Breaking News

Jurnalistikaning buguni va ertasi: talabalar gazetalari misolida


Sirakyuz universitetining "Daily Orange" gazetasi muharrirlari: Xeyli Robertson (chapda) va Ketrin Leffert
Sirakyuz universitetining "Daily Orange" gazetasi muharrirlari: Xeyli Robertson (chapda) va Ketrin Leffert

Sirakyuz universitetining "Daily Orange" gazetasi 1903-yildan beri chiqadi. Unda bo'lajak jurnalistlarning bir necha avlodi tarbiya topgan. Yaqindan boshlab u haftada uch marta chiqa boshladi.

Bosh muharrir Xeyli Robertsonni reklama topish, donorlarga bog'lanish ishlari ko'proq tashvishlantiradi. U, kerak bo'lsa, o'z do'stlarini ishdan haydash ehtimoliga ham tayyor turishi kerak.

Mamlakatning boshqa nashrlarida Robertsondan kamida 2-3 barobar katta yoshdagi muharrirlar, odatda, bunday muammolar bilan bosh qotirmaydi. Yoshlar g'ayrat va ideal g'oyalar bilan ishlayotgan universitet gazetalari va boshqa ommaviy axborot vositalari o'rtasidagi asosiy farq ham shunda.

Bu orada jurnalistika o'quv dargovlarida professorlar talabalarni yangi davr va o'zgarishlarga tayyorlashga urinmoqda.

Uzoq yillik turg'unlikdan so'ng jurnalistika maktablariga hujjat topshirayotganlar sonida yana o'sish kuzatilmoqda. Davlat rahbarining jurnalistlarni tinimsiz yolg'onchilikda ayblab kelayotgani bu kasbga qiziqishni oshirgan.

"Mahalliy xabarlarga qarasam, tushkunlikka tushaman, - deydi Viskonsin universiteti jurnalistika professori Ketlin Kulver. - Lekin 18-20 yoshli talabalar qilmoqchi bo'lgan ishlarni ko'rsam, umidim oshadi".

Universitet nashrlari chop etgan mahalliy xabarlar ba'zan mamlakat bo'ylab ovoza bo'ladi.

"Daily Orange" gazetasi 2018-yil Sirakyuz universitetidagi talabalar tashkilotida ayollarni kamsitish holati aks etgan videoni e'lon qilganda, bu voqea butun mamlakat bo'ylab aks-sado berdi. Nashrning navbatchi muharriri Ketrin Leffert o'sha kuni tinimsiz kelayotgan qo'shimcha ma'lumotlarni yangilab turish uchun ofisda qolib ishlashiga to'g'ri keldi. Voqea AQSh bo'ylab shov-shuv bo'lgach, munozara markazida qolgan tashkilot yopildi.

"Ko'p joylarda jurnalist xodimlar sonini qisqartirishayotganini ko'rib yuragim eziladi. Lekin meni jurnalist bo'lish niyatida ushlab turgan narsa shu gazetamiz ko'rsatayotgan natija. Bu ajoyib va ilhombaxsh", - deydi Leffert.

Kollej Media assotsiatsiyasi prezidenti Kris Ivansning aytishicha, yopilayotgan gazetalar orasida universitet nashrlari kam. Ularning aksariyati notijorat loyiha va xodimlariga juda kam maosh to'laydi.

Assotsiatsiya o'tkazgan so'rovdan ma'lum bo'lishicha, kollej nashrlarining 35 foizi pul tejash maqsadida nashr davriyligini qisqartirgan; besh foizi esa bosmadan voz kechib, to'liq onlayn rejimga o'tgan.

Bosma nashrlarni davom ettirayotgan gazetalarning yarmi esa adadni kamaytirgan.

Shimoliy Karolina universitetining "Daily Tar Heel" kundalik gazetasi 2017-yildan boshlab haftada uch marta chop etilyapti. Nashrni bankrotlikdan saqlab qolish uchun shu choraga qo'l urdik, deydi gazeta bosh muharriri Meddi Arrovud. Shuningdek, xarajatlarni kamaytirish uchun tahririyat kichik ofisga ko'chib o'tgan, xodimlari maoshini qisqartirgan.

"Daily Tar Heel" ayni paytda maxsus yo'nalishlar bo'yicha xabarnomalar jo'natishni sinab ko'rmoqda. Shuningdek, universitet yaqinidagi boshqa shaharlar o'quvchilari va reklama beruvchilarini jalb etish yo'llarini ham o'rganmoqda.

Harakatlar besamar ketmadi. O'tgan yili gazeta yilni kichik foyda bilan tugatdi.

Hovard universitetining oktabr o'rtalarida ilk soni chiqqan "Hilltop" nashri 280 ming dollar qarzga botgan. Missuri universitetining haftada ikki marta chiqqan "Maneater" gazetasi esa hozir bir oyda bir marta chop etilyapti.

"Daily Tar Heel" va "Daily Orange" kabi gazetalar manfaatlar to'qnashuvining oldini olish uchun universitetdan yoki talabalardan pul olmaydi. Chunki bu nashrlar universitet va talabalar hayotini yoritadi.

Bu esa ularning moliyaviy ahvolini yanada qiyinlashtiradi. Janubiy Illinoys universitetining "Alestle" gazetasi 2008-yil reklamadan bir yilda 250 ming AQSh dollari ishlagan bo'lsa, hozir bu miqdor 30 ming AQSh dollariga ham yetmaydi.

Ba'zi universitetlarda gazetalar talabalar uysuhmasidan yordam so'raydi. Uyushma haqida tanqidiy materiallar chiqqani uchun, ko'pincha, ular moddiy yordam ko'rsatishdan bosh tortgan holatlar bo'lgan, deydi "Alestle" gazetasi maslahatchisi Temmi Merret.

Moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, bo'lajak jurnalistlar kelajakdan umidini uzmagan.

"Odamlar hanuz ehtiyoj sezadigan ish qilishni xohlayman. Odamlarga doim yangilik kerak", - deydi "Daily Tar Heel" muharriri Arrovud.

Jurnalistika ta'limi sohasida ham o'zgarishlar yuz bermoqda. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya ta'limi assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, 2013-2015-yillar orasida bu sohada o'qiyotgan talabalar soni to'qqiz foizga kamaygan.

Ish bozori ham yaxshi emas. Shimoliy Karolina universiteti statistikasiga ko'ra, jurnalistikaning gazeta yo'nalishidagi ish o'rinlari soni 2008-yil 52 mingdan hozir 24 mingga tushib qolgan.

Universitetlar endi e'tiborni ixtisosliklarga qaratmoqda. Florida universiteti sport jurnalistikasi dasturini tashkil qilib, talabalar sonining qisqarishiga chek qo'ya oldi. Ba'zi maktablar databazalar jurnalistikasiga e'tibor qaratmoqda.

Oliygohlar ayrim malakalarni barcha uchun o'rganishni majburiy qilmoqda. Masalan, Merilend universiteti 50 ta yangi kamera sotib olib, barcha yo'nalishdagi talabalarga videolar bilan ishlashni o'rgatmoqda.

Ketlin Kulverning aytishicha, onlayn jurnalistika darsini olishga majburlanganidan norozi bo'lgan sobiq talabasi hozir "Facebook"da rahbarlardan biri.

Ko'plab mutaxassislar jurnalistika maktabi eshiklarini jurnalist bo'lishni xohlamaganlar uchun ham ochish lozimligini aytadi. Chunki bu dasturlarda talabalar kommunikatsiya, tanqidiy-tahliliy fikrlash va sifatli yozish sirlarini o'rganadi, deydi Bellisario kolleji dekani Mari Hardin.

Trampning jurnalistlar bilan "it-mushuk" bo'lishi jurnalistika maktablari foydasiga ishladi. 2015-yildan 2018-yilgacha jurnalistika sohasiga hujjat topshirganlar soni olti foizga o'sdi.

Jurnalistika sohasini bitirgan odamlar noan'anaviy yangi kasblarga o'tib bormoqda: ijtimoiy tarmoq prodyuseri, video uzatuvchi, ijtimoiy tarmoq bo'yicha mutaxassis kabi lavozimlar shular jumlasidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG