Afgʻonistondagi bugungi vaziyat Markaziy Osiyoning hududiy xavfsizligiga jiddiy taʼsir koʻrsatayotgan muhim masaladir. U yerda holat murakkab hamda taxmin qilib boʻlmaydigan vaziyatda qolmoqda.
Bu haqda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov 21-iyul kuni Qirgʻizistonning Issiqkoʻl viloyati, Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining IV Maslahat uchrashuvida soʻzlagan nutqida aytib oʻtdi.
“Bizning fikrimizcha, hokimiyatga toliblarning va u tuzgan hukumatning kelishi jiddiy voqelik hamda biz bu yoʻnalishda hamkorlikdagi harakat liniyasini ishlab chiqishimiz kerak. Shu bilan birga, Afgʻonistonning tinchlik yoʻliga tushishi uchun barcha kuch-harakatimizni sarflashimiz kerak”, - dedi Japarov.
Choʻlponota sammitida ishtirok etgan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham Afgʻoniston mavzusini tilga olib, u yerda sodir boʻlayotgan voqealar nafaqat Markaziy Osiyoga salbiy taʼsir koʻrsatishi, balki Yevrosiyo qitʼasida geosiyosiy muvozanat va kuchlarning oʻzgarishiga olib kelishi mumkin deya oʻz xavotirini bildirdi.
Afgʻonistondagi vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, degan Tojikiston rahbari Tolibon hukumatini turli etnik guruhlarni kamsitish va qattiq diniy konservatizmga qaratilgan agressiv siyosat olib borishda ayblagan.
“Oʻtgan vaqt ichida Tolibon harakati jahon hamjamiyatini va Afgʻoniston aholisini oʻz hokimiyatining qonuniyligi, mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilish hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish qobiliyatiga ishontirish boʻyicha choralar koʻrmadi. Aksincha, vaʼda va kafolatlarga zid ravishda Tolibon barcha siyosiy va etnik kuchlarning keng ishtirokida hukumat oʻrnatilishiga har tomonlama toʻsqinlik qilmoqda”, - degan u.
Qirgʻizistonning “AKIpress” nashri xabariga ko’ra, Rahmonning nutqi yakuniga yetmay efir uzilib qolgan.
“Biroz vaqt oʻtib tiklangan translyatsiyada Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov oʻz nutqini boshlagan”, deb yoziladi xabarda.
Afgʻoniston masalasiga Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham toʻxtalib, uzoq muddatli tinchlikning taʼminlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmak berish boʻyicha yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhim ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi lozimligini aytgan.
“Mazkur muammo xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinishi ham koʻp jihatdan aynan bizga bogʻliq”, - dedi Oʻzbekiston prezidenti.
Qirgʻiziston va Afgʻoniston aloqalari
Qirgʻizistonning Afgʻonistondagi sobiq elchisi Miroslav Niyazov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Qirgʻiziston va Afgʻonistonning avvalgi va hozirgi munosabatlari haqida toʻxtaldi.
Ochiq aytganda, aloqa yoʻq hisobi. Tovar aylanmasi boshqa qoʻshni davlatlarniki 700-800 million dollar boʻlsa, bizning Afgʻoniston bilan tovar aylanmamiz 2 millionga ham yetmaydi.
“Ochiq aytganda, aloqa yoʻq hisobi. Tovar aylanmasi boshqa qoʻshni davlatlarniki 700-800 million dollar boʻlsa, bizning Afgʻoniston bilan tovar aylanmamiz 2 millionga ham yetmaydi. Boshqacha aytganda, tovar aylanmasi yoʻq hisobi edi. Keyinchalik afgʻonistonliklar bilan hamkorlikda Qirgʻizistonning 1200 gektar yeriga dorivor giyohlarni ekdik. Afgʻonlar giyohlarni ekib, undirish borasida qirgʻizlarga yordam berib kelayotgan edi. Bundan tashqari Afgʻonistonning avvalgi hukumati bilan qimmatbaho toshlarni qayta ishlash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi kutilayotgan edi. Ammo afsuski, Toliblar hukumatga kelgach, bir qator iqtisodiy rejalar amalga oshmay qoldi. Lekin yaqinda Tolibon hukumati Qirgʻiziston Vazirlar mahkamasi bilan telefon orqali suhbatlashib, avvalgi rejalarni amalga oshirish boʻyicha kelishdi. Endi buning natijasi qanday boʻlishini kutamiz”, - deydi sobiq elchi.
2021-yilning 15-avgustida Kobulni egallab, hokimiyatni bosib olgan Tolibon hukumati shu vaqtga qadar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan emas. Qirgʻizistonda ham hamon Tolibon taqiqlangan harakat maqomida qolmoqda.
Ammo boshqa tomondan Qirgʻiziston hukumati oʻtgan yili Kabulga va Afgʻonistonning Badaxshoniga gumanitar yordam yuborgan.
Xalqaro aloqalar boʻyicha ekspert Chinara Esengulning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afgʻonistonga gumanitar koʻmak koʻrsatilishi Qirgʻiziston soʻzlashuvlarga ochiq ekanini koʻrsatuvchi bir signaldir.
“Ammo ayni vaqtda Tolibon - sanksiya ostida turgan harakat. Boshqa davlatlar tan olmagan bir vaqtda, biz uni davlat qatori tan olishimiz kerak degan fikrdan uzoqman. Lekin umumiy olganda aloqalarni uzmay, kerakli darajada soʻzlashuvlarni olib borishimiz kerak. Albatta, u yerdagi vaziyatni kuzatib turish kerak. Ammo Qirgʻizistonning Afgʻoniston bilan aloqalarida juda katta oʻzgarishlar kutilmaydi deb oʻylayman”, - deydi Chinara Esengul.
Miroslav Niyazovning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻizistonning Afgʻonistondagi asosiy eʼtibori Kichik va Katta Pomirdagi afgʻon qirgʻizlariga qaratilgan.
“Ashraf Gʻani davrida bizning taklifimiz bilan afgʻon hukumati 10 million Pomir qirgʻizlariga yordam berib kelgan. Hozir ham bizning hukumat Afgʻonistondagi qirgʻizlarga yordam berishga harakat qilmoqda. Pomirda yashagan qirgʻizlar Qirgʻiziston bilan Afgʻonistonni bogʻlab turuvchi asosiy masala. Shu bilan birga, Afgʻoniston juda boy davlat. Asta-sekin oʻzaro aloqalarni mustahkamlab, Afgʻoniston bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun hukumat strategik rejalarni ishlab chiqishi kerak”, - dedi sobiq elchi “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida.
Markaziy Osiyo liderlarining maslahatlashuv kengashi Qirgʻizistonda 20-21-iyul kunlari oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarining maslahatlashuv kengashiga Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarovdan tashqari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jo’mart Toqayev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo liderlari turli mavzularni muhokama qilib, bir qator hujjatlarni imzoladi.
Bu Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvi toʻrtinchi bor oʻtishi. Oʻtgan yili mazkur kengash majlisi Turkmanistonda boʻlgan edi. 2023-yilda esa Tojikiston poytaxtida oʻtishi aytildi.
Facebook Forum