Breaking News

Ekspertlar: Afg'oniston terrorizm o'chog'iga aylanishi mumkin


AQSh va harbiy koalitsiya kuchlari Afg’onistonni tark etar ekan, G’arb rasmiylari terrorizmning qayta jonlanishiga doir ehtimoliy tahdidlaridan ogohlantirmoqda. Xususan, Afg’oniston zamini “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” to’dalari uchun har jihatdan qulay makonga aylanishi mumkin.

AQSh rasmiylari bu ikki guruh avvalgi qudratini yo’qotgan bo’lsa-da, qayta oyoqqa turishi ehtimolini inkor etmaydi. Ularning ta’kidlashicha, “Al-Qoida” safida Afg’onistonda bir necha yuz jangari bor. IShIDning Xuroson guruhi tarkibida esa biroz ko’proq kuch to’plangan.

So’nggi oylarda Xuroson guruhining Afg’onistonda, xususan, shaharlar markazlarida amalga oshirilgan qator yirik teraktlar uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olgani ham muhim signal.

Razvedka va gumanitar soha rasmiylarining ta’kidlashicha, har ikki terrorchi guruh AQSh samolyotlari va dronlarining oson nishoniga aylanmaydi.

“Al-Qoida”, katta ehtimol bilan, o’z ertasini mustahkam aloqalar vositasidaTolibonga bog’laydi. Tolibonning g’azabini keltirmaydigan yo’ldan borishiga ishontirishga urinadi. Afg’onistonni o’z safini kengaytirish va mashg’ulotlar o’tkaziladigan zaminga aylantirish uchun harakat qiladi”, - deydi shaxsini ma’lum qilishni istamagan G’arb rasmiysi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Avvalgi kabi qator hududlarni nazorat qilmayotgan bo’lsa-da, Xuroson guruhi ham kuchlarini tiklash uchun qulay fursat kutib turibdi.

“Xuroson guruhi batamom yo’q qilinmagan. U qiyinchiliklarga qaramay, saflarini to’ldirishga qodir tashkilot. Bir qator holatlarda guruhning kuch-qudratini orttira olganiga, qo’shimcha kuchlarni jalb eta olganiga hamda yanada erkin harakatlanish imkoniyatini yaratishi mumkinligiga guvoh bo’lish mumkin”, - deydi rasmiy.

Shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi”ga xabar bergan Markaziy Osiyo rasmiysining aytishicha, ayni damda Xuroson guruhi son emas, sifatga e’tibor qaratgan.

“Ular saflarini to’ldirish uchun mahalliy infrastrukturani yaratish, logistika, iqtisodiy quvvatlov, o’z faoliyatini dastaklash uchun iqtisodiy infratuzilmani joriy qilish payida. Ayni damda, ularga o’zini portlatishga tayyor jangchi emas, ko’proq informatsion texnologiyalardan xabardor yigitlar muhimroq”, - deydi rasmiy.

Bu tahdidlar borasida AQSh rasmiylari ham bir xil fikrda.

Pentagon joriy yilning aprel oyida taqdim etgan hisobotga ko’ra, Xuroson guruhi Afg’onistonga qo’shni mamlakatlar uchun asosiy muammolardan biri. Terrorchi guruh o’z missiyasini ado etish uchun kuch va imkon izlamoqda.

AQSh razvedkasi ham bu qarashlarni yoqlaydi. Zotan, o’tmishda Xuroson guruhi saflariga qo’shilgan qator jangarilar Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG