Breaking News

Urush global energetika bozorini yangi o’zanga burmoqda


Rossiyaning Ukrainaga ayovsiz hujumlari davom etar ekan, G’arb mamlakatlari energetik mustaqillik borasida bosh qotirmoqda. Davlatlar Rossiyaga energetik qaramlikni to’xtatish uchun muqobil variantlarni izlamoqda.

Moskva siyosatchilari va ekspertlari Rossiya vositasida energetik talablarini qondirayotgan Yevropa Ukrainaga hujumga aralasha olmasligiga ishongan. Biroq Ukraina bosqinidan ikki kun avval – 22-fevral sanasida Germaniya Rossiyaning Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berishga mo’ljallangan 11 milliard dollarlik “Shimoliy oqim – 2” yo‘nalishini sertifikatlashdan bosh tortdi.

Yirik yoqilg’i biznesi kompaniyalari, xususan, BP 27-fevral, “Exxon” 1-mart hamda “Shell” 8-mart kuni Rossiya bozorini tark etdi.

“CNN” xabarlariga ko’ra, AQSh va Yevropa Rossiya bilan neft savdosiga cheklovlar o’rnatar ekan, Moskva o’z nefti va tabiiy gazini muqobil bozorlarga, xususan, Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarga yetkazib berishda jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda.

Tahlilchilarning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Yevropa Ittifoqining qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga o’tishi qisqa fursatda Rossiya ta’sirini pasaytirishga sabab bo’lishi mumkin. AQSh esa mahalliy manbalardan neft olishni kengaytirishi hamda muqobil xorijiy bozorlar bilan savdo aloqalarini o’rnatish bilan Rossiya variantini chetga surib qo’yishga erishadi.

Xalqaro Energetika agentligi ma’lumotlariga ko’ra, Rossiya neft ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda AQSh va Saudiyadan keyin uchinchi o’rinda. 27 mamlakat a’zo bo’lgan Yevropa Ittiffoqi gaz ipmortining 40 foizi, neft importining esa 25 foizi Rossiya ulushiga to’g’ri keladi.

Yevropa toza energiya ishlab chiqaruvchi texnologiyalarni yaratishni tezlashtirishi, shu tariqa, Rossiya nefti, ko’miri va gaziga qaramlikka barham berishi lozim, deydi Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

“Oddiy aytganda, bizga oshkora tahdid uyg’otayotgan tomonga qaram bo’la olmaymiz”, - dedi u 8-mart kuni Rossiya gazi importini to’xtatishga qaratilgan “RePowerEU” loyihasiga start berilar ekan. Loyihada, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalari ham nazarda tutilgan.

Biroq ekspertlar nazdida, toza energiya infrastrukturalarini yaratish vaqt talab qiladi. Yevropaning Rossiya gazi importiga bog’lanib qolgan Italiya va Germaniya kabi mamlakatlari bu qaramlikdan oson kecha olmaydi.

Ekspert Xenri Lining “Amerika Ovozi”ga tushuntirishicha, Yevropa Ittifoqi maqsadlari uzoq muddatga mo’ljallangan. Yaqin fursatda esa Yevropa xalqi muammolar bilan yuzlashishga majbur.

AQSh esa Yevropaga nisbatan Rossiya nefti va gaziga deyarli qaram emas. Neft importining 3 foizi Rossiya ulushiga to’g’ri keladi. Vashington Rossiya tabiiy gaziga xaridor emas.

Ekspert Lining ta’kidlashicha, AQSh tabiiy gaz resurslariga boy. Shuning uchun ham Yevropadagi kabi narx o’sishi bilan yuzlashmaydi. Biroq global savdo predmeti bo’lgan neft narxi AQShda ham Yevropadagi kabi oshishi tabiiy.

Xalqaro Energetika agentligining bildirishicha, Ukraina urushidan avval Rossiya kuniga 5 million barrel neft eksport qilar edi. Uning 4,3 million barreli Yevropa va AQSh hududiga kirib borar edi. Biroq 2020-yil ma’lumotlariga ko’ra, AQSh eng ko’p neft xarid qilgan mamlakatlar o’ntaligi ro’yxatiga Rossiya kirmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG