Breaking News

Xalqaro infratuzilma loyihalarini qo'llovchi AQSh tashabbusi ish boshladi


Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" iqtisodiy loyihasi aks etgan bannerlar, Pekin, Xitoy, 2018-yil, 29-iyun
Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" iqtisodiy loyihasi aks etgan bannerlar, Pekin, Xitoy, 2018-yil, 29-iyun

G'arb davlatlari Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" infratuzilma loyihasiga muqobil rejani taqdim eta oladimi?

AQSh yetakchiligida boshlangan "Blue Dot Network" loyihasi shu maqsad yo'lida tashlangan qadam sifatida baholanmoqda.

Bu tashabbus infratuzilma loyihalari uchun to'g'ridan to'g'ri moliya ajratmaydi, ammo ularga boshqa bank va moliyaviy institutlardan mablag' olishni osonlashtiruvchi sertifikat berish bilan shug'ullanadi.

"Blue Dot Network" boshqaruv qo'mitasining ilk uchrashuvi Vashingtonda bo'lib o'tdi. Unda Avstraliya, Yaponiya kabi bir qator xalqaro hamkor davlatlar vakillari ham ishtirok etdi.

AQSh davlat kotibining iqtisodiy taraqqiyot, energiya va atrof-muhit bo'yicha o'rinbosari Kit Krachning aytishicha, loyiha "ulkan potensial"ga ega.

"Afrika, Janubiy Osiyo, ASEAN davlatlari, Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyodan 60 dan ortiq davlatlar bilan ikki tomonlama muloqotlar o'tkazdik. Ular bu masalada bizning yetakchiligimizni juda xohlashadi", - dedi u.

"Blue Dot Network" loyihalarga to'g'ridan tog'ri mablag' kiritmagani bois uning qanchalik ta'sirchan kuchga ega bo'lishi savol ostida.

"A'zolik eshigi hech kimga yopilmaydi. Bu ochiq platforma", - dedi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi o'rinbosari Met Pottinjer.

Hozirda tashabbusga AQShning 60 milliard dollarlik kapitalga ega Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi yetakchilik qiladi. Hukumatga qarashli Xalqaro hamkorlik bo'yicha Yaponiya banki va Avstraliya Tashqi ishlar departamenti ham hamkorlar sifatida loyihaga qo'shilgan.

Xitoy qarshilik ko'rsatishi kutilyapti

AQSh boshlagan bu tashabbus Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" loyihasi salmog'i oldida juda kichik. Xorijiy mamlakatlarda infratuzilma qurilishini moliyalashni ko'zlovchi Xitoy tashabbusi 140 ga yaqin davlatni o'z ichiga oladi va bir necha trillion dollarlik mablag' sarflanishi ko'zlangan.

"AQSh boshlagan ishga Xitoy qarshi kurashishi aniq", - deydi Osiyo Taraqqiyot bankidagi sobiq AQSh elchisi Skip Or.

Kuzatuvchilarning aytishicha, "Blue Dot" loyihasining qanchalik muvaffaqiyatli chiqishi haqida gapirishga hali erta.

"Bir kamar, bir yo'l" loyihasi Xitoyning Osiyo Infratuzilma investitsiya banki uchun eng muhim ishga aylangan. Orning aytishicha, Xitoy bu loyihada qatnashayotgan ba'zi davlatlarning AQSh tashabbusiga o'tib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun himoya choralarini ko'rishga harakat qiladi.

Pottinjerning qayd etishicha, "Blue Dot Network" a'zo davlatlarning infratuzilma loyihalari uchun mablag' topish imkoniyatini oshiradi va unga a'zolik yoki a'zo bo'lmaslik moliyaviy yordam olish yo'lida to'siq hisoblanmaydi.

Kelajakdagi hamkorlar

AQSh, Yaponiya va Avstraliyadan tashqari boshqa mamlakatlar vakillari ham Vashingtonda o'tgan anjumanda ishtirok etdi. Hozircha boshqa davlatlarning ismlari oshkor qilinmagan.

"Boshqa hamkorlarimiz payti kelib e'lon qilinadi", - dedi AQSh yetakchi rasmiysi "Amerika Ovozi"ga.

"Savol shuki, bundan buyon nima qilamiz? Moliyaviy mablag'ni qanday hal qilamiz?", - deydi Avstraliyaning Vashingtondagi elxhixonasi missiyasi rahbari o'rinbosari Katrina Kuper.

AQSh boshqaruv qo'mitasi ishi uchun ikki million dollar mablag' ajratdi. "Katta Yettilik"ka a'zo boshqa davlatlar ham unda ishtirok etish uchun taklif qilingan.

AQSh rasmiylari, ayniqsa, Xitoyga qo'shni va raqobatchi bo'lgan Hindistonning loyihaga qo'shilishidan umid qilmoqda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp shu oy oxirida Hindistonga borishi kutilyapti. uchrashuvda o'zaro savdo va investitsiya masalalari muhokama qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG