Breaking News

Katta yoshda boshqa mamlakatga ko'chishning past-balandi nimada?


Keksa vatandoshlardan saboqlar: Smail Ospanov hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:50 0:00

Nyu-Yorkda minglab o'zbekistonliklar yashaydi. Ular orasida AQShda o'z o'rnini topgan vatandoshlar ko'p. AQSh fuqaroligini olganlar yangi vatanlariga ota-onalarini ham ko'chirmoqda. Keksayganda immigrantga aylanishning ham o'z talablari bor.

Vatandosh: Har qanday yoshda yangi hayot boshlash mumkin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:00 0:00

“Men 2004-yil AQShga ko'chib kelganman. Ikki qizim shu yerda yashaydi. Ular ilgariroq kelishgan. Shularning ortidan kelganmiz”- deya hikoya qiladi 69 yashar Smail Ospanov.

Farzandlari ortidan AQShga kelgan, Nyu-Yorkning Kvins tumanida yashovchi Ospanov immigratsiyada hayotini qayta boshlagan.

“Amerikaga kelganda ko'p odamlar qiynaladi, albatta. Birinchidan tilini va bu yerdagi hayot tarzini, bu jamiyatda o'zingizni qanday tutishni bilmaysiz. Shuning uchun albatta qiyinchiliklar bo'ladi. Bizda ham bo'ldi”, - deydi otaxon.

Ospanov AQShga ko'chib kelganda 54 yoshda edi. 1950-yilda Buxoroning Konimex tumanida tug'ilgan otaxon mehnat faoliyatini sovxozda oddiy hisobchilikdan boshlagan. Toshkent Qishloq xo'jaligi instituni agronomiya yo'nalishini bitirib, O'zbekiston SSRning turli vazirliklari va kommunistik ijroya hokimiyatining katta-kichik bo'ginlarida ishlagan.

O'zbekiston mustaqillikni qo'lga kiritganda Ospanov qishloq xo'jaligi sohasida yetuk mutaxassis bo'lgan. 1990-yillardan keyingi davrda ham qishloq xo'jaligi sohasida mas'ul vazifalarni egallagan. Amerikaga ko'chib kelishidan oldin u 7 yil Navoiy viloyati Konimex tumani hokimi, 2 yil viloyat hokimi o'rinbosari vazifalarida ishlagan.

“2004-yildan oldin bir necha marotaba bu yerga kelib ketganman. Amerikani qanaqa davlat ekanligini, bu yerda nima qilish mumkin nima qilish mumkin emasligini bilardim.Shu payt Amerika men uchun yangilik emasdi”- deydi Ospanov.

Lekin farzandlari chaqirgani uchun u uy-joydan qilnalmadi.

“Men kelganimdan ishga chiqib ketganman. Ikkinchi marta kelib ketganimda bu yerda bir kun ham ishsiz o'tirish mumkin emas ekan deb aytgandim. Boradigan joyingiz yo'q, do'st-birodaringiz yo'q. Uyda o'tirib qolsangiz tushkunlikka tushasiz. Shuning uchun bolalarimga kelishdan oldin aytganman, borsam bir kun ham o'tirmayman, ishga chiqaman. Kelgandan keyin bir do'stimizning mebel do'koni bor ekan shu yerga “gruzchik” (yuk tashuvchi ischi) bo'lib ishga kirdim. Mebel yig'dim, mebellarni odamlar uyiga tashidim. Xullas yarim yilcha shu joyda ishladim. Yana boshqa do'stlarimiz qurilishga taklif qildi. Men qurilishda ishlagan odam emasman. Qishloq xo'jaligida paxta, bug'doy ekish, sigir-qo'y boqish bilan shug'ullanganman. Bir umr. Amerikada qurilishda ishlab ketdik. Uy-joylarni ta'mirladik, buzdik. Qurilish sohasida ancha-muncha mutaxassisliklarni, hunarni o'rgandim. Bo'yoqchilik, pol qoqish, plitkalarni taxlash va hokazolar”- deydi Ospanov.

Otaxon ikki yil qurilishda ishlagach charchadi. Shunda muhojirotdagi hayotining yangi sahifasini ochdi. U o'z biznesini boshladi va bir o'q bilan ikki quyonni urdi. Pul ishlashni kanda qilmasdan til o'rgandi.

“O'ylab, maslahatlashib kichik tijorat ochib oldim. Nyu-Yorkda katta yo'llarda kofe sotadigan “telejkalar” turadi, shunaqa ko'chma kofe do'koni olib Kvins kollej oldida 7 yil turib studentlarga xizmat qildim. Studentlarga xizmat qilish ham juda qiziq. Ular bilan gaplashasiz, suhbatlashasiz. Ular sizdan har xil gaplarni so'raydi. Bir qiziq jihati men O'zbekistondan desangiz 99 foizi tushunmaydi. Pokiston, Afg'oniston deyishadi. O'zbekiston qanaqa davlat ekanligini, ilgarigi sovet davlatining bitta respublikasi edi deb ularga tushuntirardim. Menga yordam bergani suhbat jarayonida tilni ham ozgina o'rganib oldim” - deya eslaydi u.

Otaxon va Lyudmila Ospanovalar farzandlari yangi vatanda o'z o'rnini topayotganidan mamnun.

“Bolalarimning bittasini biznesi shu yerda. Katta qizim davlat ishiga o'tib ketdi. Prokuraturada ishlaydi. Kichkina qizimni o'z ustaxonasi bor. U sartarosh. Umr yo'ldoshim o'zim bilan birga. Pensiyadamiz. Vatanga borib kelamiz. Bir ikki marta Qozog'istonga borib keldim” - deydi suhbatdoshimiz.

O'zbekiston bir umrga qalbining tubida va u joylarni hech qachon unutmaydi. U ota yurtining bugungi tashvishlarga sherik.

“Biz o'sha yerda tug'ildik, o'sdik, o'sha yerda katta bo'ldik. O'sha yerda xizmat qildik. Bizning ota yurtimiz o'sha yer. Millatimiz qozoq bo'lgan bilan... Mendan so'rashadi, kimsan deb men aytaman- “buxarskiy qozoq”. Shunda buxoro yahudiysimisan deyishadi. (Kuladi) Shunaqalar ham bor. Tushunmaydi. Bizlar O'zbekistonning qozoqlaridan. Taxminan 2 million qozoq yashardi O'zbekistonda, hozir qolgan bo'sa 1 million bordir, qolganlari ko'chib ketdi” - deydi Ospanov.

Televizor, smartfon, kitoblar va ko'zoynak. Smail ota ularni o'zidan uzoqlashtirmaydi. Internet orqali u doim vatandagi voqea-hodisalardan xabardor.

“Afsus negativ xabarlar ko'proq. Har kuni bunday xabarlarni o'qiyapman. Hozir bo'layotganlaridan, mana “Ozodlik” radiosi yozdi Qoraqalpogistonda, Xorazmda, Buxoro viloyatida paxta pripiskasi bo'lyapti ekan. Pripiska nima degan narsa? O'tib ketdi-ku, bilamiz-ku “Paxta ishi”ni. Uyat emasmi? Shunga mening jonim achiydi. Nima uchun va kimga kerak shu narsa? Kimning bir burda noni ikkita bo'ladi? Bir-birini aldash. Nima keragi bor? Uyat ish-ku bu. Men qishloq xo'jaligida ishlaganim uchun buni qabul qilmayman. Yoki katta hokimning jurnalistlarga qarata aytgan gaplari, balki u yaxshi odamdir, men tanimayman, lekin aytgan gapi odamning tili emas bu. Yoki Farg'ona, Andijon va bir ikkita boshqa viloyatlar hokimlari so'kinishlari, rayon hokimlarining odamlarni so'kib urganlari, bitta katta vazifada ishlagan amaldorning odamlarni suvga tiqib qo'yganlari. Fermerlarni yerini tortib olishi. Bu qonun qayerda? Qani qonun? Hokim deganlar xudo bo'lib ketdi-ku. Hech kim hokimga tegmaydi dedi, kattakonimiz, o'shandan noroziman. Keyin esa hokimlar qonun bilan ishlaydi dedi. Bu nimasi? Xohlasa, bugun qonunni ishlatadi, xohlasa ishlatmaydimi? Mana shu tomoni meni ranjitadi” - deya o'ksinadi suhbatdoshimiz.


Otaxon televizor orqali Amerikadagi siyosiy hayotni ham kuzatadi.

“Bu yerdagi hayotni yaxshi ham yomon ham deb ta'riflab bo'lmaydi. Bu davlat boshqa dunyo. Biz o'rganib qolgan O'zbekistondan boshqa dunyo. Demokratiya, qonunlar ishlaydi. Politsiyani ko'rsangiz qo'rqmaysiz. 7 yil tijorat qildim. Ishonsangiz, mening yonimga bitta tekshiruvchi kelgani yo'q. Faqat sog'liqni saqlash vazirligidan, bizning sanepidemstansiyaga o'xshagan xizmatdan tekshiruv keladi. Lekin siz bilan gaplshmaydi. Suvingizni ham ichmaydi. Bildirishini yozadi, jarimani bo'yningizga qo'yadi ketadi. Dodingizni hech kimga aytolmaysiz. Qonun ishlaydi. Shuning uchun qonunlarni buzmasangiz, qonunga bo'ysunsangiz juda yaxshi. Ishlayman deydigan odamga sharoit juda yaxshi”, - deya tushuntiradi u.

Ospanov undagi ochiqlik, yon-atrofida bo'layotgan o'zgarishlarga tanqidiy nazar bilan qarash qayta qurish davridan meros ekanligini yashirmaydi. Ummon ortida farzandlar kamolini ko'rib yashayotgan otaxon yangi vatanda topgan va yo'qotganlarini ham sanab o'tadi.

“Amerikada topganlarimiz... Materialniy tomondan boyib ketdik deb aytolmayman. Amerikada ijara haqqi juda katta. Oladigan pulimiz ko'p emas, lekin hayotga yetadi. Moshina ham mindik, hozir keragi yo'q. Chet ellarga bordik. Yevropaga, Amerikaga. Xudo xohlasa Yaponiya va Xitoy tomonlarga ham borib kelish niyatimiz bor. Amerikada yashaydigan odam uchun bu qiyin emas. Amerikada juda ham kam maosh oladiganlarning ham sayohat qilishga qurbi yetadi. Biz Karib basseynidagi ko'p mamlakatlarda bo'ldik. Meksikaga sayohat qildik. Kanada, Yevropa, Turkiyada bo'ldik. Biz o'rta pog'onadan kamroq daromad olib yashaymiz”,- deydi Ospanov.

“Er- xotin o'rta tabaqadagi ishda ishlaganda ham 40-50 ming topganda ham, bu Amerikaning o'rtacha ko'rsatkichi, bu yaxshi. Bizga o'xshagan kambag'allarda ham, o'zimizni kambag'aldek his qilmaymiz lekin bunday imkoniyat bor”, - deydi u.

“Yo'qotganlarimiz faqat vatan sog'inchi. Atrofingizda yurgan odamlardan hammasini eshitasiz. Ikkinchidan o'zimizning tug'ilib o'sgan joyimizning iqlimi ham sharoiti ham bizga ma'qul. Mening o'zim Qizilqumda tug'ilgan, bu yerdagi do'stlarga aytib kulib yuraman yalangoyoq qumda yursam edi, deyman”, - deya sog'inchini yashirmaydi otaxon.

“55 yoshda emmigratsiya qilish bu kech. Emmigratsiya qilaman degan odam 20-25 yoshda bu qarorga kelishi kerak manimcha. Tilni o'rganadigan darajada bo'lish kerakda. Perspektivangiz bo'ladi. 10 yilcha yaxshi o'qisangiz hammasi kelajakda yaxshi bo'lib ketadi. Mening bolalarim shunday qildi. O'qidi, o'qidi va yaxshi natijalarga erishdi. Nabiralarim ham shu yo'l bilan borayapti, o'qiyapti, ishlayapti”.

Otaxon o'zining 69 yoshida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda nabiralaridan ortda qolyapti deb bo'lmaydi. U ijtimoiy tamoqlarda faol. Feysbukda o'z sahifasini yuritadi. O'z bilganlarini O'zbekiston ravnaqi uchun befarq bo'lmaganlar bilan bo'lishyapti. Va bu fikr-mulohazalar kommunistik tuzum issiq-sovug'ini ko'rib ulg'aygan, mustaqillik boshida rahbarlik tajribasini orttirgan, endi ochiq jamiyatda yashayotgan bir o'zbekiston o'gloniga tegishli.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG