Breaking News

1944-yil, 6-iyun: Tarixiy jangni eslab


1944-2019: Fashistlarni ortga qaytargan jangning 75 yilligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

75 yil avval AQShning minglab askarlari Britaniyadan Fransiya hududiga o’tib, Germaniya fashistlariga qarshi shiddatli jangda ishtirok etgan. Ittifoqchi qo’shinlardan minglab askarlarning qoni to’kilgan kurash Fransiya ozodligiga yetaklagan. Oradan 11 oy o’tib fashistlar Germaniyasi to’liq mag’lub bo’lgan. Fransiyaning Normandiya sohillarida kechgan janglarni xotirlab amerikalik veteranlar voqea joyida barpo etilgan maxsus yodgorlik va qabristonni ziyorat qildi.

Janglar va beshafqat davr baquvvat askarlar qaddini bukkan. Biroq ularning jasorati mangulikka daxldor.

Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari o’zlari jang qilgan Normandiya sohillariga tashrif buyurdi. Veteranlardan uch nafari 1944-yilning 6-iyunida Normandiyada urushga kirgan.

Amerikalik Rassel Pikkett piyoda qo’shinlari safidagi 19 yoshli askar edi. Roppa-rosa 75 yil avval u tushgan harbiy kema Normandiya sohillariga yetib kelgan.

“Sohilga yaqinlashar ekanmiz, hech qanday hujum qilmadik. Kemada enkayib yurardik. Boshimizni ko’tarsak, dushman o’qidan o’lishimiz tayin edi. Qirg’oqqa yetar-yetmas kemamizni portlatishdi. Hushimga kelganimda qumlikda yuztuban yotar edim, oyoqlarim suvda edi. Yura olmasdim, qolganini eslolmayman”, - deydi Pikkett.

Jangning ilk kunidayoq ittifoqchilardan 4000 harbiy halok bo’ldi. Germaniya 4000 dan 9000 gacha askarini yo’qotdi. Qirg’oqqa yetib kelgan navbatdagi desantlar kemasi Pikkettni qutqardi.

“Harbiylar 4 nafar og’ir yaradorni qutqardi. Bir qo’lidan ayrilgan askar kemaga olib ketilayotganda jon berdi. Men Angliyaga qaytdim. Tez orada oqsab bo’lsa-da, yura boshladim. Olti kun o’tib, ana shu kemada yana ortga – jang maydonlariga qaytdim. 21 kunlik hujumdan keyin Angliyaga keldim. Sentyabr oyining so’nggi kunlarida Brest shahrida jangga kirdik. Ikki kun o’tib fashistlar mag’lub bo’ldi. Yana yaralandim. Bu safar meni maydondan zaqmbilda olib ketishdi. Boshqa ortga qaytmadim”, - deydi Pikkett.

Pikkett 1945-yilning iyunida uyiga, Tennessi shtatiga yuborildi. Ko’plab safdoshlari qaytmadi.

“Xotiralar hanuz tark etmagan. Janglarda halok bo’lgan va mana shu qabristonga dafn etilgan safdoshlarim qiyofasi ko’z o’ngimdan o’tmoqda. Hissiyotimni ta’riflash qiyin. Bu yerga kelganimdan mamnunman… bu so’nggi ziyoratim”, - deydi veteran.

AQShdan Normandiyaga 35 veteran tashrif buyurgan. Shuningdek, Britaniya, Kanada va boshqa mamlakat faxriylari ham ziyorat qildi.

Afsuski, har yili o’tadigan tadbirda hayot veteranlar soni kamayadi. Mana shu sohillarda kechgan janglarni hikoya qilib beruvchi qahramonlar safi torayadi. Biroq insoniyat bundan 75 yil avval Ikkinchi Jahon urushida muhim burilish yasagan bu jangni hech qachon unutmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG