Breaking News

Toshkentda talabalar o'zbek tili himoyasi uchun namoyish qildi


Namoyish qatnashchilari
Namoyish qatnashchilari

O’zbek tili himoyasi uchun Toshkentda aksiya o’tkazgan talabalar militsiyaga chaqirilgan. Ulardan tushuntirish xati yozdirib olingan. Sharhlovchilar o’zbek tili taqdiriga doir tug’ilgan xavotirlar jamoatchilikda jiddiy uyg’onish qilgani, jamiyat rossiyaparastlikka nisbatan aniq ishoralar berganini ta’kidlashmoqda. Bir guruh ziyolilarni O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish yuzasidan bildirgan tashabbusi o’zbek jamoatchiligida qizg’in munozaralar boshlab berdi. Ayrim talabalar davlat tili himoyasi uchun aksiya o’tkazishga chiqishdi.

Toshkentda talabalar ona tilini himoya qilib chiqdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:08 0:00

Rus tiliga rasmiy maqom berish so’ralgan tashabbus ortidan jamoatchilikda o’zbek tili taqdiriga doir kuchli xavotir yuzaga keldi, ta’kidlash joiz, bundan hukumatdagi ayrim amaldorlar ham chetda qolgani yo’q.

6-may kuni O'zbekiston Til va adabiyot universitetining bir nechta talabasi davlat tili himoyasi uchun Toshkentda Alisher Novoiy haykali oldida aksiya o’tkazishgan. Bu aksiyada o’zbek tili maqomiga doir shiorlar ko’targan talabalar marhum shoirlar Rauf Parfi va Shavkat Rahmon she’rlaridan o’qishgan.

Toshkent, 6-may, 2019
Toshkent, 6-may, 2019

Talablarni bir necha kishilik bu aksiyasi boshdan-oyoq huquq tartibot vakillari tomonidan tasvirga olingan. Keyinroq she’r o’qigan talabalar ichki ishlar xodimlari tomonidan so’roqqa turilgan, tushuntirish xati yozdirib olinishidan so’ng qo’yib yuborilgani aytilmoqda.

Toshkentlik faollardan Anvar Nazir ham talabalarning bu aksiyasini bevosita kuzatib, qo’llab-quvvatlagan.

“Talablar Til va adabiyot universitetidan edi, ammo nechtasidan tushuntirish xati olishgan aniq bilmayman. Ikkitasi she’r o’qigan edi. Ulardan olishgani aniq, domlasi borganidan so’ng qo’yib yuborishgan. Bu aksiya haqida davlat idoralari ham xabardor qilingan, mutlaqo qonuniy edi. Biz tashkilotchi emas edik, eshitib xursand bo’ldik, ularni qo’llab quvvatlagani bordik. Bu kuch ishlatar tizimlarida hech qanday o’zgarishlar bo’lmaganini ko’rsatadi. Bularga she’r o’qish ham shubhali tuyiladi, mutlaqo ma’naviyatdan yiroqlik. Aksiyani tasvirga olib turishdi. O’sha kuni ishlatilmagan shiorlar axlatga tashlangan edi, o’shani titib bizdan so’rashyapti, bu sizlarga tegishlimi, deb. Yana bittasi esa bizga Suriya ham mana shunaqa chiqishlardan boshlangan, deb kesatiq qiladi. Xullas, bir necha kishi yig’ilsa, surishtirmasdan olib ketiladigan qonunchilik bekor qilinib, odamlarga o’z noroziligini ochiq bildirish uchun imkoniyat berilishi kerak,” - deydi Anvar Nazir.

Talablarni bu chiqishiga bir guruh o’zbek ziyolilarini O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish yuzasidan ko’targan tashabbusi sabab bo’lgan. Bu tashabbus jamoatchilikda keskin tanqid bilan kutib olindi, bunday tanqidiy fikrlardan hatto hukumatdagi ayrim amaldorlar, idoralar ham chetda qolgani yo’q. O’zbek matbuoti ham bu taklif ortida siyosiy maqsadlar yotgani haqidagi farazlarga diqqat qaratmoqda.

Bir guruh ziyolilarni rus tiliga rasmiy maqom berish murojaatini chop etgan “Vesti.uz” nashri esa tashabbus ortida siyosiy maqsadlar, jumladan Rus madaniyat markazi, “Rossotrudnichestvo” turgani haqidagi fikrlarni inkor etib chiqdi.

Anvar Nazirga ko’ra, 30 yil o’tib O’zbekistonda rus tiliga yana rasmiy maqom berish talabi yuzaga chiqqayotgani bejizga emas. Buning ortidan kim turganidan qat’i nazar, jamoatchilikdagi aks-sado o’zbek jamiyati ortga qaytish niyatida emasligini aniq-tiniq ko’rsatgan.

“Bu jamiyatga katta turki berdi, birinchidan jamiyat o’zini angladi, rossiyaparstlik, sovetparastlikdan uzoqlashish uchun jiddiy qadam tashladi. Ikkinchidan, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin sovetlar merosiga munosabat ijobiy tomonga o’zgara boshlagani kuzatilayotgan edi, bu aynan hukumatga ham bugungi jamiyat boshqa ekanligi, orqaga qaytmasligi haqida ishora berdi. Davlat bu ishorani anglashi kerak. Uchinchidan, bu tashabbus ortida hukumat turgani haqida aytildi, meningcha bunday emas, ammo Rossiya turgani aniq. Shu ma’noda o’zbek jamiyati Rossiyaga ham o’rtada aniq qizil chegara borligini ko’rsatib qo’ydi. Ular o’zbek ziyolilari bugun ancha zaiflashgan deb, o’ylashgan edi, ammo adashdi, o’zbek jamoatchiligi bunga aniq ishora berdi”, - deydi Anvar Nazir.

Toshkentlik faollardan Anvar Nazir ham talabalarning bu aksiyasini bevosita kuzatgan, qo’llab-quvvatlagan
Toshkentlik faollardan Anvar Nazir ham talabalarning bu aksiyasini bevosita kuzatgan, qo’llab-quvvatlagan

Fan, san’at, madaniyat sohasida tanilgan bir guruh o’zbek ziyolilari o’tgan hafta O’zbekistonda rus tiliga davlat maqomini berish tashabbusi bilan chiqishgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni O’zbekistonga safari barobarida ochiqlangan bu tashabbus jamoatchilikda o’zbek tili taqdiriga doir keskin xavotirlarga turki berdi.

Bu boradagi chiqishlarda oradan 30 yil o’tib ham o’zbek tili hamon o’z mavqeini tiklay olmagani, bunga hamon rus tilida ish yuritishda davom etayotgan hukumat ham aybdorligi haqidagi mulohazalar bildirildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG