Breaking News

Turkiyada o'qigan o'zbekistonliklar: 90-yillar nima bo'lgan edi?


Turkiyada tahsil olgan o'zbekistonlik Bahodir Fayzi (chapda) "Amerika Ovozi" muxbiri Husniddin Qutbiddinov bilan, Pitsburg, Pensilvaniya.
Turkiyada tahsil olgan o'zbekistonlik Bahodir Fayzi (chapda) "Amerika Ovozi" muxbiri Husniddin Qutbiddinov bilan, Pitsburg, Pensilvaniya.

90-yillar boshida sobiq Sovet ittifoqi tarkibida boʻlgan bir qator turkiy davlatlar, yaʼni Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Ozarbayjon mustaqilligini birinchilardan bo'lib Turkiya tan oldi. Anqara amaliy yordam sifatida har bir turkiy davlatdan 2000 ga yaqin talaba uchun oʻz mamlakati oliygohlarining eshiklarini ochdi. Oʻzbekiston ham Turkiyaning bu tashabbusini maʼqulladi va 2000 nafar oʻzbek yoshlarini oʻqishga yubordi. Hozirda Amerikaning Pensilvaniya shtati Pitsburg shahrida istiqomat qilayotgan Bahodir Fayzi ham ana shu 2000 nafar oʻzbek yoshlari qatorida Turkiyada tahsil olish imkoniga ega boʻlgan edi.

“Turkiya ana shu turkiy davlatlardan kelgan qariyb 10000 ga yaqin talaba yoshlar uchun oʻz byudjetidan stipendiyalar taʼsis etdi. Agar oʻsha payt, 90-yillar avvali Turkiyaning vaziyatini, imkoniyatlarini eslaydigan boʻlsak bu juda ham katta ahd edi. Stipendiyalar oʻsha payt uchun juda katta miqdorni tashkil qilar edi, chunki biz ana shu stipendiyaga oziq-ovqat olardik, boshqa ehtiyojlarimizga sarflashdan tashqari, hatto Oʻzbekistonga ham yuborganmiz. Bu bir taraflama harakat edi, talaba yuborgan davlatlardan hech qaysisi, na Oʻzbekiston, na Qozogʻiston moddiy yordam maʼnosida oʻz hissasini qoʻshmagan. Endi, albatta, bu jumhuriyatlar u payt bunaqangi iqtisodiy imkoniyatga ega emas edi, shu bois bu masʼuliyatni Turkiya toʻliq zimmasiga olgan edi”, - deya eslaydi Bahodir.

Uning aytishicha, talabalarni saralab olish jarayonida, xususan, Oʻzbekistondan yuboriladigan yoshlarning bilim darajasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

“Masalan, men oʻsha payt Lenin stipendiyasini olar edim va aynan menga oʻxshagan studentlar tanlab olingan edi”, - deydi Bahodir Fayzi.

“Xullas, Toshkent Davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) har bir faqultetidan ana shunday aʼlo bahoga oʻqigan talabalar tanlab olindi. Avval aytildiki, hatto toʻrt bahosi boʻlmasligi kerak, sinov daftarchasidagi hamma baholari besh boʻlishi kerak. Faqat shunday talabalarni imtihon uchun tanlab olamiz, deyildi. Talab qilingan bir qator hujjatlarni yigʻish jarayoni uzoq vaqt oldi va yoz oylariga kelib umumiy test sinovlaridan oʻtdik va oʻsha test natijasiga koʻra, har bir fakultetdan bittadan student tanlandi. Hammasi boʻlib TashDUdan 50 ga yaqin talaba tanlab olindi. Yozgi taʼtil oʻtgach, oktabr oyining 14-kuni biz Turkiyaga uchib keldik”, - deya qo'shimcha qiladi u.

Ammo atigi bir-ikki yil oʻtgach, 1994-yilning may oylarida Oʻzbekiston Turkiyada tahsil olayotgan talabalarini qaytarib olib ketish haqida qaror qabul qildi. Bahodir Fayziga koʻra, buning bir nechta sabablari boʻlgan va ular orasidagi eng asosiysi 90-yillar boshlaridagi oʻzbek muxolifati yetakchilarining Turkiyada qoʻnim topgani edi.

“Bilsangiz agar, 90-yillar yoshlari ancha faol, siyosiy uygʻoq edi va oʻsha payt muxolifatining asosiy dastagi boʻlgan. Tabiiyki, muxolifat liderlari Turkiyadan qoʻnim topgach, uchrashuvlar boʻldi, zero bizlar uchun bu insonlar bizning ideallarimiz, orzularimiz timsoliday edi. Qolaversa, ular endigina Oʻzbekistondan kelgani bois vatanda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida maʼlumot olish mumkin boʻlgan manba edi. Oʻzbekiston hukumati buni oʻzicha baholadi, bunda xavf koʻrdi va talabalarni qaytarib olishga qaror qildi”, - deydi Turkiyada tahsil olgan o'zbekistonlik.

Suhbatdoshimizning aytishicha, oʻsha yili yozda barcha 2000 talabaning Turkiyadagi toʻrt yirik shaharga toʻplanishi va ommaviy qaytishi haqida koʻrsatma berilgan. Olib ketilgan talabalardan keyingi oʻquv yilida atigi 300 nafari qaytib kelgan va ularning Turkiyadagi oʻqishi, turmush tarzi hammasi jiddiy nazorat ostiga olingan.

Bir necha talaba Oʻzbekistonga qaytishdan bosh tortgan. Ularning orasida Bahodir Fayzi ham bor edi...

Suhbatning to'liq tafsilotlari bilan quyida tanishing.

90-yillar o'zbekistonliklar Turkiyada qanday o'qigan?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:33:55 0:00

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG