Breaking News

Pompeo Bryusselda: NATO o'z faoliyatini ko'rib chiqishi kerak


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan, Bryussel, 20-noyabr, 2019
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan, Bryussel, 20-noyabr, 2019

Bryusselda NATO rahbariyati bilan muloqot qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo deydiki, har bir tashkilot vaqti-vaqti bilan o'z ishini qayta ko'rib chiqishi kerak bo'lganidek, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti bugungi faoliyati asosiy maqsadlariga qanchalik monand ekanini tahlil qilishi zarur.

NATO o'zi nima uchun vujudga kelgan va bugun nimalar bilan mashg'ul? Bu masalani oldin Prezident Donald Tramp ham ko'targan. NATO a'zolari orasida AQShning bunday tanqidiy pozitsiyasiga nisbatan qarshilik kuchli.

Fransiya rahbari Emmanuel Makron fikricha, Vashingtonning NATO faoliyatini savolga tutishi asossiz. Bu alyans - xavfsizlik bloki, tinchlikni himoya qilish uchun tuzilgan va hozir ham shu yo'lda ishlaydi, deydi Makron. Uning aytishicha, AQShning tashkilotdagi roli va nufuzi pasayib ketgan.

Oq uyga ko'ra esa AQSh NATOga yetakchilik qilishda davom etadi. Fransiya prezidentining fikriga qo'shilmagan Germaniya xavotir bildirib, a'zolarini o'zboshimchalikka berilmaslikka, har bir qadam ittifoqning barcha a'zolari bilan muhokama qilingan va kelishilgan holda qo'yilishi lozim, deya eslatib turibdi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg nazarida a'zolar orasidagi gaplarga muhokama sifatida qarab, hammaning niyati ezgu ekaniga urg'u berish kerak.

Stoltenberg tahlilicha ham NATOda bugun savdo, iqlim, Eron va Suriya borasida pozitsiyalar keskin va turlicha.

"Lekin kelishib olishimiz, bir-birimizni tushunib, olg'a qadam tashlashimiz kerak, chunki xavfsizlik Yevropa va AQSh uchun birlamchi masala", - deydi u.

NATOga a'zo 29 davlatning rahbarlari 3-4 dekabr kunlari Londonda uchrashadi. Prezident Tramp unda Yevropa mamlakatlari va Kanadadan tashkilot uchun ko'proq mablag' ajratishni talab qilmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG