Breaking News

AQSh Qatarga fazo kuchlarini joylashtirdi


Qatarning Al-Ubeyd bazasiga joylashtirilgan AQSh fazo kuchlari, 2020-yil, 1-sentabr
Qatarning Al-Ubeyd bazasiga joylashtirilgan AQSh fazo kuchlari, 2020-yil, 1-sentabr

Yangi tashkil etilgan AQSh Fazo kuchlari Arabiston yarimoroliga o’z qo’shinlarini joylashtirmoqda.

Shu maqsadda Qatarning Al-Udeyd havo bazasiga 20 nafar askar yuborilgan. Prezident Donald Tramp tomonidan yaratilgan Fazo kuchlari AQSh qurolli kuchlarining oltinchi tarmog'i bo’lib, 1947-yil Havo kuchlari tashkil etilganidan beri ilk bor ochilgan yangi harbiy bo’linmadir.

Bo'lajak urushlar kosmosda olib borilishi mumkin, ammo Arabiston cho'liga joylashtirilayotgan qism mintaqada Eronning raketa dasturi va sun'iy yo'ldoshlari solayotgan tahdidga qarshi ishlatiladi, deydi kuzatuvchilar.

"Biz mojaroni koinotga olib chiqishga tayyorgarlik ko’rayotgan tajovuzkor davlatlar borligini ko'ra boshladik, - dedi Al-Udeyd bazasidagi fazo qo'shinlari qo’mondoni polkovnik Todd Benson. - Biz raqobatlasha olishimiz va barcha milliy manfaatlarimizni himoya qilishimiz kerak”.

16 ming askardan iborat va 2021-yilgi byudjeti 15,4 milliard dollarni tashkil etgan Fazo kuchlari, ba’zilarga ko’ra, keraksiz va Tramp o’zini ko’rsatish uchun olg’a surgan balandparvoz tashabbusdan boshqa narsa emas.

Lekin kosmik makonni qurollantirish bilan bog'liq xavotirlar o’nlab yillardan beri mavjud. Harbiy mutaxassislar Amerika manfaatlarini himoya qilish uchun kosmik korpusga ehtiyoj borligini aytadi.

1991-yilgi Fors ko'rfazi urushida AQSh harbiylari Iroq diktatori Saddam Husayn kuchlarini Kuvaytdan siqib chiqarishda GPS koordinatalaridan foydalangan. Shundan beri bu sohada raqobatchi davlatlar faoliyati ham jonlandi.

Benson "tajovuzkor" davlatlar kim ekaniga aniqlik kiritmadi. Ammo Al-Udeyd harbiy bazasiga kosmik kuchlarni joylashtirish to'g'risidagi qaror AQSh va Eron o'rtasidagi ziddiyatlarning kuchayib ketishi bilan bog'liq ekani aytiladi.

Tramp Eron yadroviy kelishuvidan AQShni bir tomonlama olib chiqib ketishi natijasida paydo bo'lgan ikki mamlakat o'rtasidagi ziddiyatlar yanvar oyida AQSh kuchlari Eronning yuqori martabali generalini o'ldirganidan so’ng yanada kuchaydi. Eron AQSh hujumi ortidan Iroqdagi amerikalik askarlarga raketa yog’dirdi.

Shu yil bahorda Eronning harbiylashtirilgan inqilobiy gvardiyasi o'zining birinchi sun'iy yo'ldoshini uchirdi. Mutaxassislarga ko’ra, Tehron maxfiy harbiy kosmik dasturi ustida ishlamoqda. Tramp ma'muriyati Eronning kosmik agentligini fuqarolik dasturlari nomi ostida ballistik raketalar ishlab chiqarishda ayblab, unga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Rossiya va Xitoy singari rivojlangan kosmik dasturlarga ega bo’lgan mamlakatlar aslida ko’proq tahdid solmoqda, deya ta'kidlaydi ba’zi AQSh rasmiylari.

O'tgan oy AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Rossiya va Xitoy AQSh sun'iy yo'ldoshlarini urib tushiradigan, xavfli chiqindilarni kosmosga yoyib yuboradigan va uyali telefonlar, ob-havo ma'lumotlari xizmatlari, Amerikaning uchuvchisiz samolyotlari, qiruvchi samolyotlari, aviatashuvchi kemalari va hatto yadroviy qurollarni nazorat qiluvchi tizimlarni falaj qiladigan qurollarni ishlab chiqarayotgani haqida ogohlantirdi.

"Harbiylar sun'iy yo'ldosh aloqasi, navigatsiya va global raketalar xurujidan ogohlantiruvchi tizimlarga juda bog’liq", - deydi Al-Udeyd bazasiga joylashtirilgan kapitan Rayn Vikers.

Uning so'zlariga ko'ra, Amerika qo'shinlari GPS koordinatalaridan foydalanib, Fors ko'rfazining strategik yo'llari orqali o'tayotgan kemalarning boshqa mamlakatlar chegarasiga o’tib ketmasligini ta’minlaydi.

Fors ko'rfazining Hormuz bo'g'ozidan dunyo neftining 20 foizi o’tadi. Bu hudud so’nggi yillarda Eron bilan bog’liq bir qator mojarolarga guvoh bo’ldi. Mintaqada yuz beradigan oddiy bir tushunmovchilik ham global inqirozga olib borishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

AQSh Federal aviatsiya ma'muriyati o’z navbatida Fors ko'rfazi ustidan uchib o’tayotgan tijorat samolyotlari aloqa to’lqinlarida Eron yaratgan to'siqlarga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Mintaqadagi kemalar, shuningdek, Amerika ma'muriyatiga ko'ra, o'zlarini AQSh yoki koalitsiya harbiy kemalari deb da'vo qilgan noma'lum tomonlarning ularga bog’lanishga uringani haqida xabar bergan.

"Buni qilish unchalik qiyin emas, lekin biz Eron va boshqa davlatlar bu narsani katta miqyosda samarali amalga oshirayotganiga guvoh bo’ldik", - deydi Xavfsiz dunyo jamg’armasi vakili, iste’fodagi harbiy Brayn Vayden.

Shunga qaramay, amerikalik rasmiylar kosmik kuchlarning yangi joylashuvi g'ayritabiiy qurollanish poygasini boshlashga emas, balki AQSh manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan, deb ta'kidlamoqda.

Qatarda joylashgan kosmik kuchlar qo’mondoni Bensonga ko’ra, AQSh harbiylari fazoda tinch makon yaratish tarafdori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG