, xususan Prezident Putinning Markaziy Osiyoga, jumladan, Ozbekistonga ta'siri saqlanib qolar ekan, na iqtisodiy rivojlanishda, na siyosiy yo’nalishda rivojlanish bo’lishini kutish qiyin. Shuning uchun ham mintaqa yetakchilari boshqa bir davlat prezidenti manfaatlari uchun emas, o’z xalqining manfaatlariga xizmat qilish uchun o’zlarida kuch, iroda topishlari lozim. O’zbekiston ulkan imkoniyatga ega mamlakat, faqat uni yuzaga chiqarish uchun siyosiy, iqtisodiy imkoniyatlar yaratilishi kerak”, - deydi u.

BMTda Qrim, Qora va Azov dengizlari hududlari harbiylashayotgani yuzasidan xavitir bildirgan rezolyutsiyada Rossiya ishg’ol qilingan hudud - Qrimdan o’z harbiylarini olib chiqishga chaqiriladi.

Ukraina hududiga kiruvchi Qrim muxtoriyati 2014-yilda Rossiya tarkibiga majburan qo’shib olindi. Ukraina va xalqaro hamjamiyatning katta qismi uni Rossiya bosqini sifatida baholaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG