Breaking News

C5+1: AQSh Rossiya bosqinchi desa, Markaziy Osiyo tinchlik bo'lsin deyish bilan cheklanmoqda


C5+1 formatidagi dialogning bugungi sessiyasida Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashmagan
C5+1 formatidagi dialogning bugungi sessiyasida Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashmagan

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning bayon qilishicha, bugun Davlat kotibi Entoni Blinken va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining virtual uchrashuvida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida ham gap ketgan.

"Davlat kotibi Blinken Rossiyaning Ukrainaga nisbatan oldindan rejalangan, asossiz va adolatsiz hujumlarini qoralab, bu xalq bilan hamisha birdam ekanimizni izhor etdi", - deydi Prays.

C5+1 formatidagi uchrashuvda Blinkеn AQShning Markaziy Osiyodagi strateguk sheriklarini ikki tomonlama aloqalarning 30 yilligi bilan qutlagan.

Amerika bu davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini quvvatlashini alohida qayd etgan Blinken mintaqa xalqlari bilan rishtalar Vashington uchun bag'oyat muhim, deya eslatgan.

Toshkentdan O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko'ra, yig'inda "iqtisodiyot, xavfsizlik, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan amaliy hamkorlikni mustahkamlash" bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov iqlimdagi salbiy o‘zgarishlarning oqibatlarini yumshatish, mintaqada yashil iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, pandemiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar hamda savdo, investitsiya va transport aloqalari xususida gapirgan.

Qozog'istondan Muxtor Tilovberdi, Qirg'izistondan Ruslan Kazakbayev, Tojikistondan Sirojiddin Muhiddin ham so'zlagan muhokama haqida Nur-Sulton va Bishkek izohlar berar ekan, Ukrainadagi vaziyat alohida muhokama qilingani ta'kidlanadi.

Xususan, Kazakbayev BMT Xavfsizlik kengashining vazifalarini eslatib, tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash uchun zarur qadamlar tashlanishi kerak, deya undagan. Qirg'iziston bosh diplomati Kiyev va Moskvani murosa qilishga chaqirgan. Rossiyaga qarshi G'arb sanksiyalari butun mintaqa iqtisodiyotiga zarba berishi haqida xavotirlar yangragan.

Biroq O'zbekiston va Tojikistonning C5+1 uchrashuvi borasidagi bayonotlarida bu masala yuzasidan lom-mim deyilmaydi, ya'ni Toshkent tashqi dunyo bilan shunday dolzarb jarayon yuzasidan kechgan munozarani xalqqa oshkor etmagan.

Bugun, shuningdek, Jenevada BMT Inson huquqlari kengashi Ukrainadagi og'ir ahvolni muhokama qilib, debat o'tkazish masalasini ovozga qo'yganida O'zbekiston va Qozog'iston vakillari biror taraf uchun ovoz bermagan.

Kengashning aksariyat a'zolari debatni yoqlagan, Xitoy esa Rossiya qatorida qarshi ovoz bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG