Manxetten Federal sudida o’zbekistonlik immigrantga nisbatan sud jarayoni boshlandi.
2010-yil “Grin karta” dasturi bilan AQShga ko’chib kelgan o’zbekistonlik Sayfullo Soipov 2017-yil 31-oktabr kuni Nyu-Yorkning quyi Manxetten tumanida ijaraga olingan yuk mashinasini qasddan odamlar ustiga haydab, 8 kishini o’ldirganlikda ayblanmoqda.
Xuruj sodir etilganda 29 yoshda bo’lgan Sayfullo Soipov o’z ishi yuzasidan mahkamada ko’rilayotgan ko’plab ayblovlarni tan olmagan.
Soipov aloqador xuruj 2001-yil 11-sentabr terror hujumidan so'ng Amerikada yuz bergan eng qonlisi ekani aytiladi.
Asli o'zbekistonlik 35 yashar Soipov 2017-yili Manxettenda Xellouin paradi o’tadigan kun yuk mashinasi bilan velosipedchilar yo'lagida odamlarni bosib ketishi ortidan qo'lga olingan. Xuruj oqibatida 8 kishi o’lgan, 11 kishi og’ir tan jarohatlari olgan.
Halok bo’lganlarning 2 nafari AQSh fuqarosi, 5 nafari argentinalik sayyohlar, 1 nafar ayol belgiyalik bo’lgan.
Mash’um voqea yuz berganidan bir necha kun o’tib xuruj uchun mas’uliyatni "Islomiy davlat" jangari guruhi o'z zimmasiga olgan.
Prokuratura iddaosiga ko’ra Soipov Bruklin ko’prigiga xuruj uyushtirishni ko’zlagan va o’z maqsadini amalga oshirish uchun shahar ko’chalarida odamlar gavjum bo’ladigan Xellouin bayrami kunini tanlagan.
Tergov jarayonida Sayfullo Soipov "Islomiy davlat" videolarini ko'rib ilhomlangani va o’z hujumini bir yil oldin rejalashtirishni boshlaganini aytgan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko’ra, Soyipov 2014-yildan boshlab “Islomiy davlat” faoliyatiga Internet tarmoqlari orqali qiziqa boshlagan.
Sayfullo Soipov advokatining aytishicha, u bu hujumni “Islomiy davlat” tashkiloti ko’magida uyushtirmagan va xuruj ortidan tashkilotga a’zo bo’lishni rejalamagan, balki o’lishini kutgan.
9-yanvarda boshlangan sud jarayoni uch oygacha davom etishi mumkin. Mahkama tinglovlari haftaning dushanba, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari Manxettendagi Federal sud binosida bo’lib o’tadi. Mahkamada ayblovning 28 bandi ko’rib chiqiladi. Ularning 8 bandi qotillik, 18 tasi suiqasd uyushtirish, shuningdek, terrorizm bilan bog’liq ayblovlardir.
Aybi tasdiqlansa, Soipovga muddatidan oldin ozodlikka chiqish huquqidan mahrum etilgan tartibda bir umrlik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Biroq AQSh Adliya vazirligi uga o'lim jazosi berilishiga erishmoqchi.
Nyu-Yorkda o’tayotgan ushbu mahkama amaldagi Prezident Jo Bayden davrida o’lim jazosi bilan bog’liq ko’rib chiqilayotgan ilk ish hisoblanadi.
Bayden prezidentlikka kirishar ekan, mamlakatda federal miqyosda o’lim jazosini bekor qilishni va’da bergan. O’lim hukmi so’nggi marotaba AQShda 2021-yilning yanvarida Donald Tramp prezidentligi muddatining so’nggi kunlarida ijro etilgan.
Prokurorlar da’vosiga ko’ra, Soipovning ko'plab odamlarni o'ldirishi, hujumning "jirkanch, vahshiylarcha va yuzsizlik bilan" amalga oshirilgani hamda "Islomiy davlat"ni qo'llab-quvvatlashi Manxetten federal sudiga topshirilgan arizada sanab o’tilgan va bu dalillar o'lim hukmini oqlash uchun xizmat qiladi.
Sayfullo Soipov federal qonunlar asosida sudlanyapti. Nyu-York shtati qonunchiligida o'lim jazosi bekor qilingan.
Facebook Forum